Sahifa yuklanmoqda . . .
Yomg‘irlar suratin chizar qumlarga,
To‘lqinlar zarbidan titraydi sohil.
Mayoqlar chorlagan olis ufqlarga,
Dengiz kemalarni kuzatar og‘ir.
Olmos cho‘qqilarni tark etar yellar,
Keskir bo‘ronlarga aylanib minbad.
Yellardek o‘tayotgan aziz umrning
Qaylarda nihoya topishi g‘alat.
Necha bor uzilar yurak torlari,
Kimlar qayta bog‘lar bu rishtalarni.
Kimlar ko‘ngil bermay topadi bunda
Ko‘ngilga aylangan farishtalarni.
Birdan qarsillaydi chinor shoxlari,
Birdan yuragingga soladi titroq.
Balki, uzoqlarda sen sevgan kimdir
So‘nggi kunlarini yashaydi shu chog‘.
Bir sezim o‘rmalar bag‘ringda zaif,
Xuddi uyg‘onganday tushingdan cho‘chib.
Erta tong otadi, bu xotiralar
Manguga ketadi yodingdan o‘chib.
O’zbekiston Milliy universiteti falsafa fakulteti bakalavr va magistratura bosqichlarida tahsil olgan. “Ostona” va “Shoir xayollari” she’riy to’plamlari muallifi. Somerset Moem, S.A.Tolstaya, O.Genri, R.Agutagava ijodidan qilgan tarjimalari e’lon qilingan.