Sahifa yuklanmoqda . . .
Su - Asarlar - su so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Nimjon tovush keldi qozondan: -Afsus, dilni eritmas so’zing. Axir, halim ko’nglim bor edi, Bag’rim toshga to’ldirgan o’zing. Ilinjim-la yiqildi ko’klam, Ko’zlarimni ozdirdi yoshlar. Boshim uzra silkinar osmon, Oyoq tagim-yuraksiz toshlar… Axir,men ham halimdil edim, Qani chechak taqqan yillarim?..
Sezyapsanmi, yog’moqda yomg’ir, Butun dunni yuvmoqda osmon. Yelkamdagi shaytonni haydab, Ko’zlarimga tikildi Rahmon: -Nega ko’ksing og’riqqa to’lgan, Qorachig’ing bo’yalmish g’amga? Mayli, yig’la sirlaring aytib, Bu g’am ko’plik qilar odamga. Nogoh sening so’zing esladim, Yuzlarimga yugurdi kulgu...
Bola edim tasavvuri keng, Qo’shni edim shodlig-u baxtga. Gul-u maysa, bulutlar qolib, O’xshatardim o’zim daraxtga. O’sdim, menga yo’l ochdi hayot, Kamayardi ranglar tobora. Vaqt notasin o’zgartirgan so’ng Umr kuyi g’alat jaranglar. Oq-u qora kunlar ichida Taqdir meni duch etdi senga...
Bir sukut yashardi olamda, Mahkam tutib quloqlarini. U asrardi hamma tuyg’udan Nurga tashna qaroqlarini. Eshitmasdi hech bir tovushni, Dunyo go’yo ovozsiz surat. Tashqarida qorni gul bilan Bezar edi o’yinqaroq mart. Shamol tinmay cholg’usidan mung Taratardi telba bog’larga. Sukut hamon begona edi O’zi dalli, ruhi sog’larga...
Dunyo yaralgandan so’ng Loydan tiklandi vujud Va unga jo aylandi Muhabbat, mehr, sukut. Farishtalar ta’zimga Saf tortishdi osmonda. Shundanmi, go’zal hislar Paydo bo’ldi Insonda. Ming yillar o’tib ketdi, Avlod to’ldi zaminda. Kimni ko’rsam, bir g’alat His jo’shar yuragimda...
Sen baxtlisan mendan yiroqda — Yelkangdagi farishta aytdi. Sen ketgan so’ng mening ko’nglimga Momo Havvo hasrati qaytdi. Ko’zlaringda yonib turar nur, Faqat oppoq o’ylar surasan. Tushlaringda atirgul taqqan Hijronlarning aksin ko’rasan. Qo’l siltaysan:»Menga baribir, Men hech kimga ichmovdim qasam»...
Yomg‘irlar suratin chizar qumlarga, To‘lqinlar zarbidan titraydi sohil. Mayoqlar chorlagan olis ufqlarga, Dengiz kemalarni kuzatar og‘ir. Olmos cho‘qqilarni tark etar ellar, Keskir bo‘ronlarga aylanib minbad. ellardek o‘tayotgan aziz umrning Qaylarda nihoya topishi g‘alat. Necha bor uzilar yurak torlari, Kimlar qayta bog‘lar bu rishtalarni...
Yashaysan oshkora, yashaysan pinhon, Qaysidir burchida ona zaminning. Yuragim siqildi ho‘rsinishingdan, Uzoqdagi odam – yaqinim mening. Ko‘kka uchayotgan, gumburlayotgan Radiaktiv qushlarning xavfi ostida. O‘rmonlari yonib, suvlari qurib, Keksayib boryotgan yerning ustida. Asriy muzliklarning keng yelkasiga Oftob tig‘larini qattiqroq sanchib...
Hazrat Navoiy o'zining o'lmas asarlari bilan o'zbek adabiyoti bo'stonida hamisha barhayotdir. Uning har bir baytida kelajak avlodlar uchun ming-ming ibrat va hikmat mujassamligi sabab bu noyob ma'naviy xazina asrlar shiddatini ko'zga ilmaydi. Shu bois hazrat asarlarini mutolaa qilib, undagi teran mazmunni anglash va dilga jo etib yashash har bir farzandning sharafli burchidir. Ushbu she'r ham buyuk mutafakkir madhiga bag'ishlanadi.
Ushbu she'r javobsiz muhabbat haqida. Yigit qiz ko'yida sarson-u mubtalo, uning bir nigoh tashlashiga mushtoq. Ammo qiz juda chiroyli, go'zal, mag'rur, xotirjam, sokin, sipo, beparvo, vazmin va osuda. Qalbida ming tug'yonlar bo'lsa-da, dilida vulqon, qonida to'fon uxlasa-da, o'zini beg'am-betashvish tutadi. Yigit sho'rlik tashvishda: bekor unga ko'ngil berdimmi, endi bechora hislarim shamollarda qolib sovriladimi deya...
Bu she'r pokiza va nafis muhabbat qissasidan so'zlaydi. Undagi oshiqlar ko'cha-ko'yda yetaklashib yurmaydi, bir-biriga behayo ko'zlar bilan termulishmaydi. Ular muhabbati ham o'zlari kabi go'zal. Lirik qahramonning oddiygina hayotiga nur bo'lib kirib kelgan bu malak shunchalar hayoli, shunchalar pokizaki, oshiq uning suratiga boqib, "Meni suyasizmi?" deya so'roqlagani uchun hatto surati ham qizarib ketadi...
Mazkur she'rda befarzand ayol iztiroblari g'oyat ta'sirli ifoda etilgan. She'rda dardkashlik ruhi sezilib turadi. Muallif ayolning hech kimga nolimay, taqdirdan shikoyat etmay jimgina hayot kechirishi, Alloh bergan sinovlarga chiroyli sabr qilib, dardlarini ichiga yutib yashashini ko'rsatar ekan, ayolning irodasi va matonatiga hayratda qolasiz. Ko'nglingiz tubida unga farzand tilab duo qilasiz...
Oshiqlar uchun bu hayot butkul o'zgacha ma'no kasb etadi. Ular goho otashin hislar qanotida samolar qo'ynida parvoz etsa, gohida tuproqqa aylanib, ma'shuqa oyoqlari ostiga to'kiladi. Ba'zan bahor bo'lib, qalbida yangi-yangi orzu-umidlar gullasa, ba'zida kuzga aylanib, hislari ming bir xazonlarga do'nib, taqdir shamollarida sarsari kezadi. Oshiqlar ko'ziga dunyo boshqacha ko'rinadi. Ular uchun yorning o'zi butun bir olamdir. Ular o'z dunyosini yordan ayri holda tasavvur eta olmaydilar. Ushbu she'r ham chin oshiqning ko'ngil nolalaridir.
Ushbu she'rda insonning yurak qatlarida bo'ladigan, hatto eng yaqin do'stga ham aytish, tushuntirish imkonsiz bo'lgan hislar juda ta'sirchan va sof holda ifoda etilgan. Alloh qaysidir bandasiga ulkan dard - shoirlik qismatini berar ekan, unga shu dardni ko'tara oluvchi ulkan yurak ham beradi. Binobarin, bunday ulkan yurak bilan inson kichikkina qishloqqa sig'maydi. U bu yerdan ketishga majbur. Ammo qayerga bormasin, dasht - vatani unga hamisha hamrohlik qiladi...
Beayb Parvardigor. Hammamiz ham gunohkor bandamiz. Hech bir kishi illatdan xoli emas. Kimdir - o'g'ri, kimdir - poraxo'r, ...Biroq dunyodagi eng katta illatlardan biri - bu loqaydlikdir. Do'stdan qo'rqma - nari borsa, seni sotadi, dushmandan qo'rqma - nari borsa, seni o'ldiradi, ammo loqayd insondan qo'rq, deydilar. Ular zohiran hech qanday yomonlik qilmaganday ko'rinsalar-da, botinan atrofda bo'layotgan xunrezliklarga befarqliklari bilan katta fojialarga sababchi bo'ladilar. Ushbu falsafiy she'rda ana shu hayot haqiqati yoritilgan.
Hayot qiziq. Inson agar tabiatga mehr qo'ysa, quyoshni, oyni, yulduzni, tog'-u toshlarni, gullarni sevsa, bunga hech kim qarshilik qilmaydi, man etmaydi. Ammo... inson o'zi kabi boshqa bir insonga ko'ngil qo'yar ekan, ming xil to'g'anoqlar boshida aylana boshlaydi. Tahdid, qarg'ish, tahqir, istehzo, zaharhanda gaplar, mish-mishlar... muhabbat yo'liga rahna soladi. Inson o'zi o'ylab topgan sun'iy shartlar chirmovug'ini yorib chiqa olmaydi. Balki, shuning uchun ham dunyoda qahr beadad-u muhabbat bebahodir...
Ushbu she'rda favqulodda noyob manzara tasvirlanadi: go'dak sohilda tinchgina uxlamoqda. Dengiz ham uning uyqusiga halal bermaslik uchun sokingina shivirlamoqda. U go'yo go'dakning ma'sum nigohiga boqib, bu mittigina jonning taqdiri to'g'risida xayolga tolganday. Biroq dengiz nechog'lik sokin ko'rinmasin, bag'rida suronli to'lqinlarni berkitgani singari osuda uyqu ichidagi bu go'dakning qalbida ham hozircha kelajak hayajonlari pinhondir.
Ayol baxt nimada? Zeb-u ziynatdami? Shon-u shuhratda? Yuksak unvondami? Olqishlardami? Yo’q! Ayol baxti o’z sevgan yorining mehrini his qilmoqlikdadir. Ko’pincha erkak zoti ayolimga hamma narsani muhayyo qilib bersam ham, nega ko’ngli to’lmaydi, unga nima yetishmaydi o’zi, deb xunob bo’lib yuradi. Aslida ayolga ko’p narsa kerakmas. Ayollar dilidagi eng aziz tilak: “Menga mehr ko’rgaz, mehribonlik qil”…
Biz vatan haqida yozilgan ko’plab bir-biriga o’xshash, siyqa satrlardan zerikkanmiz. Ba’zi shoirlarning vatan haqida ham she’r yozib qo’yishim kerak deya zo’rma-zo’rakilik bilan bitgan she’rlari tufayli bu mavzudagi she’rlarga ishtiyoq susaygan. Chunki soxtalik bilan aytilgan kalom hech qachon dillarga yetib bormaydi. Biroq ushbu she’rda shoira vatanni shunchalar samimiy tarannum etadiki, uni o’qir ekansiz, bu so’zlar yuragingizning tub-tubiga yo’l olganini tuyasiz.
Ayol muhabbatining o’ziga xosligi shundaki, u naqadar kuchli, naqadar o’tli bo’lmasin, otashin tuyg’ular haqida ochiq aytilmaydi. Ayol qalbi qanchalar nozik bo’lmasin, olovli hislarni berkitishga qodir. Ayol hech kimga aytmagan so’zlarini, ko’ngil sirlarini she’r deb atalmish mo’jiza qatiga singdiribgina yengil tortadi. Mazkur she’r ham ayol muhabbatining samimiy iqroridir.
Shubhasiz, barcha maxluqotlar ichida inson eng aziz va mukarram zotdir. Ammo bu mukarramlikning yuki ham o'ziga munosib ravishda katta, sinovlari ham boshqalarnikidan og'irroq. Shu bois ba'zida inson hayotida shunday hollar ham bo'ladiki, u boshqa mavjudotlarga havas qiladi. Agar bu yorug' dunyoda inson bo'lib emas, oddiy bir maysa yoxud shamol bo'lib yaralganimda, balki qismatim o'zgacharoq bo'larmidi degan o'ylarga boradi. Mazkur she'r ana shu oniy hissiyotning satrlarga muhrlangan tasviridir.
Bir tomchi suvda azim ummonlar siyrati zohir bo'lgani yanglig' har bir she'r shoirning qalbini aks ettiruvchi bir ko'zgudir. Bu ko'zguda shoirning butun haqiqati, e'tiqodi, quvonch-u qayg'ulari, dard-u dunyosi namoyon bo'ladi. "Tuyg'ular" deb atalgan mazkur o'ziga xos to'plamdan o'rin olgan she'rlar shoirning ko'ngil olamiga sayr etishingiz va uning shaxsini o'zingiz uchun kashf etishingizga yordam beradi.
Ortda qolgan yoshlik xotiralarining sog'inchli yodi yanglig' yangrovchi mazkur she'rda pokiza xayollar, yuksak va beg‘araz orzularga hamdam hissiyotlar juda obrazli ifodalangan. Uzilgan yaproqni shamollar chirpirak qilib o‘ynaganidek, xazon bo‘lgan yoshlik ham shamolning yo‘q oyoqlari ostida sinadi. Eng qayg'ulisi, «Sarg‘ar»gan va «to‘kilgan» faqat yoshlik og‘ochining yaprog‘i emas, balki ikki qalbni bog‘lab turgan tuyg‘ular ham edi. Ammo ikki qalbga taskin beradigan bir narsa bor: «Har qalay oldinda bordir so‘nggi yo‘l, Toki yetguningcha xotirot o‘lmas». So‘nggi yo‘l-o‘lim. Sevgining o‘limi-qalbning o‘limi. Yurakning o‘limi esa, inson tirikligiga tirikligida qo‘yilgan nuqtadir.
Ushbu she'rda chuqur hayot falsafasi ifodalangan. O'g'lon dunyoning yarmini sayr etib, ota huzuriga qaytadi va unga chin do'st topolmaganini aytadi. Ota esa jim. O'g'lon yana dunyo kezadi. Bu safar u otasiga vafo topolmaganini aytadi. Ota hamon sukutda. Oxiri o'g'ilning toqati toq bo'lib, otasidan javob berishini so'raydi. Shunda ota...