Sahifa yuklanmoqda . . .
G’ayratlilar yelib-yugurib,
Mehnat bilan mudom ovora.
Dangasalar esa o’y surib,
Yotish uchun izlashar chora.
Ishchan azal tinmay yer chopgan,
O'g'ir tuygan, sovurgan somon.
Yalqov o’ylab charxpalak topgan,
Ijod qilgan shamol tegirmon.
Parvoz etsam yuksak samoda
Zamonaviy laynerda bukun.
Rahmat deyman yorug' dunyoda
Dangasalar borligi uchun.
Yo’qsa yurar edik hoynahoy
Hanuz yayov changitib tuproq.
Xo’b yurtim bor, dangasaga boy,
Ishchanidan yalqovi ko‘proq.
Rost aytsam, bu mening ham dardim,
Xolimasman bu kasallikdan.
G’ayrat qilsam bir kasb topardim,
Shoir bo’ldim dangasalikdan.
Bizlar shundoq, bizda yo’q ixlos
Dabdaba-yu as'asalarga.
Ishlang, bizni tinch qo’ying xolos,
Tega ko’rmang dangasalarga.
Hozirgi zamon o’zbek she’riyatining taniqli vakili. Aruz va barmoq vaznlarida yozgan asarlari birdek mashhur. Ijodining asosini lirik turning barcha janrlaridagi she’riyati, dostonlari, dramatik asarlari, I.V.Gyote, S.Yesenin, R.Hamzatov singari jahon adabiyoti namoyandalari she’riyatidan qilgan tarjimalari tashkil etadi.