Sahifa yuklanmoqda . . .
Ol - Asarlar - ol so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Mazkur g‘azalda jafokash yordan shikoyat, u bergan azoblardan zorlanish g‘oyat o‘ynoqi yo‘sinda ifodalanadi. Aks ettirilayotgan hayotiy holat, ruhiy vaziyatning zalvori bilan ifoda tarzining yengilligi o‘rtasidagi ziddiyat she’rning ta’sir kuchini oshiradi.
«Tanobchilar» satirasi amaldorlar zulmiga yo‘liqqan dehqonning arz-dodi bilan boshlanadi. Asarda kambag‘al chorakor dehqon mehnatini suiiste’mol qilgan, ularni aldab katta zararga tushirgan Sulton Ali va Hakimjon kabi hiylakor mahalliy amaldorlar qiyofasi shoir tomonidan o‘tkir, ta’sirchan misralarda fosh etiladi.
Bu she’r Komilning el orasida g‘oyat mashhur bo‘lib ketgan muxammaslaridan biridir. Unda olamda yordan o‘zga kimsani ko‘rmayotgan, ko‘rishni istamayotgan fidoyi oshiq holati juda samimiy va ishonarli ifoda ettirilgan. Oshiqqa ma’shuqaning barcha jihati mukammal, nuqsonsiz tuyuladi. U to‘g‘rida o‘ylagani sari mehri jo‘shib ketadi. Uning bu ruhiy holati o‘ta nazokat bilan she’r musiqasiga singdirilgan.
Ushbu muxammasda shoirning olam va odam haqidagi o‘ylari aks etgan. Bunda shoir inson ma’naviy dunyosi borasidagi mushohadalarini ishqiy qobiqqa solib beradi.
Ushbu g‘azalda Komilning muhabbat domidagi oshiq holatini tasvirlash mahorati qanchalik yuqori ekanligi namoyon bo‘ladi. Shoir she’rning har baytida ifodalanishi ko‘zda tutilgan asosiy ma’noni aks ettiruvchi so‘zni takrorlash yo‘li bilan alohida bir satr holiga keltiradi. Bu usul g‘azalda ko‘zda tutilayotgan asosiy ruhiy holatga e’tibor tortadi.
Mazkur g‘azalda shoirning ma’rifatdan, pokiza tuyg‘ulardan yiroq zamondoshlari haqidagi nadomatlari ifodalangan. Shoir baxillarga ezgulik haqida gapirib, ovora bo‘lmaslik lozimligini zo‘r anduh bilan qayd etadi.
Bu g’azalda shoir afsonaviy shoh Jamshidday iqbolli sultonning ariq ochishga otlanishi tufayli odatda qurib yotadigan ekinzorlar obi hayotga limmo-lim bo‘lganini ifodalaydi. Shoir hukmdor tomonidan yangi ariqning ochilishini aks ettirish asnosida dehqonchilik va sug‘orishga tegishli jo‘ngina bu tadbirning kishilar turmushini yaxshilashdagi ulkan ahamiyatini his etadi va unga katta baho beradi.
Ushbu g’azalda shoir qush qanoti bilan parvoz etgani kabi inson ham faqat kamolot tufayligina yuksalishi mumkin ekanligini juda ta’sirchan yo‘sinda aks ettiradi.
Ushbu murabba’ adabiyot ixlosmandlari o’rtasida juda mashhur bo’lib, dastlabki misralardanoq chuqur dard, qayg’uli ohang kishini o’z og’ushiga oladi. Ammo aynan shu dard o’quvchini o’ziga maftun qiladi. Zero, dard insonlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi sehrli kuchga ega…
Ushbu g’azal Fuzuliy she’riyatining yuksak cho’qqilaridan biridir. Unda Alloh jamoliga chin dildan intilgan oshiq holati butun shiddati, to’foni, harorati bilan berilgan. Darhaqiqat, vasl beradigan shifoning qadrini hajr sababli bemor bo’lgan oshiqdan, zavq-shavqning tiniqligi va shirinligini yor diydoriga tashna odamdan so’ramoq kerak.
Mazkur tarji’band tasavvufiy mazmunga yo‘g‘rilgan ijtimoiy-falsafiy ruhdagi asardir. Tarji’bandda dunyo omonat binoga, bo‘yi, vafosi yo‘q gulshanga, jafokor tuban ayyoraga o‘xshatiladi va insonni unga ko‘ngil berib, aldanib qolmaslikka chaqiriladi.
Ogahiy ijodida uning «Ogohnoma» qasidasi salmoqli o’rin tutadi. Bu asar Muhammad Rahimxon Soniy, ya’ni Feruz Xiva taxtiga chiqishi munosabati bilan bitilgan. Qasida shohga tabrik va otasining o’limi uchun unga hamdardlik bilan boshlanadi. Ogahiy boshqa qasidago’ylar singari yosh hukmdorni maqtab, xushomad tulporini maydonga surmaydi, balki yurt boshqarish yuzasidan aniq va foydali o’gitlar beradi.
Ushbu g’azalni o’qir ekansiz, unda ifodalangan oshiqning samimiy so’zlari sizni beixtiyor o’ziga maftun etadi. Yor o’z jafolari bilan oshiqqa qancha zulm qilmasin, oshiq uchun bu azoblar ham rohat bo’lib tuyuladi va buning uchun yorga “Sallamno - tasanno” deydi.
Himmat nima? Ba'zilar uni faqat kimgadir nimadir bera olish fazilati deya tushunadilar. Yo'q, faqat bugina emas. Aslida himmat - bu o'zingizdan-da baland bo'lmoq. Ya'ni o'z istaklaringizni, aniqrog'i, nafsingiz istaklarini yengib o'tmoqlikdir. Mazkur g'azal bizga ushbu masalada saboq beradi.
Shoirning muhabbat lirikasida ushbu g'azal o’ziga xos maqomga ega. Bu she’rda oshiq ma’shuqadan marhamat kutadi. Yordan hajr tunida fig’on chekayotgan oshiqqa rahm etishni o’tinadi. Mahbuba shu qadar sitamkorki, uning jabri zo’rligidan oshiq joni tanasini tashlab ketar holga yaqinlashib qolgan...
Ushbu g'azal Ogahiy lirikasidagi eng e'tiborli g'azallardan biri sanaladi. Uning lirik qahramoni taqdiri ham o'zgacha. Oshiq tun-u kun ishq o'tidan nola-fig'on chekadi, jon-u jismi azoblanadi. Hatto u shu qadar ko'p ko'zyosh to'kadiki, bu yoshlar qirg'oqsiz ummonga aylanadi. Ammo ma'shuqadan hech qanday javob yo'q. U oshiq holiga beparvo yuraveradi. Ammo bir kun unga oshig'ing ishqingda daryo-daryo ko'zyosh to'kib o'ldi deyishadi. Shunda qiz javob beradi: "Mening ham ko'zyoshlarim daryo-daryo"...
Mazkur g'azalda shoir dilbarning afsonaviy tasvirini beradi. Uning olamni gado qilgulik portretini chizadi. Shu asnoda oshiqni unga bog’lab turgan insoniy rishtalarni ham ko’rsatadi. Oshiq javobsiz, umid qilmaydigan muhabbati bilan yorga intiladi. U ma’shuqaga yetishishdan emas, balki intilishning o’zidan masrur...
Nodirabegimning hijron haqidagi she’rlari orasida «Firoqnoma» asari kuchli tug’yonlari bilan alohida ajralib turadi. Ushbu she'r ijodkorning hayotidagi og'ir judolik va u tufayli shoira qalbida paydo bo'lgan iztiroblarni tasvirlaydi. She’rda firoq iskanjasida to’lg’anayotgan qalb, falak sinovlari oldida ojiz-u notavon oshiq holati g’oyat ta’sirli ch’izilgan.
Mazkur tarje'band Nodirabegimning qalb qo'ridan to'kilgan hislarni: otashin tuyg'ular, o'y-mulohazalar, dard-u alam, faryod-u fig'on,
Ushbu g'azal favqulodda teran fikrlarga boyligi, ifodaning kutilmagan tarzda yorqinligi bilan kishini o’ziga tortadi. She’rning lirik qahramoni dunyoni imtihon etishga, "Sayri chamani jahon" etib ketishga chorlanadi. Asarning eng yuqori nuqtasida shoira "Sen dunyoga nima uchun kelding?! Buni amalda ko'rsatib ket!" deya xitob etadi...
Olamdagi odamki bor ehtiyojmand, ya’ni nimagadir muhtoj. Birov baxtga, birov davlatga, birov e’tiborga, boshqasi muhabbatga, kimlardir Alloh visoliga, o’zgasi nafsga ehtiyojmand. Ushbu g'azal ana shu mavzuda bahsga chorlaydi.
Ushbu chistonda shoira anor predmetini yashirgan bo'lib, bu obraz orqali u xon haramidagi kanizlar hayotiga nozik ishora qilgan.
Tarji’band Muhammad Alixonga shikoyat shaklida yozilgan. Og’izdan-og’izga o’tib kelgan ma’lumotlarga qaraganda, Uvaysiy Qo’qonda Nodirabegim in’om etgan hovlida yashab turganida, Qashqardan kelgan Hasan degan uysiz baqqolga omonatga joy beradi. Biroq u ko’p o’tmay, tovlamachilik yo’li bilan ushbu hovlini o’ziniki qilib olishga erishadi...
Mazkur g'azal hasbi hol ruhida bo'lib, unda Uvaysiy o'z qalbining eng inja sirlarini qalamga olgan. Uni o'qish orqali siz shoiraning ko'ngil olamiga sayr etasiz.