Sahifa yuklanmoqda . . .


Nido

(bag‘ishlov)

Hayqiraman,

Tog‘lar bag‘ridan

Gumburlagan sado keladi,

Ona Yerning otash qa’ridan

«O‘g‘lim!» degan nido keladi.

«O‘g‘lim!»

Vujudimni chulg‘ar alanga,

Bo‘g‘zimga tiqilar hayajon. –

Mana men, o‘g‘lingiz,

Dardli olamga

Sizdan tanho yodgor,

So‘ylang, otajon!

So‘ylang, bir daqiqa quloq solayin,

Ovozingiz tinglab to‘yolmaganman.

Bir marta yo‘qotib topolmaganman,

Xayolimda tiklab olayin.

Otajon!

Men axir qutlug‘ bu so‘zni

Yigirma yil olmadim tilga,

Yigirma yil saqladim dilda.

Armonli o‘g‘lingiz tinglaydi sizni,

So‘ylang, eshitaman.

Vujudim tilka,

Yuragimni yoqar o‘tli iztirob,

Ammo ko‘zlarimda bir tomchi yosh yo‘q.

Bag‘rim o‘yib,

Bu kun menga bermoqda azob

Sizning ko‘ksingizni teshgan qora o‘q.

Silqib oqayotir

Ko‘kragimdan qon.

Qalbim o‘rtamoqda so‘ngsiz armonim...

Yurak qonim bilan bitgan dostonim

Sizga bag‘ishladim,

Otajon!

 

* * *

Xayolning tumanli pardasi aro

Yillar ko‘z oldimda charx urayotir.

Qishloq ko‘chasidan zanjiday qaro

Olov bolaligim yugurayotir.

Dunyo qayg‘usiga bo‘lmagan oshno,

Qah-qah urayotir, Barq urayotir.

Bilmas, boshi uzra bulutli samo

Chaqmoq chaqayotir,

Guldurayotir.

Bilmas, yaralangan bu majruh dunyo

Qasos so‘rayotir, Bong urayotir...

 

Qadamlar,

Qadamlar,

Og‘ir qadamlar...

Etiklar zarbidan titraydi tuproq.

Qayerga ketmoqda shuncha odamlar?

Nahotki, yo‘llari shunchalar yiroq!

- Ana, ko‘ryapsanmi?

Mening dadamlar!

Dada!!!

Ovozim hech chiqmaydi biroq –

Yuguraman - ortga ketar qadamlar,

Yig‘layman - ko‘zimga kelmaydi namlar,

Murg‘ak vujudimda faqat zo‘r titroq!

Bo‘g‘zimda alamlar,

Achchiq alamlar,

Yo‘lning o‘rtasida turibman,

Shu choq -

Poyezd qichqiradi,

To‘xtang, odamlar!

Qayga ketmoqdasiz?

Qani dadamlar?!

Tepamda yonadi zangori chiroq...

Cho‘chib uyg‘onaman,

Onam qoshimda.

Mehribon qo‘llari

Otash boshimda:

- Nega yig‘layapsan,

Yolg‘izim, qo‘zim?

Tun uzoq, uxlay qol,

Ko‘zlaringni yum.

Orom ol, men senga

Allalar aytay.

Tongda peshonangdan

O‘pib uyg‘otay.

Ana, derazangga

Qo‘nibdi hilol.

Boshingga egilib

So‘rmoqchi savol.

Sening kiprigingga

Sochmoq bo‘lib zar,

Hilol tegrasida

O‘ynar yulduzlar.

Men sening baxtingman

Deganday go‘yo

Imlab chorlamoqda

Yoqut Surayyo.

Senikidir bular,

Seniki bari.

Seniki osmonning

Zar qandillari.

Somonchining yo‘li –

Sening yo‘llaring,

Uzatsang Zuhroga

Yetar qo‘llaring

Ulg‘ay, bolajonim,

Ulg‘aygin tezroq.

Sening yo‘llaringga

Yulduzlar mushtoq.

Hozircha orom ol,

Yolg‘izim, qo‘zim.

Tun uzoq, uxlay qol,

Ko‘zlaringni yum.

 

Olis sohillarda,

Ufqdan nari

O‘lim sochmoqdadir

Yov quzg‘unlari.

O‘lim sochmoqdadir

Elga beayov.

Shahar, qishloqlarni

Yutmoqda olov.

O‘sha olis yurtda

Qon kechib hozir

Otang hayot uchun

Jang qilayotir.

Ellarning erk degan

Sof tilagi deb,

Jahonning nurafshon

Kelajagi deb,

Ofat solmasin deb

Olamga qotil,

Otang uzoq yurtda

Jang qilayotir.

Sen uchun, men uchun,

O‘z uchun emas,

Faqat o‘zbek va yo

Rus uchun emas,

Butun Yer - undagi

Bor avlod uchun,

Dunyoda eng qutlug‘

E’tiqod uchun

Uzoq o‘lkalarda

Qon kechib hozir

Otang hayot uchun

Jang qilayotir.

Sen uxla, yolg‘izim.

Sen uxla, qo‘zim,

Bir nafas orom ol,

Ko‘zlaringni yum.

 

* * *

44-yil

Sentabr tongi otdi.

Meni cheksiz quvonch bilan baxt uyg‘otdi.

Ko‘k jildimda alifbe va bir burda non,

Birinchi bor qadam qo‘ydim maktab tomon.

O‘yinlardan ancha erta to‘ygan edim,

Kitoblarga barvaqt havas qo‘ygan edim.

Yod bilardim alifbening harflarini,

O‘qir edim informbyuro xabarini.

Juman «pochta» dadamdan xat keltirgan kun

Katta bayram bo‘lar edi mening uchun.

O‘qir edim yuz hijjalab, yuz tutilib,

Takrorlardim yirtilguncha xat titilib.

Yayrar edim ma’nosini uqarkanman,

Dadam xatin o‘qib savod chiqarganman.

 

Bu kun yana xat olganmiz,

Ajoyib xat,

Gospitaldan chiqqan emish sog‘-salomat,

Boshidagi jarohati bitgan emish,

Hatto o‘rni bilinmasdan ketgan emish.

Berlin tomon tushar endi yo‘lim debdi.

Xat so‘ngida yaxshi o‘qi, o‘g‘lim, debdi.

Shu kun tunda uch chiziqli daftarimga,

Oro berib katta-katta harflarimga,

Xira chiroq yorag‘ida ko‘z ishqalab

-Dadamga xat yozmoq uchun surdim qalam:

 

«Dadajon!

Men sizni juda sog‘indim.

Sog‘indim ikkala ko‘zim bilan teng.

Kelib qolarmishsiz ertami-indin,

Ayam shunday dedi,

Rostmi shu, ayting?!

Dada,

U kun sizni tushimda ko‘rdim.

Oq otda keldingiz, So‘radingiz suv.

Men buni ayamga gapirib berdim.

Dadang keladi, deb aytdi,

Rostmi shu?..

 

Rustamning akasi urushdan qaytdi,

Qo‘ltiqtayog‘i bor,

Bir oyog‘i yo‘q.

Rustam aytib berdi: Ataka payti

Tizzasidan olib ketgan emish o‘q...

Xol aka qaytgandi uyga to‘satdan,

O‘g‘li, dadajon, deb chopib kelibdi.

Ota quchay desa qo‘li yo‘q ekan,

Tik turgan joyida yig‘layveribdi.

Darsga kelmay qoldi

Tunov kun Tal’at,

Muallim urishsa turaverdi jim.

Dadasidan kelgan ekan qoraxat.

Hammamiz yig‘ladik,

Hatto muallim...

Dadajon!

Sizga o‘q tegmasin hecham,

Men uchun ham tezroq qayting salomat,

Buvim aytgan,

Agar men tilak qilsam,

Tilagim bo‘larmish doim ijobat.

Rost aytaman,

Sizni juda sog‘indim,

Sog‘indim ikkala ko‘zim bilan teng,

Kelib qolasizmi, ertami-indin?

Kutaman,

Dadajon, albatta keling».

 

Bobolarning hikmati

Hayotga yorug‘ yo‘ldir.

Otang bolasi bo‘lma,

Odam bolasi bo‘l, der.

Bu so‘zni ilk bor menga

O‘rgatgan otam edi.

Men otam farzandiman,

U esa odam edi.

Dahshati ko‘z oldimda,

Go‘dak edim, otamni

Kuzatganim yodimda.

U ko‘plar baxti uchun

Kirar ekan zo‘r jangga,

Onam boshimni silab,

O‘xsha, degan otangga.

Mening mardlik maktabim

Jonfido otam edi.

Men otam farzandiman,

U esa odam edi.

Men otam bosib o‘tgan

Qonli yo‘lni o‘tmasman.

Ammo shonli hayotin

Bir umr unutmasman.

Ona Vatan ko‘ksiga

Qalqon bo‘lgan otamning,

Ko‘plar baxti yo‘lida

Qurbon bo‘lgan otamning

Aziz nomin qalbimda

Vijdonimdek saqladim.

Uning o‘lmas ruhini

Shod etmoqdir maqsadim.

Umrimni fido etay

U jon bergan Vatanga.

El mendan rozi bo‘lsin

O‘xshabsan, deb otangga.

* * *

Tengdoshim,

Asrdosh birodar!

Kel, bir on jim o‘yga cho‘maylik.

Bu yerda

yotibdi

fidolar,

Kel, uni

gullarga

ko‘maylik.

Bu yerda

baxt bo‘lsin,

nur bo‘lsin,

Bo‘lmasin,

qora tun

zulmati.

Bu yerda

yuraklar

hur bo‘lsin.

Qaytmasin,

u kunlar

dahshati.

Tengdoshim,

asrdosh birodar! Uyg‘oq bo‘l,

hushyor boq olamga.

Bu yerni

quchmasin

alanga,

Qabrida

tinch yotsin fidolar.

Eshit,

ingrayapti

Ona Yer

Qo‘ltiqtayoqlarning zahmidan,

Bu tuproq

yuragi

poradir

Atom zontlarining

vahmidan.

Eshit,

chorlayapti

Ona Yer,

Ko‘ksida

olovli

oh-faryod.

Asrdosh birodar,

qo‘lni ber,

Kel, Yerga

qilaylik

qasamyod:

Bo‘lurmiz

gal kelsa

har birimizga

Tinchlik janggohining

fidosi.

Bu senga,

bu menga,

bu bizga

Yigirmanchi asr nidosi.

Yiroqlarda qoldi
Uqubatli yillar,
Yer ostida yotar topganlar zavol.
Qolganlar umrning 
Sarhisobin qilar,
Soch oqiga boqib surarlar xayol.
Yillar o`tdi-ketdi
Dovulini qoqib.
Tuproqqa berildi ne-ne aziz jon.
Bizlar xayollarning 
To`lqinida oqib,
U kunlar haqida to`qiymiz doston.
Ammo o`lganlarga
She’r, doston ne naf,
Ne foyda yig`lashdan qalb dardin aytib.
Ming yil shon o`qisak,
Ming yil aytsak sharaf,
Ketganlar dunyoga kelmaydi qaytib.

Nega egilmasin
Odam ketsa odam,
Ustunga zo`r kelar qulasa ustun.
Bu tashvishli dunyo,
Sermashaqqat olam
Bizning yelkamizda qoldi-ku, do`stim!
Uni bo`ronlardan,
Quyoshli yo`llardan
Nurli istiqbolga olib o`tamiz.
Biz uni olganmiz
Tabarruk qo`llardan,
Tabarruk qo`llarga eltib tutamiz.
Avlodlar uchun ham 
Qutlug` bo`lar albat
Yer uzra to`kilgan ko`z yosh, qon va ter.Bepoyon kenglikda
Charx uradi abad
Ulkan yurak shaklidagi Yer…

1964


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 15-Fevralda yuklangan

9071 marta ko'rildi

16 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
nido urush tinchlik tog' bag'ri sado otash qa'ri yer ona o'gil ota alanga hayajon dard olam odam yodgor daqiqa quloq xayol so'z til dil armon iztirob azob o'q qalb doston yil bolalik qadam jang
Muallif
Erkin Vohidov

Erkin Vohidov

Hozirgi zamon o’zbek she’riyatining taniqli vakili. Aruz va barmoq vaznlarida yozgan asarlari birdek mashhur. Ijodining asosini lirik turning barcha janrlaridagi she’riyati, dostonlari, dramatik asarlari, I.V.Gyote, S.Yesenin, R.Hamzatov singari jahon adabiyoti namoyandalari she’riyatidan qilgan tarjimalari tashkil etadi.

Batafsil


Yangi Dostonlar Erkin Vohidov Dostonlari Erkin Vohidov asarlari