Sahifa yuklanmoqda . . .


Nil va Rim

(Tarix kitobidan)

   I

Lampam yonur... Yaralangan qanotday og‘ir

O‘y bosadi. Yuragimda go‘yo sel yog‘ir.

Qiynalaman. Tirishaman. Hushim parishon

O‘tmish, hozir va kelajak ko‘rinur har on.

Tirishaman, butun kuchim ko‘zimga kelar,

Chirog‘imga parvonadek urinar yillar –

To‘rt atrofim to‘lib ketar kuygan qanotga...

Xayolimda: katta sahro, men minib otga —

Shamoldan tez, bulutlardan yengil chopaman;

Kuyib tushgan har qanotdan bir jon topaman.

Termilaman o‘lik ko‘zga (nega qo‘rqayin?).

Barchasidan o‘yib olib ko‘zining oyin —

Termilaman: qichqiradi yillar, odamlar,

Eshitilar menga ular bosgan qadamlar...

II

Sariq qumlar orasidan qon rangli quyosh –

Ko‘tarilar. Nil oqadir - qullar to‘kkan yosh.

Faryodlarga chidolmaydi yer bilan osmon,

Ro qayerda? Azirisa? Qiynaydi Tifon!

Kimga yig‘lab, kimdan madad kutsin bemor qul?

Erki qulfdir, hayoti qulf, bor xudolar qulf!

Kosasida suv yo‘q, quruq xaltasi: non yo‘q!

Botayotgan quyosh kabi rangida qon yo‘q.

Ko‘zida ko‘z yo‘q, belida bel yo‘q, hayhot!

Fir’avn uni chumoliday ezadi: voy dod!..

Fir’avnning hukmi qattiq, fir’avn - xo‘jayin,

Xudolarga u manzurdir, hayoti tayin.

Neki qilsa, o‘zi bilur, o‘zi hukmron,

Misr bo‘ylab Nil oqadur — «qullar to‘kkan qon!»

 

III

To Minisdan Ramzesgacha, Ramzesdan nari

«Malika qiz» - Kleopatra hukmron davri.

Undan tortib... yana uzoq, yana ko‘p yillar

Xarsang bilan yotqizilgan necha ming yo‘llar.

Ko‘zyoshidan, dil toshidan qurilgan haykal

Mag‘rur turar, mag‘rur boqar; hech biron mahal

Na odamdan, na zamondan qo‘rqmas asti u.

G‘azabini yutib olgan qullar dasti bu!

Qullar... (Menman u qullarning o‘lmas avlodi,

Mana menman, u qullarning hech so‘nmas yodi,

Mana menman, falaklarga lov-lov o‘t qo‘yib,

Otalarimning boshidan poydevor uyib,

Ozodligim obidasin qurgan insonman!

O‘sha jonman, o‘sha qonman va o‘sha shonman!)

 

IV

Otim uchar (xayolimda) oldinga doim,

Avval bahor osmonidek yig‘lar gado Rim.

Emchagida bir tomizim suti yo‘q ona

Go‘dagini tosh ostiga bostirdi, ana!

O‘lim yaxshi, odam agar shunday xor bo‘lsa!

Bir parcha non nima o‘zi! Shunga zor bo‘lsa!

Nahot, chaqmoq yondirmaydi butun ochunni?

Kul gardiday umr - tog‘day kulfat uchunmi?

Javob bergin menga, zakki qadimgi Homer,

Ko‘zyoshi-yu qonga rostdan tashnami bu - yer?

Qo‘y, yaxshi chol! Ko‘nglim to‘ldi, gaplashamiz so‘ng,

Bu nimasi? Eshitasanmi, og‘ir, hazin mung?

Hamon yig‘lar yalang‘och Rim, hamon dil ezar,

Hamon tilla qadahda qon ichar Sezar!

 

V

Rim ustida shamsiyadek tumanli osmon,

Katta sirkka sig‘ishmasdan qaynar olomon:

«Odam bilan hayvon o‘yin ko‘rsatar emish...»

(Bunday qiliq bizning uchun qandayin erish!..)

Tishlarini irjaytirib bo‘kirgan yo‘lbars

To‘rt tarafga tashlanadi, talpinib lars-lars.

Och ko‘zlari qonga to‘lgan, sakrab o‘ynaydi...

O, bechora, qoch! U seni tirik qo‘ymaydi!

Ana! Ana, tirnog‘ini nishlab kelar u,

Changal soldi! Xalq o‘rnidan birdan turdi duv...

Chapak chaldi. «Ey, ahmoq Rim, sevinma qonga!

Bundan boshqa xo‘rlik bormi, axir, insonga?» -

Dedi, parcha-parcha bo‘lgan gladiator.

Rim — o‘yindan o‘lim kutgan jinni teatr!

 

VI

Issiq izlar... hamon u isyondan is bordek,

Bulutlarning orasinda yurar Spartak .

Osmon - qalqon, kamon yoyi - chaqmoq, yonar o‘t,

Zulm uchun yig‘i, fig‘on va erksizlik sud .

Javob bersin. Aflotunmi , Vergiliymi, yo -

Boshqa biri, qani kim? Kim mard? Kim guvoh?

Ki, tun qancha qora bo‘lsa, oy shuncha yorug‘!

Spartakning lashkarlari hali ham borur.

Mana menman, u isyonning o‘lmas avlodi,

Mana menman, u qullarning hech so‘nmas yodi.

Mana menman, falaklarga lov-lov o‘t qo‘yib,

Otalarimning boshidan poydevor uyib,

Kelajagim obidasin qurgan insonman!

O‘sha jonman, o‘sha qonman va o‘sha shonman!!!

1935


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 19-Yanvarda yuklangan

2038 marta ko'rildi

14 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
nil rim tarix lampa yara qanot o'y yurak sel hush o'tmish hozir kelajak on kuch ko'z chiroq shamol bulut yil odam qul yosh faryod bemor erk hayot gladiator teatr misr malika hukm ozodlik
Muallif
Usmon Nosir

Usmon Nosir

(1912-1944) Qisqa umr ko'rgan bo'lishiga qaramay, o'zidan jahon adabiyotining eng yaxshi asarlari qatoridan o'rin olishga arzigulik asarlar yozib qoldirgan mashhur o'zbek shoiri va dramaturgi. Usmon Nosir nafaqat adabiyotni, balki dunyo tarixi, falsafasi, san’atini ham chanqoqlik bilan o‘zlashtirishga, buyuklarga ergashib ijod qilishga oshiqardi.Shu bois uning bitiklarida katta g‘oyalar, badiiy tafakkurning erkin parvozlari, fikrning o‘tkir yolqinlari yaqqol aks etardi.

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Nosir She'rlari Usmon Nosir asarlari