Sahifa yuklanmoqda . . .
Ol - Asarlar - ol so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Siz Boburning ko'ngil dardlarini chuqurroq anglashni istasangiz, ushbu g'azalni albatta o'qing. Unda bir qarashda yordan ayrilgan oshiqning hijronda chekkan azobi ifodalangandek tuyulsa-da, she'rning asl mohiyatiga kirib borar ekansiz, aslida uning Vatanga bo'lgan tuyg'ulari aks etgan qalb manzarasi ekanini his etasiz.Vatan ishtiyoqi, g’urbat iztirobi Boburga qadar hech bir shoirda bunchalik yorqin va betakror ifodalanmagan edi.
Boburning mazkur g’azalida visol sog’inchi ifodalangan. Shoir kuz manzarasini chizadi. Bu manzara podshoh shoirning taqdiriga mos keladi. Muallifning munosabati hamda tuyg’ulari sharhi she’rdagi sog’inch va dardni, ayriliq fojiasini kuchaytirib boradi. Shoir umrning ayriliqda o’tayotganidan zorlanib, «lolarux» (lola yuzli)dan rahm qilishini o'tinadi. Kuz ko’klamdan qanchalik uzoq bo’lsa, oshiq ham ma’shuqadan o’shanchalik yiroq...
Mo'min kishiga mahzunlik yarashmaydi. Taqdiridan rozi, kelajagidan umidvor kishining qalbiga qayg'u begona bo'ladi. Mazkur g'azal ham o'quvchini doimo xush kayfiyatda bo'lishga ruhlantirib, hayotga kulib boqishga undaydi va ko'nglingizga yorqin hislar bag'ishlaydi...
Mazkur asar ham mutafakkir shoirning eng go’zal g’azallaridan biri bo'lib,unda inson ruhiy holatlari nozikligi, sirliligi tashqi dunyo va odam surati bilan uyg’unlikda g’oyat nozik tasvirlangan. She’rda boshdan-oyoq ranglar jilva qiladi. Shoir tanlagan uch rang: qizil, sariq, yashil - o’zining barcha tovlanishlari bilan namoyon bo’ladi. Tabiatdagi oddiy rang-tusni anglatishdan ijtimoiy, hatto siyosiy ohanglarni ifodalashgacha ko’tariladi. Shoir butun borliqda shu uch rangni ko’radi. Va olamni shu ranglar vositasida ko’rsatadi.
Ushbu g'azal hazrat Navoiyning mashhur g'azallaridan bo'lib, u go'zal tasvir bilan boshlanadi: "Kecha kelaman deb va'da berib ketgan yor va'dasiga vafo etib kelmadi Shu kecha mening ko'zlarimga ham tong otguncha uyqu kelmadi. Har lahza uning yo'liga chiqib termulaverib, jon og'zimga keldi-yu, o'sha yomon xulqli sho'x go'zal kelmadi"...
Ayol - tabiatning eng go'zal xilqati. Agar u o'z xulqida ezgu fazilatlarni jamlasa, uning qadri shunchalar baland bo'ladiki, u bamisoli quyosh singari butun olamni munavvar etib turadi. Ushbu qit'ada buyuk shoir ana shu haqiqatni o'ziga xos go'zal shaklda ifodalab bergan.
Mazkur qit'a ham g'oyat ibratli bo'lib, unda ko'p narsa insonning o'ziga bog'liqligi aytiladi. Darhaqiqat, dunyoda shunday kimsalar ham borki, ularga odamiylik sifatlari mutlaqo begona. Siz ularni "odam" qilaman deb har qancha urinmang, foydasi yo'q. Axir kuchuk bilan xo'tikni qancha tarbiya qilsangiz ham, ular kelajakda faqat it va eshak bo'ladi xolos-ku!
Ushbu qit'a hazrat Navoiyning eng mashhur qit'alaridan bo'lib, unda insoniyat uchun o'ta muhim bo'lgan ezgu amalga undaladi: «Olam uyi»ga -dunyoga kelganingdan keyin kamolotni «kasb et», komil shaxs bo’l. Bu dunyodan kamolotga erishmay ketmoq, ya’ni «g’amnok chiqmoq» hammomga kirib, poklanmay chiqishday gap. Buyuk shoir komillikka erishmaslikni «farz o’lmag’ay» deb juda keskin qo’yadi...
Dardsiz kimsa dard neligin qaydan bilsin?! Sizning holingizni faqat ana shunday holatni boshdan kechirgan kishigina to'liq anglamog'i mumkin. Boshqalar esa, ming harakat qilmasinlar, baribir besamar. Ushbu fard ham hayotning ana shu ko'hna haqiqatidan saboq beradi.
Ushbu ruboiy hasbi hol xarakteriga ega. Buyuk shoir o’z fikr-qarashlari bilan zamonasidan ancha ilgarilab ketgan edi. Uni anglaydigan, tushunadigan kishilar nihoyatda oz edi. Uning uchqur xayoli nurli kelajak, inson sha’nini tahqir etuvchi har qanday mute’likdan, ijtimoiy-ma’naviy bandlardan ozod, obod va farovon istiqbol uzra charx urardi. Ammo hayot boshqacha, xalq zabun edi. Bu hol mutafakkir shoirni tizginsiz savollar ustida o’ylashga majbur etardi.
Ushbu ruboiyda erk tuyg’usi va vatanidan uzoq («g’urbat»)da bo’lgan kishi, ya’ni «g’arib»ning holi ifoda etilyapti. Shoir g’urbatdagi g’aribning quvnoq bo’lishi, begona elning unga shafqat va mehribonlik ko’rsatishi mumkin emasligini tasvirlaydi. Bu fikrni ta’sirliroq qilish uchun ruboiyning so’nggi ikki satrida psixologizm asosiga qurilgan go’zal bir qiyos keltiradi. Chunonchi, bulbulga oltindan qafas yasab, ichida qizil gul ko’kartirib qo’yilsa ham, unga tikanlar orasidagi o’z ini o’rnini bosa olmasligi ko’rsatilgan. Bulbul erkinlikdagina o’zini bulbul his qiladi. Oltindan bo’lsa-da, qafas baribir qafas. Demak, g’urbatdagi kishini har qancha ardoqlamasinlar, u shodmon bo’la olmaydi.
Mazkur g'azal o'zining jozibadorligi va ohangdorligi bilan Gadoiy adabiy merosida alohida ajralib turadi. Unda oshiqning xokisor holati shunchalar samimiy va dilga yaqin tasvirlanadiki, o'quvchi beixtiyor bu tasvirning asiriga aylanadi. G'azal bugungi kunda ham xonandalarimiz tomonidan sevib ijro etib kelinmoqda.
G‘azal tamoman turkona ruhda bitilgan. An’anaviy yetti baytdan iborat. Ishq mavzusi qalamga olingan. Biroq bu yerda zimdan ilohiy ishq ko‘zda tutilganini unutmaslik kerak. G‘azalning tili – sodda, ravon. Murakkab, falsafiy – tasavvufiy so‘z va timsollar uchramaydi hisob. Bugungi o‘quvchi uchun ham tushunarli. Yengil kayfiyat, ayricha bir ishqiy zavq bilan o‘qiladi. Hozirgacha hofizlarimiz bu g‘azalni qo‘shiq qilib kuylayotgani ham shundan bo‘lsa kerak. Bu g‘azal ham mumtoz yo‘lda, ham zamonaviy estrada usulida ashula qilingan.
Ushbu qasidasida shoir Mirzo Ulug’bekning taxtga chiqishini muborakbod etadi, hukmdor shaxsiyatidagi adolat-u jangchilik jihatlari tavsifiga alohida e’tibor qiladi. Uning ovozasini «Sulaymoni zamon»ga, adolatini «No’shiravon»ga, mehribonligini «ato»ga qiyos etadi. Bir so’z bilan «shohi dono» deb ta’riflaydi. Shoir quruq maqtash yo’lidan bormay, tuyg’ularini obrazli tarzda ifodalashga intiladi.
Ushbu g'azalda yorga sitam berishdan charchamaydigan ma'shuqa va boshiga necha-necha sinovlar tushsa ham, yor ko'yidan qaytmaydigan oshiqning poetik surati chizilgan. Oshiqning yuzi hijron azobi va yor noz-u firoqlaridan kahrabo yanglig’ sarg’aygan. «Qani» radifi so’z va rang jilvasiga alohida bir urg’u beradi. Fikr salmog’i va tasvir ta’sirchanligini kuchaytiradi...
Shoir ushbu g’azalida ma’shuqa achchiq-tiziqlaridan, nozlaridan hayratga tushgan oshiq holatini ifoda etadi. U yor g’azabiga duchor bo’ldi, lekin aybi ne ekanini bilmaydi. Shu bois uni savollar qiynaydi. Oshiq o’zini gunohkor sanaydi. Ammo aybi nimadaligidan xabari yo’q. U ma’shuqa meni rashk etayotirmikan degan o’yga boradi. Lirik qahramon -chorasiz, u ishq yo’lida qurbon bo’lishga tayyor. Shu bois qay tarzda, qanday yo’l bilan o’ldirilishi uni ko’pda qiziqtirmaydi. Uning jon saqlash uchun yor qoshidan ketgisi yo’q...
Mazkur g'azalda ajoyib bir manzara chizilgan: shoir gulzorga kiribdi. Anvoyi gullar charx urib, ochilib yotibdi. Yo’q-yo’q, bu shunchaki gulzor emas, gullarning anjumani-yig’ilishi, har bir gul o’zini namoyish etadi, ko’z-ko’z qiladi. Shoir ushbu anjumanda yorning yuzini ta’riflabdi. Gullar xijolatdan-uyatdan qizarib ketibdi. Aslida ular qizil emas edilar, ma’shuqaga qaraganda xunukroq ekanliklaridan uyalib qizargan ekanlar...
Ushbu g'azal yor tasviriga bag'ishlangan g'azallar sirasiga kirib, u Atoyi ijodida alohida o'rin tutadi. She'rda ma'shuqaning go'zal husn-u latofati shu qadar tiniq va jozibador aks ettiriladiki, o'quvchi beixtiyor asarning sohir olamiga kirib boradi.
Muhabbat! Eng nafis tuyg'u! Biz muhabbat mavzusidagi asar deganda o'ta kelishgan yigit va husnda tengsiz qiz o'rtasidagi munosabatlar haqidagi asarlarga o'rganib qolganmiz. Ammo oddiy odamlar o'rtasidagi sevgi-chi? Yoki ularda bunday hislar bo'lmaydimi? Bo'ladi, albatta. Faqat ulardagi tuyg'u shu qadar o'ziga xos, shu qadar betakrorki, u sizni ham maftun qilishi ayon. Odatiy mavzuning yangicha talqini. O'qing. Bu juda qiziq.
Ushbu hikoyada bir inson taqdiri misolida hayotning murakkab qiyofasi, inson umrining silsilalari haqqoniy tarzda yoritib berilgan. Asarni o'qir ekansiz, beixtiyor dunyo, hayot, taqdir, umr mazmuni haqida chuqur mushohadalarga borasiz...
Mazkur hikoya o'zbek adabiyotidagi fantastik asarlar "ota"si Hojiakbar Shayxov qalamiga mansub bo'lib, unda olov qa'ridan chiqqan yigit - Nurbekning boshdan kechirgan ajobtovur sarguzashtlari, yurtni g'animlardan himoya qilish yo'lida ko'rsatgan jasorati va go'zal qizga bo'lgan pokiza muhabbati tasvirlangan.
Shiroq - turon xalqlarining sevimli qahramoni. U o'zi oddiy cho'pon bo'lishiga qaramay, harbiy hiyla yordamida butun dushman qo'shinini yo'ldan adashtirib, o'z yurtini bosqinchilar hujumidan himoya qilgan. Uning bu qahramonligi mashhur tarixchi Polienning "Harbiy hiylalar" asarida ham keltirilgan bo'lib, ushbu hikoyada ana shu mashhur voqea mahorat bilan tasvirlanadi.
"Sobiq" hikoyasida yozuvchi jamiyatimizda, halol kishilarning xatti-harakatlarida paydo bo‘layotgan dabdababozlik, nozarur yumushlarga chalg‘ib, kulgili vaziyatlarga tushib qolishi kabi nuqsonlar ustidan yengil kuladi. Katta maqsadlar yo‘lida intilayotgan yaxshi bir mehnatkash insonni asrab-avaylash, uning kuchidan oqilona foydalanish, har bir odam o‘z o‘rnida bo‘lib, o‘z vazifasini sidqidildan bajarishi lozimligi kabi masalalar hajviy yo‘sinda tasvirlangan vaziyatlar orqali anglashiladi.
«Qoplon» hikoyasi satirik asarning yaxshi namunasi bo‘lib, kishilardagi xushomadgo‘ylik, laganbardorlik, o‘z manfaati yo‘lida andisha-mulohazaga bormay surbetlarcha ish tutishi, odamlarni amal kursisiga qarab munosabat ko‘rsatishi kabi yaramas illatlar tanqidiga bag‘ishlangan. Hikoyadagi Qurbonboy obrazi misolida yozuvchi o‘zini hali tanimagan rahbarlar pinjiga kirishning nozik yo‘llarini topib olgan, hech bir istiholasiz laganbardorligini oshkora ko‘rsatib yurishdan orlanmaydigan, vaqti kelganda shartta yangi boshliqqa xizmat qilib ketaveradigan oriyatsiz, ablah bir shaxs qiyofasini ko‘rsatib beradi.