Sahifa yuklanmoqda . . .
(Menga soat taqdim etgan jiyanim mayor
Hamidulla Husan o’g’liga bagishlangan)
G’uncha ochilguncha o’tgan fursatni
Kapalak umriga qiyos etgulik,
Ba’zida bir nafas olgulik muddat –
Ming yulduz so’nishi uchun yetgulik.
Yashash soatining oltin kapkiri
Har borib – kelishi bir olam zamon.
Koinot shu damda o’z qo’rasidan
Yasab chiqa olur yangidan jahon.
Yarim soat ichida tug’ilib, o'sib,
Yashab, umr ko’rib, o’tguvchilar bor;
Ko’z ochib yumguncha o’tgan dam qimmat,
Bir lahza mazmuni bir butun bahor.
Bir onning bahosin o’lchamoq uchun
Oltindan tarozu, olmosdan tosh oz.
Nurlar qadami-la chopgan sekundning
Barini tutolmas ayuhannos ovoz.
Yigit termuladi qizning ko’ziga,
Kiprik suzilishi, mayin tabassum...
Qo’sha qarimoqqa muhr bo’ladi
Hayotda ikki lab qovushgan bir zum.
Yashash darbozasi ostonasidan,
Zarhal kitob kabi ochilur olam.
Tiriklik ko’rkidir mehnat, muhabbat,
Fursatdir qilguvchi aziz, mukarram.
Qatrada osmon aks etganidek,
Jahonday ma’nodor qorachig’imiz.
G’olib asrimizga quyoshdan mash’al,
Zamon qo’rasining so’nmas cho’g’imiz.
G’alaba amri-la mag’lub nemisning
Generali qo’l qo’ydi. Uch sekund faqat...
Shu mal’un imzoda odamlar o’qur
Million yil fashistning umriga la’nat.
Aziz asrimizning aziz onlari,
Aziz odamlardan so’raydi qadrin.
Fursat g’animatdir, shoh satrlar-la
Bezamoq chog’idir umr daftarin.
Shuhrat qoldirmoqqa Gerostratdek,
Diana ma’badin yoqmoq shart emas,
Ko‘plarning baxtiga o’zlikni jamlab,
Shu ulug’ binoga bir g’isht qo’ysak bas.
Har lahza zamonlar umridek uzun,
Asrlar taqdiri lahzalarda hal.
Umrdan o’tajak har lahza uchun,
Qudratli qo’l bilan qo’yaylik haykal.
Hayot sharobidan bir qultum yutay,
Damlar g’animatdir, umrzoq soqiy.
Quyoshki falakda kezib yuribdi,
Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy.
1945
(1903-1966) Falsafiy obrazlilik, umumbashariy ezguliklarning san’atkorona tarannumi shoir ijodining eng muhim fazilatlaridan sanaladi. Sharq va G’arb ilg’or madaniyatining chuqur bilimdoni bo’lgan G’afur G’ulom nasriy, publitsistik, tarjima asarlari bilan ham o’zbek adabiyoti tarixida o’ziga xos ibratli iz qoldirdi.