Sahifa yuklanmoqda . . .
Qishlog‘im, nechog‘lik suluvsan bugun,
Yashilga burkanib, yashnabsan shuncha.
Nechog‘lik to‘kissan, nechog‘lik to‘kin,
Meni o‘rab oldi xayol, tushuncha:
Qay qo‘raga kirsang — eshigi ochiq,
Bir nima tatiysan, qo‘ymas aslo och.
Qoraqumg‘on qaynar, yozilur chochiq,
Zog‘orami, so‘kmi, yovg‘on yo umoch.
Borini ayamas, barini qo‘yar,
Yupqami yo go‘ja, talqon, qo‘g‘irmoch,
Qurutmi yo jiyda - o‘rtaga uyar,
Juda bo‘lmaganda qatig‘-u ko‘moch.
Agar so‘ygan bo‘lsa kecha bo‘rdoqi,
Qozonda qovurdoq, o‘rtada ko‘za.
Danak, qovunqoqi, suzgun ko‘z soqi,
Yo qimiz suzilur, yo achchiq bo‘za.
Agar so‘ygan bo‘lsa uloq yo qo‘zi,
O‘ho‘, no‘xat sho‘rva yoki kulchatoy.
Juda qashshoq bo‘lsa — bor yaxshi so‘zi,
Shundoq yaxshi so‘zki, go‘yo sarimoy.
... Yoramazon aytar edik ba’zi kez,
Shom payti, chang-tutun qishloq ko‘chasi,
Pul oshimi, to‘qoch — olib chiqar tez,
Tonggacha jaranglar oydin kechasi.
Kelin yo‘lin to‘sib machit oldida,
Aylanishar edik yoqib alanga.
Hammasi qolarkan go‘dak yodida,
Boshdan sochilguvchi turshag-u tanga.
Qish kuni to‘y-u bazm yo yayov uloq,
Yo nargi qishloqdan nogahon qorxat.
Esimda go‘daklik — unutilmas choq,
O‘sha kunlarimdan qalbimda bor xat...
Qishlog‘im, tag‘in ham suluvsan bugun,
Tag‘in ham suyuksan, mening ardoqlim.
Nechog‘lik to‘kissan, nechog‘lik to‘kin,
Dunyo turguncha tur, qo‘li qadoqlim.
Millat turmush tarzi, dunyoqarashi va orzu-intilishlarining betakror qirralarini o’zga ijodlardan farqli xalqona bir yo’sinda o’zbek badiiyatiga olib kirgan hassos, donishmand shoir. She’riyatida so’zning inja ma’no nozikliklari, qadim va turkiyona mavqelari qad rostlab, shoirning fusunkor, zakiy hikmatlariga xizmat qiladi.