Sahifa yuklanmoqda . . .
Nafasingiz - eng xushbo'y atir,
Orazingiz istamas g'oza.
Eron qizi - Shahina nadir,
Gulgunroqsiz undan, Shahnoza.
Ko'zingizda mavj uradi Baxt,
Siz yengilsiz, lekin cho'kasiz.
Sal jilmaysam - kulasiz qah-qah,
Sal injilsam - ko'zyosh to'kasiz.
«Meni shuncha suyasizmi?!» - deb
Rasmingizdan har kech so'radim.
«Uyaltirmang odamni hadeb» -
Qizardi u...
Mening suratim
Sizga neni qilar hikoya?
Bilmaydi-ku ichkin g'aybimni -
Surat siyrat emas-da, shoyad
Ko'pirtirmagandir aybimni...
Men haqimda mayda gaplar ko'p:
Qancha nozik qo'lchani o'pgan...
Siz ishonmang! Hammasi ko'pik,
Ko'nglim ayon emas-ku ko'pga.
Bilasiz-ku kasb-u korimni,
Sevgi deya ne ko'yga tushdim.
Unutdimmi yigit orimni?!
Garchi bu kun hammasi tushdir...
Siz ertakdan chiqib keldingiz,
Etagingiz o'par hurlar ham.
Qoshingizda - ikkita dengiz,
Har tomchisi jonimga malham.
Yosh to'kasiz - injilsam agar,
Sal jilmaysam - qah-qah kulasiz.
Ey, ruhimni kuydirgan axgar,
Qachon menga hamdam bo'lasiz?
Chayqalaman tig'day rasanda,
Tanhoman-ku, keling - toqsiz Siz.
Men Yesenin bo'lolmasam-da,
Shahinadan suluvroqsiz siz!
1998