Sahifa yuklanmoqda . . .
Musalsal g'azallar - Mumtoz she’riyatda g’azal shoirning salohiyati ko’lamini anglatuvchi asosiy janr hisoblangan. Har bir ijodkorning maqomi uning g’azalchilikdagi mahorat darajasi bilan belgilangan. Mazkur to'plamdan g'azalnavis ijodkorlarimizning eng sara musalsal g'azallari o'rin olgan.
Sakkiz baytli bu g‘azal asrlar osha el orasida mashhur bo‘lib kelyapti. G‘azalning boshidan oxirigacha har baytda kutilmagan timsol, ifoda va tasvir ishlatiladi. Baytdan baytga o‘tgani sari lirik qahramonning oshiqlik o‘ti balandlab borganini ko‘ramiz. Oxirgi ikki baytda oshiq yor ishqida jondan kechishga tayyor turganini bildiradi. Bu ham ishqning kamolga yetganini ifodalashning bir yo‘lidir.
Oshiqlar hamisha yorning vafosizligidan shikoyat qilib kelganlar. Avvalo, bu yerdagi yorning ham, vafoning ham ma’nosi g’oyat keng. Bu umrning vafosi, dunyoning vafosi, davlatning vafosi va hokazo. Bularning bari bitta maxrajda -Allohda to’liq jam bo’ladi. Lekin shoir o’z niyatini naqadar istig’no bilan ifoda etmoqda: hamma bemorlari dardiga darmon topib berayotgan jonon nega uning holiga parvo qilmaydi? Uni kasal hisoblamaydimi? Axir, hijron tunida sham emas, uning joni yonmoqda, giryon ko’zlaridan yosh o’rniga qon oqmoqda.
Ushbu g'azal favqulodda tasvirga ega. Odatda, she’riyatda inson xatti-harakat va ruhiy holatlarni tabiiy hodisalardan o’rganganligi tasvirlanardi. Bu o’rinda kutilmagan badiiy holat yuzaga keladi. Ya’ni tentaklik daryosi tug’yonni, toshqinni, guvillashni she’r qahramonidan o’rganganligi tasvirlanadi. Shu tariqa baytma-bayt fikrni rivojlantirib borgan shoir so'nggi baytda mumtoz ishqiy lirika tajribasida kamdan-kam bo’ladigan holatni beradi. Ya’ni oshiq dardiga davo topganini ifoda etadi...
Ko'ngil naqadar nozik va nafis xilqat. Mazkur g'azal yordan ayri ko'ngilning iztiroblari ta'rifiga bag'ishlangan. Ifoda baytma-bayt kuchayib borar ekan, o'quvchi hijron azobining naqadar tubsiz ekanini chuqur his etib boradi va "hajrdin dardi va lekin vasldin darmon yo‘q" oshiqning yurak sirlariga sirdosh tutinadi.