Sahifa yuklanmoqda . . .
Audio bu yerda yuklanmadi, iltimos ushbu aloqani bosing
Sahrolardan keldim, cho'llardan keldim,
Ko'p uzoq, ko'p qadim yo'llardan keldim,
Haydashdi, dilingga dillardan keldim,
Menga mehr ko'rgaz, mehribonlik qil.
Bunchalar berahm, zolim odamlar,
Bunchalar zalvorli, og'ir qadamlar,
Judayam keraksan, jonim, shu damlar,
Menga mehr ko'rgaz, mehribonlik qil.
Bu issiq yozlarda sovqotdim juda,
Nahotki hammasi bekor, behuda,
O'zingni uyg'otgil g'aflat uyqudan,
Menga mehr ko'rgaz, mehribonlik qil.
O'ttiz yilki, yo'lim tugamadi hech,
Ming o'ldim, bu o'lim tugamadi hech,
Bugun erta, erta bo'lmasidan kech,
Menga mehr ko'rgaz, mehribonlik qil.
Ilohiy suralar o'qib kelganman,
Tillodan zanjirlar to'qib kelganman,
Seni deb jannatdan chiqib kelganman,
Menga mehr ko'rgaz, mehribonlik qil.
Guljamol Asqarova 1978-yil 5-mart kuni Samarqand viloyati, Kattaqo’rg’on tumani, Beshdarg’at qishlog’ida tug’ilgan. O’zbekiston Milliy Universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, 2001 yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining adabiyot yo’nalishi sohibasi. "Dil fasli", "Ro’shnolik", "Bedor qo’ng’iroq","Baxt dastxati" nomli she’riy kitoblari nashr etilgan.