Sahifa yuklanmoqda . . .


Navoiy

Do’stlar, bir zot kelmoqda asrlarni oralab,
Ezgulikni ulug’lab, razolatni qoralab,
Kaftida quyosh tutib, zulmat ko’ksin poralab,
Har ko’ngildan ko’ngilga safar qilar Navoiy,
Dillarni asir aylab, zafar qilar Navoiy.

Ko’z ochgaydir toshlar ham tegsa qutlug’ hassasi,
Qalblar buloqqa do’nar – asotirli “Xamsa”si,
Ikki dunyoga bezak ham suvrati, ham sasi:
Oshiqlar barhayotdir – zavol bilmas Navoiy,
Zamonlar shiddatini ko’zga ilmas Navoiy.

Qaqnus, Simurg’ tilida – yaxshilarning hayrati,
Nafis majlislar tuzmish Layli, Shirin hay’ati,
Pisand emas Iskandar, Dorolarning haybati,
Yetti sayyorani ham qo’lga oldi Navoiy,
Yulduz so’zlarni oydin yo’lga soldi Navoiy.

Oltin misralar tiza yuksaltdi ishq zinasin,
El-ulusga ochdi u maxfiy Haq xazinasin,
Besh asrdan oshdikim, tuganmas ganjinasin –
Ayamasdan ulashar saxiy vazir Navoiy,
Har ko’ngilda tikladi boqiy qasr Navoiy.

Oshiqlarning shohi u, shoirlar avliyosi,
Tomirlarni yoritgay har hikmatin ziyosi,
Adabiyot mulkida yo’qdir tengi, qiyosi,
Kim qalamga suyansa, shaksiz, piri Navoiy,
Yaratganning oshkor va pinhon siri Navoiy!

Xuruj qilsa hasrat, oh – ko’nglingga quloq tutgay,
Goh qo’shilib yig’lar u, goho kulib ovutgay,
Ruhingni ko’targaydir, garchi o’zi qon yutgay,
Har bayti bir tumordir – balogardon Navoiy,
Oshiqlarning dardiga davo har dam Navoiy.

Men ham bitta shaydoman – poyini o’psam deyman,
Oyog’ini quchgan iz joyini o’psam deyman.
To tirikman, ko’yida yukinib o’tsam deyman,
Kim etagin tutsa gar – mangu qo’llar Navoiy,
Tushlarini yoritib, baxtga yo’llar Navoiy.

Orzum shuki, qo’liga Kavsardan suv quysaydim,
Bir dam yonida turib, pok nafasin tuysaydim,
So’ng, mayli, qismat esa, taassufda kuysaydim,
Umidvorman, holimni aybga yo’ymas Navoiy –
Dilbandini olovga tashlab qo’ymas Navoiy.

Ey, birodar, qarodan yuz o’girgil – oqqa kel,
Bul g’animat chog’larda dilni qutqarmoqqa kel,
O’zlikni anglay desang, bu kun “Milliy bog'”ga kel –
Har niholga nigohbon, panoh erur Navoiy,
Millat uchun abadiy mayoq erur Navoiy!


Online dars - zoom, google meet orqali


Yangi Chistonlar Nodir Jonuzoq Chistonlari Nodir Jonuzoq asarlari