Sahifa yuklanmoqda . . .
Birodarlar,
Mahallangizda
Bir ayol bor -
Befarzand ayol.
Ko'p ko'zikmas... iymanar sizdan,
Og'riqlari o'ziga ayon.
Manglayiga singib ketgan tuz
Kechalari milt-milt eriydi.
Eri yaxshi ko'radi... afsus...
U ham yaxshi ko'rar erini.
Bir-biridan yashirar tushin,
Yashaydilar bir-birin asrab.
Tushunadi hatto govmushi,
Berar ekkan oqqina hasrat.
Bir miskin u... hayotning barcha
Da'vosiga jimgina ko'ngan.
Bir miskin u... bevafolarcha
Kelajagi o'tmishga do'ngan.
Birodarlar,
Haq hukmi yetib,
Qabog'lari yopilar kuni -
Mozoriga beshikda eltib,
Alla aytib ko'minglar uni!..
1997