Sahifa yuklanmoqda . . .


Sahrolar bag’rida adashgan...

Sahrolar bag’rida adashgan,
Iliq yomg’irlarday yog’sayding.
Namiqqan tuproqlar ko’ksida
Mahfuz giyohlardek uyg’onsam…
Isming xush bo’ylari to’kilsa,
Ruhing titrog’ida oqsaydim,
Olovli ummonni sipqorgan
Tungi osmon kabi to’lg’onsam…
…Soyang tushib o’tsa nigohlarimga!..
Qo’ling topib borsa qalbimni.
Ovozing sachragan havoga
shivirlab bossaydim labimni!
…ovozing o’psaydim, ovozing…
Sukunat bo’g’riqqan tunlardan
sug’urib olsaydi ovozing!
Dilimni yechsaydim behadik,
Ko’rsayding qo’llarim parvozin!
Nafasing o’tidan yaralsam,
tushlarimdan tushib kelsaydim.
Bir lahza o’zimni unutsam,
bir lahza o’zimni bilsaydim…
Bersayding ruhimga tiriklik
ko’zlaring bir tola nurini,
yellar og’ushida chayqalgan
behush maysalarning umrini…
…yiqilsam, bag’ringga yiqilsam,
Yuragingga yetarmi yo’lim?
Oqib borayapman umringga,
Qo’llarimdan ushla, sevgilim…


Online dars - zoom, google meet orqali


Yangi She'rlar Zebo Mirzo She'rlari Zebo Mirzo asarlari