Sahifa yuklanmoqda . . .
Bola edim tasavvuri keng,
Qo’shni edim shodlig-u baxtga.
Gul-u maysa, bulutlar qolib,
O’xshatardim o’zim daraxtga.
O’sdim, menga yo’l ochdi hayot,
Kamayardi ranglar tobora.
Vaqt notasin o’zgartirgan so’ng
Umr kuyi g’alat jaranglar.
Oq-u qora kunlar ichida
Taqdir meni duch etdi senga.
Hayot shuncha go’zal ekan-u
Shu paytgacha sezmabman nega?
Soatdagi milga osilib
Yuragimda kezardi hadik.
E’tiqodda sobit odamga
Sinov bormi-og’ir shunchalik?
Yuragingda qancha toqat bor-
Sabrxaltang liq to’la hisga.
Endi biroz chalg’i yumushdan,
Tabassumni ilib yur yuzga.
Ketmoqlikka yo’q zarra imkon,
Ildizlarim chuqurlab ketgan.
Jaziraga yetmasdan turib
Bir savolim bor edi senga:
Ne uchundir isimoqda dil,
Yo’lim uzoqdayinmi baxtga.
Qaysi ko’zing bilan qaraysan
Uzoqlarda qolgan daraxtga?..
Saodat Fayzieva 1992-yil 11-iyulda Buxoro viloyati Olot tumanida tug’ilgan. Qalbida ilmga qiziqish erta uyg'ongan bo'lajak shoira tumandagi fizika-matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan 31-IBMIga o'qishga kiradi. U 2009-yilda ushbu dargohni a'lo baholar bilan tamomlab, O’zbekiston Milliy universitetining o’zbek filologiyasi fakultetida tahsilni davom ettiradi va bu yerda ko'plab ustozlardan adabiyotning nozik sir-u asrorlarini o'rganadi. Uning she'rlarida ayol qalbining eng inja va sohir jihatlari mahorat bilan qalamga olingan.