Sahifa yuklanmoqda . . .
Sezyapsanmi, yog’moqda yomg’ir,
Butun dunni yuvmoqda osmon.
Yelkamdagi shaytonni haydab,
Ko’zlarimga tikildi Rahmon:
-Nega ko’ksing og’riqqa to’lgan,
Qorachig’ing bo’yalmish g’amga?
Mayli, yig’la sirlaring aytib,
Bu g’am ko’plik qilar odamga.
Nogoh sening so’zing esladim,
Yuzlarimga yugurdi kulgu.
-Ikkimiz ko’p farqli, gar uni
Qo’shsak, taqdir go’zal bo’larmu?
Har oqibat sababdan bunyod,
Zamin, asli, farqlar kulbasi.
Farqsiz bo’lsa aql bilan dil,
Bu dunyoda Mehr bo’lmasdi.
Senga, balki, farqi yo’q:nega
Men tug’ildim ushbu zamonda?
Bilsang,dilga suyanar odam
Kerak ekan ahyon-ahyonda.
Balki Olloh men sabab senga
Anglatmoqchi bo’lgan dunyoni.
Nahot, ko’rging kelmas senga deb
U ko’zimga quygan ziyoni…
Sen-aqlga sodiq suvoriy,
Men ko’ngilning lashkaridanman.
Bu janggohda ko’p qurbon bo’lar,
Agar senga qalbim ochmasam.
Bilsang, mening tug’ilishimda
Bir g’aroyib kechikish mavjud:
Men saodat asrini qo’yib
Sen yashar payt topdim tavallud!
Qo’l siltagin barcha tashvishga,
Ba’zan zarra befarqlik kerak.
Ikkimizning telba farqlardan
Yaraladi chiroyli ertak…
Saodat Fayzieva 1992-yil 11-iyulda Buxoro viloyati Olot tumanida tug’ilgan. Qalbida ilmga qiziqish erta uyg'ongan bo'lajak shoira tumandagi fizika-matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan 31-IBMIga o'qishga kiradi. U 2009-yilda ushbu dargohni a'lo baholar bilan tamomlab, O’zbekiston Milliy universitetining o’zbek filologiyasi fakultetida tahsilni davom ettiradi va bu yerda ko'plab ustozlardan adabiyotning nozik sir-u asrorlarini o'rganadi. Uning she'rlarida ayol qalbining eng inja va sohir jihatlari mahorat bilan qalamga olingan.