Sahifa yuklanmoqda . . .
O'lmas edi balki odamzod,
Bo’lar edi dunyoga ustun.
Aqli bo’lsa jahlidan ziyod,
Sabri bo’lsa nafsidan ustun.
Ajal deya ataluvchi choh
Ichra zinhor tushmasdi odam,
Bo’lsa edi ozgina ogoh,
O’ylabgina qo’ysaydi qadam.
Ish o’ldirmas, ishkal o’ldirar,
Jon zavoli yuz yoshmas, ko’z yosh,
Inson nega dunyodan ketar
Quvlab unga otmasalar tosh?!
Tahqir zahr-u xanjar ila teng,
Tuhmat ortiq o'qdan va dordan.
Inson o'lmas biri birining
O'lishiga bermasa yordam.
Inson o'lmas o’ldirmasa g’am,
Makon qilmas qaro turbatni.
Ko’rsa agar tirigida ham
O’lganida topgan hurmatni.
Olam to’la fitna, adovat,
Mangu qolib netar odamzod?
Bir kun charchab, izlab farog’at
Tinch dunyoga ketar odamzod.
Hozirgi zamon o’zbek she’riyatining taniqli vakili. Aruz va barmoq vaznlarida yozgan asarlari birdek mashhur. Ijodining asosini lirik turning barcha janrlaridagi she’riyati, dostonlari, dramatik asarlari, I.V.Gyote, S.Yesenin, R.Hamzatov singari jahon adabiyoti namoyandalari she’riyatidan qilgan tarjimalari tashkil etadi.