Sahifa yuklanmoqda . . .
Ol - Asarlar - ol so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Siz g'ayrioddiy voqealarga ishonasizmi? Axir biz har kuni odatiy voqealarni boshdan kechirishga o'rganib qolganmiz. Ammo bu g'ayrioddiy hodisalarni inkor etishga asos bera olmaydi. Mazkur hikoya ham dunyoga dong'i ketgan adibning ana shunday g'ayrishuuriy mavzuda bitgan asaridir.
Qing'ir ishning oxiri voy. U qanday ko'rinishda bo'lishidan qat'i nazar. Ammo inson ba'zida bir qabih ishini yopish uchun ikkinchi bir qabihlikka qo'l uradi. Oqibatda esa buning jabrini o'zi va yaqinlari ko'radi. Ushbu hikoyada ham o'z qilmishini yashirishga uringan auditorning topgan g'ayrioddiy chorasi uning o'z hayotiga qanday ta'sir qilgani tasvirlangan.
"Odamlarga beg'araz kulgi ulashib, ularning qalbidan g'uborlarni ketkazuvchi hazil chinakam hazil, aks holda, u bema'nilikdan o'zga narsa emas", deydilar. Ushbu hikoya qahramonlari ham katta odamlar bo'lishiga qaramay, ana shunday bema'nilikni o'ziga odat qilgan kishilardir. Hikoya bilan tanishish jarayonida ba'zi hazillarning tagi zil ekaniga o'zingiz ham amin bo'lasiz.
Kutilmaganda notanish odamdan kelgan xat insonga qanday ta'sir qilishi mumkin? Buning ustiga xatda g'ayrioddiy so'zlar bitilgan bo'lsa... Albatta, bu xat mazmuni va xatni olgan insonning o'sha paytdagi holatiga bog'liq. Zero, bunday maktublar inson kayfiyatiga jiddiy ta'sir etibgina qolmay, uning hayotini butunlay yangi o'zanga burib yuborishi ham mumkin. Ushbu hikoya bu fikrning yaqqol isbotidir.
"Iste'dod yetarli darajada qadrlanmagan joyda fojia yuz beradi", degan edi faylasuflardan biri. Mazkur hikoya orqali ham ushbu hikmatning nechog'li to'g'ri ekanini ko'rish mumkin. Asarlarining qiymati muharrir tomonidan o'ta past baholanishi yozuvchini nimaga yetakladi? Hikoyani o'qigach buni bilib olishingiz mumkin.
Oddiygina kitob do'koni sotuvchisi nimani orzu qilishi mumkin? Juda ko'p narsani, albatta. Kutilmaganda bu inson o'z kutubxonasida qimmatbaho haykalcha saqlayotganini bilib qoladi. Nihoyat, omad unga ham kulib boqadi va u kimoshdi savdosi orqali mo'maygina daromadni qo'lga kiritadi. Ammo bu pullar unga baxt keltirmaydi, aksincha, uni qotilga aylantiradi...
Agar kelmoq umid bo'lsa, ketmoq ana shu umidning sinishidir. Ishq yo'liga kirgan insonning umidi yor vasli bo'lsa, ana shu yolg'iz umiddan-da judo bo'lmoq oshiq uchun o'limdan ham og'irroq bo'ladi. Ushbu she'r armon ko'chasi tomon yuz burgan bag'riqon oshiqning yorga aytgan so'nggi dil so'zlaridir.
Sog'inch nima o'zi? Dilga g'am berib, tuganmas azob keltiruvchi davosiz dardmi? Yoki insonning bardoshini toblab, irodasini baquvvat qiluvchi kuchmi? Butun umr sog'inch azobiga mahkum etilgan insonlar baxtsiz kishilarmikan yoki kimnidir sog'inib va ayni damda kimdir sizni sog'inayotganini his etib yashashning o'zi ham bir baxtmi? Ushbu she'rda ana shu sirli tuyg'u - sog'inch manzarasi ifoda etilgan.
"Bulbul kabi nola qilmoq ishq emas, ishq nola qilmaslik bo'lsang yuz harob", deb yozgan edi Umar Hayyom. Darhaqiqat, chin oshiqlik ko'pincha unsiz bo'ladi. Zero, haqiqiy oshiqlarning tillari emas, dillari so'zlaydi. Ushbu she'r ham go'zal bir so'zsiz sevgi qissasini tarannum etadi.
Bahor. Borliqda turfa go'zallik. Olam zarrin nurlar va gullarga burkangan. Barcha bu latofat qarshisida mast. Biroq lirik qahramon qalbi nechukdir bezovta. U atrofidagi go'zallikni yana kimgadir ilinadi. Usiz hayot zavqsiz, olam nursiz, hatto bahor ham g'aribdir. U uchun borliqda faqat bir savol kezadi: "Sen bahorni sog'inmadingmi?.."
Tilla baliqcha dunyoga keldi-yu, og'ir muhit uni o'z girdobiga oldi. Qizig'i shundaki, u boshqa maskanlarni ko'rmagani bois shu muhitga ko'nikdi va sokingina yashay boshladi. Ammo isyonkor shoir qalbi bu holga ko'nikolmadi: "Menga alam qilar, tilla baliqcha bir ko‘lmak hovuz deb bilar dunyoni", deb hayqirdi u. "Tilla baliqcha" asli kim edi? Adabiyot olamida qizg'in bahslarga sabab bo'lgan mazkur she'rni o'qish orqali xulosani o'zingiz chiqaring.
Ushbu she'r "asrlar g'amini kuylovchi" mashhur "Munojot" kuyi ta'sirida bitilgan bo'lib, unda shoirning qalb torlaridan taralgan ko'ngil nidosi ifodalangan. Hayotning achchiq haqiqatlari, dunyoning turfa jumboqlari haqida mulohaza yuritgan shoir "Sen beshik emassan, dorsan, tabiat, Sen ona emassan, jallodsan, dunyo!" deb yuboradi beixtiyor. Falsafiy ruhda bitilgan ushbu she'r o'quvchini chuqur xayolga toldirishi shubhasiz.
Shodlik va baxt kuychisi Hamid Olimjonning „Xayolimda bo’lding uzun kun...“ she’ri yuksak san'atkorlik va badiiy did mahsuli bo'lib,unda poetik kashfiyotni ko‘ramiz, uning mutanosibligidan, qalb torlarini sehrli tebratishidan hayajonga tushamiz, „hiylagar oy, sehrgar dilbar kimnidir yodimizga solib qo‘yganidan“ huzur va soginch tuyamiz.
Hamid Olimjon 1942-yilda «Muqanna» she’riy tragediyasini tugatganidan keyin o‘sha kezlarda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida tashkil etilgan musiqali drama teatri uchun mazkur asarning musiqiy nusxasini tayyorlab bergan va bu asarga aruz vaznida bitilgan bir qancha g‘azallarni kiritgan. «Kuygay» g‘azali ham «Muqanna» musiqali dramasi uchun yozilgan qo‘shiq matni bo‘lib, u spektaklda Guloyin va Muqannaning dueti tarzida ijro etilgan.
She'rning yozilish tarixi shunday: 1937-yilning mart oyida Hamid Olimjon O‘zbekiston hukumat delegatsiyasi tarkibida Qozog‘istonga borgan. Bu paytda Olma-ota qalin qor gilami ostida, chirsillama qish havosi bilan nafas olayotgan edi. Shuning uchun ham mart oyining so‘nggi kunlarida Toshkentga qaytgan shoir o‘z hovlisidagi bir tup o‘rikning chaman bo‘lib ochilib turganini ko‘rib, ilhom og‘ushiga g‘arq bo‘ladi: Derazamning oldida bir tup O‘rik oppoq bo‘lib gulladi...
"...Men uchun nihoyat aziz satrlar... Bu she’r menga bag‘ishlangani uchungina emas, balki ulug‘ shoirning buloq suvlaridek musaffo qalbi mavj etib turgani uchun ham sevaman uni. Bu she’rni o‘qib, hasratlarim, dardlarim, tashvishlarim erib yo‘qolgandek bo‘ladi". (Zarifa Saidnosirova)
Tabiat lirikasining benazir namunasi bo’lmish bu she’rni o‘qir ekanmiz, quyosh botishi oldidagi manzara ko‘z oldimizda butun ilohiy go‘zalligi bilan jonlanadi. Quyosh tog‘lar bag‘riga singib borar ekan, ufq shafaqning qonli ranglariga belanadi. Quyosh botishi bilan lirik qahramonning ruhiy hayotida ham so‘lg‘inlik boshlanib, «umid tosi» singandek bo‘ladi, bu tosning sinayotgan paytdagi ovozi esa uning qalbini shu qadar pora-pora qiladiki, na xayol va na sevgi ro‘yosi lirik qahramonni yupata olmaydi…
"Kecha tog'ang berib ketgan zog'oradan ikkitasini olib qo'yganman, birgalashib choy ichamiz", "Voy o'lay, qutlug' uydan quruq ketasanmi, bolam? Bir nima olib ket", "Xayr, o'g'rigina bolam, kelib tur". Bu tunda uyini o'marish uchun kelgan insonga uy sohibasining aytgan so'zlari edi. Voajab! Kim o'g'riga bunday munosabatda bo'ladi?! Buning ustiga urush davrining og'ir qahatchiligi damlari bo'lsa... Javob bitta: faqat o'zbek ayoli!