Sahifa yuklanmoqda . . .
Sevgi! Sening shirin tilingdan
Kim o‘pmagan, kim tishlamagan?
Darding yoyday tilib ko‘ksidan,
Kim qalbidan qonlar to‘kmagan?
Seni yaxshi bilaman, go‘zal,
Petrarkani o‘qiganim bor.
Buyuk Rimning Sapfosi azal
Xayolimni oshiqday tortar.
Bilamanki, Tasso bechora
Rohat ko‘rmay o‘tgan bir umr.
Ey makkora qiz, Leonora ,
Nomi qora bilan yozilgur!..
Balki, guldan yaralgan pari
Tosh ko‘ngilli Beatriche :
-Gadosan, - deb qochmasa nari
Dante baxtli bo‘lardi picha!
Balki, Hamlet oydin tunlarda
Ofeliyani erkalatardi.
Balki, uzun sochini silab
Azongacha ertak aytardi.
Agar xiyonatni bilmasa,
Ezmasa fojia yuragin!
Yo‘q! Yo‘q, shoir! Gar shunday bo‘lsa,
Shekspirning yo‘qdir keragi!
Dezdemona , gunohsiz dilbar,
Jigar qonlaringni ichgan kim?
Bilaman, Otello , bilaman,
Otello haqlimi?.. Shoir - jim!..
Jim!.. Ufqdan botar quyoshni
Shart kesilgan boshga o‘xshatdim.
Parcha-parcha kuygan shafaqlar
Tirqiragan qonni eslatdi!
Qanday qo‘rqinch! Qanday qabohat!
Mumkin emas hech qiynalmasdan!
Aqlidan ozganmi muhabbat?
Mumkin emas, qarshi turmasdan!
Mumkin emas, ey, oliy janob,
Necha yurakni aylab xarob.
Shohona toj kiygan muhabbat,
Mumkin emas! Qanday qabohat!
Ki, odamning o‘ziniginamas,
Hissini ham xarob qilsa davr!
Qiynalaman!.. Yuragimda hovur...
Bu - qarshilik! Yo‘q! Gina emas.
Bu - qarshilik! Ko‘ring tarixni.
Umr tepasida musht tuygan...
Qiynalaman vijdon bilan man,
Mumkin emas, qarshi turmasdan!
O‘z zimmamga katta ish oldim:
Ehtimolki, tamom qilmasdan –
Umrim tugar. Ammo, bo‘lmaydi
(Ko‘nglim o‘rniga hech tushmaydi).
Senga qarshi bosh ko‘tarmasdan
Asrlarni yig‘latgan sevgi!!!
1933
(1912-1944) Qisqa umr ko'rgan bo'lishiga qaramay, o'zidan jahon adabiyotining eng yaxshi asarlari qatoridan o'rin olishga arzigulik asarlar yozib qoldirgan mashhur o'zbek shoiri va dramaturgi. Usmon Nosir nafaqat adabiyotni, balki dunyo tarixi, falsafasi, san’atini ham chanqoqlik bilan o‘zlashtirishga, buyuklarga ergashib ijod qilishga oshiqardi.Shu bois uning bitiklarida katta g‘oyalar, badiiy tafakkurning erkin parvozlari, fikrning o‘tkir yolqinlari yaqqol aks etardi.