Sahifa yuklanmoqda . . .
Sen baxtlisan mendan yiroqda —
Yelkangdagi farishta aytdi.
Sen ketgan so’ng mening ko’nglimga
Momo Havvo hasrati qaytdi.
Ko’zlaringda yonib turar nur,
Faqat oppoq o’ylar surasan.
Tushlaringda atirgul taqqan
Hijronlarning aksin ko’rasan.
Qo’l siltaysan:"Menga baribir,
Men hech kimga ichmovdim qasam".
Lek Mehrning og’riydi ko’ngli
Sen haqingda yonib o’ylasam.
Bulutlarga yetgan bo’yingcha
Yuragimda tiklandi tog’lar.
Bilmam, qachon yuvilar endi
Hijron bizga yetkazgan dog’lar.
Men bilaman:
Tole’ ichida
Yurib borar dadil qadaming.
Lek bir kuni meni so’roqlar
Ichingdagi yolg’iz Odaming.
Topolsang bas biror bahona
Va pushaymon aksi tushgan yuz.
Qo’rqayapman ungacha seni
Yeb qo’ymasa kechikkan afsus.
Sen baxtlisan-mendan yiroqda…
Saodat Fayzieva 1992-yil 11-iyulda Buxoro viloyati Olot tumanida tug’ilgan. Qalbida ilmga qiziqish erta uyg'ongan bo'lajak shoira tumandagi fizika-matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan 31-IBMIga o'qishga kiradi. U 2009-yilda ushbu dargohni a'lo baholar bilan tamomlab, O’zbekiston Milliy universitetining o’zbek filologiyasi fakultetida tahsilni davom ettiradi va bu yerda ko'plab ustozlardan adabiyotning nozik sir-u asrorlarini o'rganadi. Uning she'rlarida ayol qalbining eng inja va sohir jihatlari mahorat bilan qalamga olingan.