Sahifa yuklanmoqda . . .


Sevgimiz o‘ldimi? — libosingiz ko‘k...

Sevgimiz o‘ldimi? — libosingiz ko‘k,
Ko‘nglingiz — begulxan, ko‘zingiz — becho‘g‘.
Bizdan borish yo‘qdir, sizdan — kelish yo‘q
Kelishsiz dunyoda beg‘am, azizim,
Nega ko‘zlaringiz benam, azizim.

O‘t yetdi — qaqshatdi band-bandlarimni,
Tuproqda sochdingiz balandlarimni,
Aqlimni, dilimni — bebaxtlarimni —
Borishsiz dunyoga otgan, azizim,
Olisda oy kabi botgan, azizim —

Chunki tunga aytar rost "oh"ingiz yo‘q,
Falakda kezgani sha'n rohingiz yo‘q,
Nechun kelmaysiz, gar gunohingiz yo‘q —
Boqaman: nigohim — gumon, azizim,
Yo‘llaring tumandir, tuman, azizim.

Qarang, ming bir bargda kuzak uchadir,
Qizil-sarigida — yurak uchadir,
So‘ngaklar uchadir, suyak uchadir —
Bu to‘fon — xazonlig‘ menman, azizim,
Sizsiz ming kuzakka tengman, azizim.

Ammo siz sarg‘aymang — gulli bog‘ bo‘ling,
Yam-yashil ko‘karing, mudom sog‘ bo‘ling,
Bahorning bag‘rida beadog‘ bo‘ling —
Axir, qarg‘aganim sizmas, azizim,
Ikki kuz dunyoga sig‘mas, azizim...


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 15-Aprelda yuklangan

991 marta ko'rildi

2 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
sevgi o'lim libos ko'k ko'z gulxan ko'ngil g'am aziz nam o't band tuproq baland aql ruh baxt borish kelish oy tun rost oh falak sha'n roh gunoh nigoh gumon yo'l tuman barg kuz yurak so'ngak suyak bahor
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari