Sahifa yuklanmoqda . . .


Firoq haqida

Sen yiroqda,
Yoring yiroqda,
O`rtanadi joning firoqda,
Tugab borar bardosh — saboting,
Uchay desang, yo`qdir qanoting.
Sevar yoring vasliga mushtoq
Kechalaring o`tadi uyg`oq...
Ammo g`amdan boshingni bukma,
Shahlo ko`zdan yoshingni to`kma.
Dilbar, buni firoq dema hech,
Yorim mendan yiroq dema hech.
Chunki oro kirib joningga,
Bag`ring bir kun kelar yoningga.

Seni nohaq
Ranjitdi yoring,
Yo o`zgadan rashk etdi yoring.
Nolishingga quloq solmadi,
Izhoringdan ko`ngli qonmadi.
Ketdi boqmay hatto qayrilib...
Sen buni ham dema ayriliq.
Dil o`rtama, yig`lama aslo.
Sen bu hijron zulmati aro
Pok sevgingni aylagin chiroq, —
Visol bilan almashur firoq.

Sen sevasan,
Sevmaydi yoring,
Yor ko`ngliga yetmaydi zoring.
Sevganingni yoki bilmaydi,
Yo bilsa ham ko`zga ilmaydi.
Ayriliqda yonasan biroq —
Sen buni ham atama firoq.
Chunki sevging bo`lsa agar chin
Hijronlarni qilar chilparchin.
Ishon faqat, hech tolmay ishon,
Ishonch bo`lsa chekinar hijron...

Yoring bo`lsa
Yoningda doim,
Yoring bo`lsa — ko`rkam, muloyim,
Har oningni kechirsang birga,
Birga bo`lsang butun umrga,
Hayot qurib ulab jonga jon,
Yashasang-u yillar yonma-yon —
Ammo bo`lsa ko`ngillar yiroq,
Dunyoda yo`q bundan zo`r firoq.
Bu firoqqa sira yo`q davo,
Bu firoqqa yo`liqma aslo!

1961


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 15-Fevralda yuklangan

269 marta ko'rildi

4 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
firoq yiroqlik yor jon bardosh sabot qanot vasl sevgi mushtoqlik kecha g'am ko'z yosh dilbar ranj rashk nolish izhor ko'ngil ayriliq dil hijron zulmat chiroq visol zor ishonch hayot umr davo
Muallif
Erkin Vohidov

Erkin Vohidov

Hozirgi zamon o’zbek she’riyatining taniqli vakili. Aruz va barmoq vaznlarida yozgan asarlari birdek mashhur. Ijodining asosini lirik turning barcha janrlaridagi she’riyati, dostonlari, dramatik asarlari, I.V.Gyote, S.Yesenin, R.Hamzatov singari jahon adabiyoti namoyandalari she’riyatidan qilgan tarjimalari tashkil etadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Erkin Vohidov She'rlari Erkin Vohidov asarlari