Sahifa yuklanmoqda . . .
Rassom do'stim Shuhrat Abdurashidov xotirasiga
1
Bo'ron do'stim nechun jimsan
Nechun jimsan Chaqmoq ukam
Singlim sukunatning boshida
2
Men sening ko'zlaringga qarayman
Sen o'zgalarga
Kimning ko'zlaridan izlaysan meni
3
Tovushlarga ko'milib qoldim
Zalvor qorli tovushlarga
Junjiktirar oyning nolasi
4
Ostonamda yotar do'stimning iti
Yulduzlarga qarar Eh o'lmagur do'stim-ey
Marhum do'stimning iti
5
Seni topgunga qadar
Qanday yashadim men
Nahotki yashadim
6
kunduz chiq-chiq-chiq
kecha chiq-chiq-chiq
O'lmagan sening joning
7
Ko'zimga nechun to'r tashladingiz
Nechun arqon tashladingiz
Kiprikmi shular
8
Bir yoqlarga ketmaysanmi uchib-uchib
Yurasanmi is bosib qorayib
Sho'rlik shaharlik chumchuq
9
Nima desam ekan senga Shamol
Nima desam ekan Boychechak
Bir oz jim turish mumkinmi
10
Buncha yugurasan yelasan qo'shnimning kuchugi
Ko'zlaringga shodlik to'lib qolgan
Baxtlimisan shuncha
11
Bir aqlli-ey mana bu qurmagur
Bir chiroylikki mana bu
Bular ham tug'ilganmikin
12
Chars-chars yonaver nimjon olov
Qo'llarimni qalayman
Begona emasmiz har qalay
13
Men seni sevamanmi Bilmayman
Sen mangulik nafassan -
'Bilmayman' degan
14
Og'zimga eng xushbo'y havolarni to'ldirib
Yiqilib turib chapayapman
Sen tomon jonim
15
Har kun huzuringga kelaman
O'ltiraman soatlab
Sen meni tushunishing kerak Chinor
16
Daf'atan yomg'ir yog'ar Tinar daf'atan
Daf'atan yer yiqilib tushsa
Nahotki shu qadar dushman - daf'atan so'zi
17
Tovushlarning rangiga qarang
Qarang tez ranglarning tovushiga
Bu sho'rlik oy ham shoirmi deyman
18
Mo'ltirab qarab turibsan qushcham
Nega bunday qaraysan
Baribir menga ishonmaysan-ku
19
Oy nurlaringni yig'ishtirib ol
Qora pardangni tashla yuzingga tun
Men yorim-la vidolashgali keldim
20
Kuygan daraxt bo'yniga osilar
Oq bulut oppoq bulut
Yig'lagali ketar keyin
21
Xayol olib ketar yiroqlarga
Ko'z ilg'amas yoqlarga olib ketar
O'ziga qattiq ishonar xayol
22
Qorayib ketdi ko'ksimdagi qorlar
Maysalar uyg'ondi
Shoxlarga qo'ndi ko'klam
23
Og'zim to'la so'zlar - jigarlarim, ey
Ortiq sizni asray olmayman
Bilganingizni qilingiz
24
Sen ko'p yashading, buyuk tosh
Yashay berasan hali uzoq-uzoq
Ko'p yashab qo'yganimdan uyalaman men esa
25
To'r tashlaysan igna sanchasan
Nechun menga baqrayasan osmon
Xato qilgan bir menmi
26
Suvlar, ne deb jildiraysiz
Ne deb shivirlaysiz sabolar
Sen-da berahmsan Boychechak
27
Sevinch biror marta qayg'urganmisan
Kulgu yig'laganmisan bir marta bo'lsin
Do'st bo'lolmassis men bilan
28
Nima qilib qo'yding Quyosh nima qilib qo'yding
Eritib yubording-ku suv qilib, qurmagur
Takrorlanmas mo'jizani darchamda
29
Ha va yo'qdan iboratdir qisqalik
Tushuntirish uchun ketgan so'zlar qolgani
Ha va yo'qni tushuntirish uchun ketgan so'zlar
30
Aytmasang bo'lardi-ku shularni e voh
O'zim talab qildimmi haqiqatni
Qanday yashayman qolgan umrimni endi
31
Men hammasini Chindan aytdim eh Sizlarim
Siz nafasni mendan qizg'ondingiz-a
Qolganini baliqlar aytsin
32
Xiralashib borar kunduzning rangi
Oy ham kular mendan behayo behis
Kunduzning rangini so'rib olgan u
33
Daraxt shoxlarida silkinar
Kuzning yaydoq sariq shamoli
Chirqirar bir qushcha
34
O xayolning yo'llari oils
Yana olislarga boshlar beshafqat
Olis u yo'llarning xayoli
35
Sen kelmassan kelmassan endi
Achchiq tomchi yoshga aylanib
Ko'zimda aylanar qo'rg'oshin quyosh
36
Osmon shu qadar toza Rahming keladi
Uzoq qarab turolmayman bevafo
Sening suratingga to'lar qorayib
37
'Voh jonim voh jonim' deb hirqirar
Derazamning ortida shamol
Yulib tashlasam edim jonimni qani
38
Qor hidi dimoqqa urildi
Uxlaydi shamolning qo'ynida
Barglarini to'kmagan rayhon
39
Hayhotdek tun ichra bir o'zim
Yulduzlarning nurlari og'rir
Ko'zlarimga kelib sanchilib
40
To'xta Vijdon qayoqqa ketyapsan
Qayga qochyapsan bevafo xotin kabi
Haqqing yo'q bir o'lim haq xiyonat uchun
41
Tong sahardan o'ltiribsan daryo bo'yida
Bir fikrga kelmadingmi Ayt Ayt
Yo'qsa kech bo'ladi quyosh so'nadi hozir
42
To'kildi umidimning bahori
Bo'g'izlangan guldasta bo'lib
Sening oyog'ingga yiqildim
43
Yulduzlarning achchiq nurlariga chirmashar
Yular oyning namxush sochlarini
Falakka termilib qolgan ko'zlaring
44
Ovozingni o'parman sevgilim
Ko'zlarimga kirib muzlab qolar ovozing
Yo'qotuv hissini tuyar ko'ksim sirqirab
45
Bu qanday oroldir osmon ko'rinmas
Bu qanday daryodir ko'rinmas sohil
Biz shu qadar nochormiz eh sevgilim
46
Yer o'z o'qidan ayrilar inon
Inon osmonidan ayrilar quyosh
Agar biz ayrilsak
47
Tirnaydir sochlaringning tarog'i
Ko'zlaringning surma suyi zaharlar
Labingdagi o'qni nechun saqlaysan
48
Yo'qlik bir armondir Armon - bir yo'qlik
Armondan iborat borliq va lekin
Yerga cho'kkan osmon mening armonim
49
Jigar-bag'rimga to'ldi ushbu so'zlar
Ushbu so'zlarga aylandi-ku mening dunyom -
'Sen meni aldamaysanmi Aldamaysanmi'
50
Vujudim yallig'lanar nafasingdan
Sen shunday yaqinsanki jon qadar axir
Baribir seni sog'inaman sevgilim
O'zbek milliy modern she'riyatining asoschilaridan biri va eng yirik vakili. Birinchi she’ri 1957-yilda e’lon qilingan. „Karvon yo’li“ (1968), „Aks-sado“ (1970), „Tasvir“ (1973), „Xotirot“ (1974), „Ko’zlar“ (1976), „Qaytish“ (1981), „Sabr daraxti“ (1986), „Sukunat“ (1991), „Tavba“ (2001) she’riy to’plamlari nashr etilgan. Rauf Parfi lirik qahramon ruhiy olamining nozik evrilishlarini mahorat bilan tasvir etuvchi she’rlari bilan tanilgan. Shoir so’zning rang va ohanglaridan, she’riy tasvir vositalaridan o’ziga xos uslubda foydalanadi. She’rlari bir necha xorijiy tillarga tarjima qilingan. Rauf Parfi Bayronning „Manfred“, Nozim Hikmatning „Inson manzaralari“, Mahmud Hodiyning «Ozodlik lavhalari» («Alvohi intiboh»), Karlo Kaladzening „Dengiz xayoli“, A. Dyumaning «Uch sarboz» va boshqa jahon she’riyati klassiklarining asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan.