Sahifa yuklanmoqda . . .


Tavallo

Nelardandir ko‘ngil bo‘lib g‘ash,

Ham egilib, bu egilmas bosh,

Ko‘zlarimda qalqib tursa yosh,

Bu holimga berolmay bardosh,

Bir mushtipar Onam yig‘laydir,

Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

 

Qaytar bo‘lsam quruq qo‘l ovdan,

Qora qozon qolsa qaynovdan,

Ham ayrilib o‘lja, ulovdan,

Qarzga botar bo‘lsam birovdan,

Taskin berib Onam yig‘laydir,

Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

 

Birda haqdin, birda nohaqdin,

Jabr ko‘rsam bir betavfiqdin,

Ortda tursam qalbi quroqdin,

Qadrim xarob bo‘lsa tuproqdin,

Ohlar urib Onam yig‘laydir,

Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

 

Og‘a-ini o‘rtasida gap...

Alhol, kelib chiqsa ixtilof,

Biri izzat, biri mulk talab,

— Bu oq sutim, mehrimga xilof, —

Deya sho‘rlik Onam yig‘laydir,

Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

 

Sinalmoqning gali kelganda,

Nogoh mag‘lub bo‘lsam maydonda,

Nomim qolmas bo‘lsa jahonda,

Kim do‘st-dushman bilinar onda

Ahvolimga Onam yig‘laydir,

Qolganlari yolg‘on yig‘laydir

 

G‘anim bir yon, men bir yon bo‘lsam,

U ustuvor, men uryon bo‘lsam,

Bu ham kamday nogiron bo‘lsam,

Yog‘och otga yonma-yon bo‘lsam,

Oy tutilib, Onam yig‘laydir,

Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

 

Bo‘lsam gumroh, bo‘lsa gunohim,

Vujudimga solmasdan vahm,

Qabul aylab tavallo - ohim,

Darig‘ tutmay mehring, Ilohim,

Yig‘latmagin mushfiq Onamni,

Volidayi muhtaramamni.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 19-Yanvarda yuklangan

6635 marta ko'rildi

18 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
tavallo ko'ngil g'ash bosh ko'z yosh bardosh ona yolg'on qo'l ov qozon o'lja ulov qarz taskin haq jabr qalb qadr xarob tuproq oh og'a ini gap izzat mulk oq sut mehr maydon sinov jahon nom do'st dushman
Muallif
To'ra Sulaymon

To'ra Sulaymon

(1934-2005) O‘zbekiston xalq shoiri, o‘z ijodi bilan o‘zbek she’riyatiga qadim xalqona ohanglarni qaytarishga uringan iste’dodli adib To‘ra Sulaymonning qator she’rlari o‘zbek xonandalari tomonidan qo‘shiq qilib kuylanib, millionlab odamlarning ko‘ngliga kirib bordi. Bu qo‘shiqlardagi o‘zbekona ohanglar tinglovchini o‘ziga rom etadi, qayta-qayta eshitishga chorlaydi.

Batafsil


Yangi She'rlar To'ra Sulaymon She'rlari To'ra Sulaymon asarlari