Sahifa yuklanmoqda . . .
Ol - Asarlar - ol so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Bu she'r nozik yumor bilan sug'orilgan bo'lib, u dangasalar va umuman dangasalik haqida. Qizig'i shundaki, unda shoir yalqovlikni illat emas, fazilat deb biladi. U odamlardan dangasalikka qarshi kurashishni emas, dangasalarni tinch qo'yishni so'raydi. Hatto bu yorug' dunyoda dangasalar borligi uchun shukr qiladi. Nega? Buni she'rni to'liq o'qigach bilib olishingiz mumkin.
Mazkur she'r falsafiy ruhda bitilgan bo'lib, unda shoir insonning hayotiga aslida nima xavf solishi haqida teran mulohaza yuritadi. Uning fikriga ko'ra, "Inson o'lmas biri birining o'lishiga bermasa yordam". Nega shunday? She'rni o'qigach, buni o'zingiz bilib olishingiz mumkin.
She'rda o'zbek millati vakillari uchun hazrat Navoiyni o'qish zarurati borasida so'z boradi. Darhaqiqat, hazrat Navoiy asarlari bizga iymon-e'tiqod, or-nomus, vafo-sadoqat, hayo-yu iffat, ishq-u oshiqlikdan saboq beradi. Modomiki, ajdodlari ma'rifatga oshno el farzandlari ulardan bebahra ekan, bu katta kulfat. Shu bois hazrat Navoiy hikmatlaridan ta'lim olmoq bizning burchimizdir.
She'rda qalbning mo'jizakor xislatlari tasvirlanadi. Darhaqiqat, ko'ngil o'z bag'rida dahshatli dolg'alar silsilasini saqlovchi ummon, o'z qa'rida vulqonlarni berkitgan zamin, u bir o'zga olam, butun boshli sayyora. Ammo... ammo uni o'z mehvaridan chiqarib yubormoq uchun atom jangi shart emas, birgina o'ylamay aytilgan kalom ham uni vayron qilishi mumkin!
She'rda tush bilan o‘ng - odamning arosatdagi mudroq, lanj holati ustida gap boradi: lirik qahramon takror-takror tush ko‘radi, tushida mudrab yurgan el ichida yuradi, ular bilan o‘zi ham mudrab asta qadam sudraydi. Darhaqiqat, inson bolasi uchun bu og‘ir ruhiy qiynoq. Koshkiydi, bu shunchaki tush, birgina odamning arosatdagi ruhiy qiynoqlari bo‘lsa! Aslida bu butun xalq boshiga tushgan kulfat! Bu mustabid tuzum sharoitida g‘aflat bosgan bandalar orasida bo‘lgan shaxsning musibati, fojiasi. Shoir yaratganga iltijo qilib, bunday mudhish kechaning-og‘ir qiynoqning oxiri tezroq kelishini iltijo qiladi.
Qadim-qadimdan urushlar tufayli qanchadan qancha odamlar qurbon bo‘lgan, ayollar tul, bolalar yetim qolgan, gullab-yashnab yotgan shahar-u qishloqlar kultepaga aylangan. Shuning uchun ham yuragida odamzodga mehr-muhabbat bo‘lgan har qanday inson hamisha janglarga qarshi chiqqan. "Nido" dostonida ham insoniyat boshiga katta kulfatlar keltiruvchi balo - urush qattiq qoralanadi. Asar avtobiografik xarakterga ega...
Firoq mavzusida bitilgan bu she'rda shoir dastlab uch holat haqida fikr yuritadi: sevishganlarning bir-biridan judoligi, yorning tashlab ketishi, javobsiz muhabbat. Bularning hech biri chinakam firoq emas -, deydi shoir, - zero, bu dardlarning barchasiga davo bor. Ammo chinakam firoq - bu kim bilandir hayotingni bog'lab, bir umr birga yashasang-u, biroq qalban yaqin bo'lmasang... Bu dardga davo yo'q. Negaki chinakam olislik jismlarning emas, qalblarning bir-biridan olisligidir...
Yaxshi she'r hech qanday ta'rif-u tahsinga muhtoj emas. Mazkur she'rda ham shoirning mo'jizakor qalamidan to'kilgan ma'no nozikliklari o'ziga xos tarzda ifoda etilgan bo'lib, u necha yillardan beri xalqimiz qalbidan chuqur joy olib kelmoqda.
Mazkur she'rda shoirning olamni teran nigohlar ila kuzatib, oddiygina hayot manzaralaridan buyuk go'zallik kashf eta olish mahoratini ko'rish mumkin. She'rda sarlavhadan ayon bo'lganidek, tong lavhasi o'ziga xos tarzda g'oyat tabiiy va betakror ifoda etiladi.
Turmushdagi oddiygina holatdan - choy suzilayotganda choynakning piyolaga «egilishi», choy ichayotganda inson piyolaning peshonasidan «o‘pishi» lavhasidan dunyoga kelgan ushbu she'rda eng go'zal insoniy tuyg'ulardan bo'lmish kamtarlik madh etilar ekan, unda shoirning donishmandligi va zakovatini tuyish mumkin.
Mazkur she'rda sof va beg'ubor muhabbat Mirtemirning o'ziga xos sodda va o'ynoqi ohanglarda kuylanadi. Undagi oshiqning xokisorligi va yor yo'lida sobitligi, samimiy tuyg'ulari g'oyat xalqona aks ettirilgan.
Mazkur she'r ishqiy lirikaning yorqin namunasi bo'lib, unda muallifning armon-u alamlar to'la muhabbati, qalb hasratlari ifoda etilgan. She'rda lirik qahramon bevafo yorga murojaat etib: "meni yana o'zingga rom etib, ko'nglimni xohlagan ko'yingga solaman deb o'ylama, sening asl qiyofangdan ogohman. Yaxshisi, mendan uzoq bo'laqol", deydi.
Ushbu asar avtobiografik xarakterga ega. Garchi shoir unda ismlarni o'zgartirib tasvirlagan bo'lsa-da, sinchkov o'quvchi uning dastlabki satrlaridanoq shoirning armonli va alamli muhabbat qissasini ko'ra oladi. «Surat» bir necha lirik she’rlardan tarkib topgan. Ayni paytda ular o‘zaro yagona lirik sujet mehvariga terilgani uchun bizni bir insonning butun boshli taqdiri bilan tanishtiradi...
Mirtemir g'oyat mashaqqatli davrda yashab, shu davrning achchiq tuzidan bebahra qolmagan edi. U butun umri davomida mustabid tuzumning tazyiqini ko‘rib va sezib yashagan. Shuning boisdan uning xastalik kezlarida yozgan ushbu so‘nggi she’rida ifodalangan chuqur mazmunga e’tibor qaratsak, shoirning o‘z dilidagi dard-u armonlari, orzu va havaslarini to‘la bayon eta olmagani kundek ravshan bo‘ladi...
Mumtoz o‘zbek she’riyatida kiprik, odatda, ayol go‘zalligini tasvirlashda poetik obraz sifatida qo‘llanib kelgan. Mirtemir Sharq mumtoz adabiyotining bu doimiy poetik obrazlaridan biriga mutlaqo o‘zgacha g‘oyaviy yuk bag‘ishladi. U o‘zi parvarishlab o‘stirayotgan ijodkor yoshlarni kipriklarim deb atadiki, natijada kiprik poetik obrazi an’anaviy obraz darajasidan ko‘tarilib, yangi zamonaviy mazmun bilan sug‘orildi.
Ushbu she'r shoirning xotini Yorqinoyga, turkistonliklar tili bilan aytganda, To‘rash kelin oyiga bag‘ishlangan. Gap shundaki, 1960-yilda qardosh yozuvchilar o‘rtasida adabiy aloqalarning yaxshi yo‘lga qo‘yilgani bois Mirtemir qirg‘iz yurtiga borib, qardosh yozuvchilarning mehmoni bo‘lgan va shu yerda o‘zining «Qirg‘iz she’rlari» turkumini yoza boshlagan. O‘zbekona tanti tabiatli shoir biror joyga garchand mehmon bo‘lib borgan bo‘lsa-da, ko‘proq mehmonlarga dasturxon yozish va ular ko‘nglini olishni sevgan. Bunday paytlarda shoirning sayohatga birga borgan xotiniga aslo tinim bo‘lmagan...
O‘zbek qishloqlari hamisha to‘kinlik va saxovat ramzi bo‘lgan. Qishloqqa borgan odam hech qachon e’tiborsiz qolmaydi. Mehmonni otaday ulug‘lash, unga bor mehrini berib, ehtirom ko‘rsatish qishloqlarimizda azal-azaldan qolgan udum. Har bir xonadon egasi uyiga kirgan qo‘noqni tansiq taomlar bilan siylashga harakat qiladi, borini mehmonning oldiga to‘kadi. Mazkur she’rda ham shoir qishloqning o’ziga xos qiyofasini chizadi.
Bu she’r ham bolalik xotiralari bilan hayotiy kuzatishlarning uyg‘unligi asosiga qurilgan. Lirik qahramon – yosh yigitcha, chor atrofda bahoriy iliqlik kezgan nahor pallasi - erta tongda qishlog‘idagi jar ustiga qurilgan osma ko‘priklardan o‘tib, o‘t-o‘lanlari toptalmagan qirlariga oshiqadi. Undagi ko‘katlar bargida, nihollar kurtagida, g‘o‘za yaproqlarida inj-u dur-marvarid misol yaltirab, jilvalanib turgan shudringni kuzatadi…
Ushbu she’rda shoir to’rg’ay qushini tongni ardoqlaguvchi, hayotni maqtaguvchi ezgulik darakchisi sifatida ko’rsatadi.Bu shunchaki qushni maqtash, uning bir xislatini namoyish etish emas. Balki to‘rg‘ay misolida shoirning o‘ziga va o‘z hamkasblariga «haqiqiy shoir o‘z xalqining ovozi bo‘lishi, uni ezgu ishlarga chorlashi, yorug‘ tuyg‘ularni kuylashi kerak» degan murojaatidek tuyuladi...
Ushbu she'r onalar sha'niga bitilgan madhiya bo'lib, unda onaning xokisorligi, mushfiq va mehribonligi, farzandi uchun hamma narsaga tayyorligi ifodalangan.
To‘ra Sulaymonning «Iltijo» she’ri bahorga bag‘ishlangan. She’rning dastlabki bandida kelinchak bahor kelishi bilan tabiatda yuz beradigan o‘zgarish va jonlanishlar tasvirlanadi. Biroq banddan bandga shoirning bahorga iltijosi tobora kengroq ko‘lam, borgan sari chuqurroq mazmun kasb eta boshlaydi. Endi bahor bir fasl nomigina emas, balki tansiq tuyg‘ular mujassam, ezgulikning ramzi bo‘lib gavdalanadi.
Lahza nima? Ko‘z ochib yumguncha o‘tadigan fursat. Go‘yo e’tiborga, diqqatga arzimaydi. O‘z umrini poyonsiz deb o‘ylaydigan aksariyat odamlar uchun lahzaning sariq chaqalik qimmati bo‘lmasligi ham mumkin. Biroq... Biroq shoir bu she'ri orqali butun insoniyat hayoti - uning quvonch-u tashvishlari, hatto qismati ham mana shu lahzalarga jo ekanini favqulodda misollar bilan isbotlab beradi.
«Monolog» she’ri sevgi-muhabbat mavzusi mutlaqo yangi nuqtayi nazardan turib yoritilgan, talqin etilgan o‘lmas asar hisoblanadi.She’r lirik qahramoni shunga qadar hamma qulluq qilib turgan, ta’rifiga tahsinlar keltirayotgan sevgiga... qarshi bosh ko‘taradi...
Inson bolasi yaralibdiki, qullikka, erksizlikka, mutelikka qarshi kurashib keladi. Tabiatan erk farzandi bo‘lgan shoir uchun o‘zidan minglab yillar ilgari o‘tgan insonlar qismati ham begona emas. U erksizlikning har bir qurbonini o‘z tug‘ishganiday ko‘radi, zolimlardan ularning xunini so‘raydi. Mazkur she'r go‘yo Usmon Nosirning o‘zini kutayotgan og‘ir erksizlik, surgun zulmatlariga oldindan ko‘targan isyonidek yangraydi!