Sahifa yuklanmoqda . . .
Nimjon tovush keldi qozondan:
-Afsus, dilni eritmas so’zing.
Axir, halim ko’nglim bor edi,
Bag’rim toshga to’ldirgan o’zing.
Ilinjim-la yiqildi ko’klam,
Ko’zlarimni ozdirdi yoshlar.
Boshim uzra silkinar osmon,
Oyoq tagim-yuraksiz toshlar…
Axir,men ham halimdil edim,
Qani chechak taqqan yillarim?
Men bag’ritosh aylagan do’stim,
Aytmaguncha buni bilmadim…
Ona, yuring, gullar teramiz,
Ota, siz-la mag’rur yuraman.
Xafa bo’lma, dunyo, bugundan
Toshlaringni yomon ko’raman!
Axir, halim ko’nglim bor edi,
Bag’rim toshga to’ldirding o’zing…
Saodat Fayzieva 1992-yil 11-iyulda Buxoro viloyati Olot tumanida tug’ilgan. Qalbida ilmga qiziqish erta uyg'ongan bo'lajak shoira tumandagi fizika-matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan 31-IBMIga o'qishga kiradi. U 2009-yilda ushbu dargohni a'lo baholar bilan tamomlab, O’zbekiston Milliy universitetining o’zbek filologiyasi fakultetida tahsilni davom ettiradi va bu yerda ko'plab ustozlardan adabiyotning nozik sir-u asrorlarini o'rganadi. Uning she'rlarida ayol qalbining eng inja va sohir jihatlari mahorat bilan qalamga olingan.