Sahifa yuklanmoqda . . .
Ha - Asarlar - ha so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Doim yonma-yonmiz, hamroh kimdirga, Kunning tonglarida, kechalarida. Shahar yo‘llarini to‘ldirib birga, Yolg‘izmiz umrimiz ko‘chalarida. Gavjum bozorlarda, hiyobonlarda, Tirband yo‘laklarda yonma-yon yurib. Ulkan daryo kabi shovqin-suronda, Qaylarga oqamiz turtib-turtinib. Havo qorishtirar nafasimizni, Izimizni yaqin qiladi tuproq...
Shoshilib-shoshilmay oyoq qo‘yamiz, Baland binolarga boqib odatda. Zinalarni bosib ko‘tarilamiz, Hayotda, ilmda, adabiyotda. Har tong yo‘limizda uzun zinalar, Har kech qadamimiz ostida yana. Nafaqat bitondan, toshdan, taxtadan, Hattoki odamlar bo‘ladi zina. Yuksak-yuksaklarni ko‘zlaydi yurak, Faqat yuksaklarda omad bilinar...
Qutblar cho‘zilar olis-olisga, Tayanch nuqtasida aylanar hayot. Ulkan minoralar, qoyalar, hatto Tayanch nuqtasiga ega koinot. Milliard sayyoralar, milliard zarralar, Milliardta ko‘ngillar, yuzlar turfa xil. Barchasi aylanar, adashar, lekin Tayanch nuqtasiga sodiq muttasil. Sokin oqshomlarning sovuq nafasi Ko‘ksimda huvillab esgan daf'ada...
Tasavvufiy ruhda bitilgan asarlarni o'qish kishidan alohida tayyorgarlikni talab qiladi. Xususan, bunda tasavvufiy istilohlardan boxabar bo'lish lozimdir. Yo'qsa, asar ma'nosi anglashilmaydi yoki butunlay zid ma'noda tushunilishi mumkin. Ushbu g'azalda ham lirik qahramon yorga yolborib: "Bir bo'sa ber", deya o'tinar ekan, bunda solih bandaning Allohdan lutf-u marhamat tilayotganini ko'rishimiz mumkin.
Atirgul barglari... Oddigina manzara. Oddiy ko'z bilan boqsangiz, unda mo'jizakor hech nima yo'qday. Ammo lirik qahramon bu gulga ko'ngil ko'zlari bilan boqadi va uning necha ming jon uchun butun boshli bir dunyo ekanini ko'radi. Qalbini ishq asir etgan, o'zidagi nafsni yenggan va malaklikka moyil bo'lgan jumla tirik jon borki, shu atirgulning xushbo'y va nafis gulbarglari qatidan o'ziga makon tutibdi...
Hazrat Navoiy o'zining o'lmas asarlari bilan o'zbek adabiyoti bo'stonida hamisha barhayotdir. Uning har bir baytida kelajak avlodlar uchun ming-ming ibrat va hikmat mujassamligi sabab bu noyob ma'naviy xazina asrlar shiddatini ko'zga ilmaydi. Shu bois hazrat asarlarini mutolaa qilib, undagi teran mazmunni anglash va dilga jo etib yashash har bir farzandning sharafli burchidir. Ushbu she'r ham buyuk mutafakkir madhiga bag'ishlanadi.
Muhabbatning mabdasi ham Alloh. Bandaning eng toza hislari ham Allohdan in'om etilgan va ular yolg'iz Allohga tegishlidir. Ammo bandalar ko'pincha bu dunyo hoy-u havaslariga berilib ketib, o'z Xoliqlarini unutib qo'yadilar. Holbuki, Alloh bizni o'z mehridan yaratgan paytda biz sevgan mol-dunyo qayoqda edi? Shon-shuhrat qayoqda edi? Mansab-amal qayoqda edi? Qayoqda edi bizning internet? Yorimiz qayoqda edi? Aslida bu ne'matlarning hammasi omonat. Ular bari o'tkinchi. Bu ne'matlarga bo'lgan ishtiyoq asl muhabbatimizdan - Allohdan uzoqlashtirmasin bizni...
Bu she'r ayriliqdan hikoya qiladi. Unda dastlab beg'ubor bolalik o'yini - bekinmachoq haqida so'z boradi. Bolacha va qizcha har kuni bekinmachoq o'ynaydilar. Qiz berkinadi, bola uni hech bir qiyinchiliksiz topadi... Shu tarzda yillar o'tadi. Bir kuni to'satdan qiz chimildiqqa bekinadi. Yigit noilojlikdan hammasi bir o'yin deydi va taqdirga ko'nadi. Shundan beri u qizni ko'cha-ko'yda ko'rgan zahoti bekinib oladi. Qiz ham uni zimdan ko'rib tursa-da, hech qachon uning yoniga topib bora olmaydi...
Mazkur she'r noan'anaviy mavzuda bitilgan bo'lib, unda singlisi uzatilib, o'zi turmushga chiqmay qolgan va el nazarida "qariqiz" degan nom olgan qizning og'ir iztiroblari, dardlari o'z ifodasini topgan. Albatta, har narsaning o'z vaqtida bo'lgani yaxshi. Har bir qiz ham o'z baxtini kutib, ne-ne orzular qanotida yashaydi. Ammo hammaning taqdiri har xil. Alloh hammaga har xil sinov beradi... Ushbu she'r o'quvchini o'zgalar dardini ham tushunish va his etishga o'rgatadi.
Ushbu she'r hazilomuz ruhda bo'lib, unda shahardan o'ziga qo'nim topgan qishloqlik shoir yigitning kechinmalari nozik yumor bilan ifodalangan. May oxirlab, o'rim davri boshlansa-da, lirik qahramon qishloqqa qaytmay, shahardan turib, dehqon sha'nini olqishlovchi she'rlar bitishni afzal ko'radi. Ammo uning qalbi shunchalar sodda va beg'uborki, u o'z qilmishidan o'zi uyaladi, ko'chadagi har bir yo'lovchi unga ta'nali nigoh bilan boqayotganday tuyuladi...
Bu she'r pokiza va nafis muhabbat qissasidan so'zlaydi. Undagi oshiqlar ko'cha-ko'yda yetaklashib yurmaydi, bir-biriga behayo ko'zlar bilan termulishmaydi. Ular muhabbati ham o'zlari kabi go'zal. Lirik qahramonning oddiygina hayotiga nur bo'lib kirib kelgan bu malak shunchalar hayoli, shunchalar pokizaki, oshiq uning suratiga boqib, "Meni suyasizmi?" deya so'roqlagani uchun hatto surati ham qizarib ketadi...
Mazkur she'rda befarzand ayol iztiroblari g'oyat ta'sirli ifoda etilgan. She'rda dardkashlik ruhi sezilib turadi. Muallif ayolning hech kimga nolimay, taqdirdan shikoyat etmay jimgina hayot kechirishi, Alloh bergan sinovlarga chiroyli sabr qilib, dardlarini ichiga yutib yashashini ko'rsatar ekan, ayolning irodasi va matonatiga hayratda qolasiz. Ko'nglingiz tubida unga farzand tilab duo qilasiz...
Har bir inson yuksaklikka intiladi. Yuksalmoq umidida o'qiydi, ilm oladi, mehnat qiladi, kurashadi, to'siqlarni yengadi, ijod qiladi,... U bir kun bu maqsadlarga erishar ham. Uni hamma juda ulug' va yuksak odam deb bilar. Biroq u baribir bir inson uchun oddiygina bola bo'lib qolaveradi. O'sha "katta" odam ham mana shu inson tizzasiga bosh qo'yib, tinchgina orom olishni, uning qoshida o'z dardlari-xatolariga bir-bir iqror bo'lishni tilaydi. Chunki bu inson uni hamisha tushunishi va ovutishiga shubha qilmaydi. U - Onadir.
Uch og'a-ini botirlar ertagini hamma biladi. Botirlar qarshisidan uch yo'l chiqadi: "Borsa kelar', "Borsa noma'lum", "Borsa kelmas"... She'rning lirik qahramoni - shoir qarshisidan ham ana shu uch yo'l chiqadi. U esa hech ikkilanmay "Borsa kelmas"ni tanlaydi. Chunki uning tabiati mujmal o'yinlarni yoqtirmaydi, uning tabiatida taqdirga tik boqish bor. Zero, "Borsa kelmas" - bu umr yo'lidir...
To‘rtburchak dunyoni devorga osdim... Dunyo oshiq uchun yorning o'zidan iborat. Ishqqa oshno ko'ngilga yorning quvonchlari - dunyo quvonchi, yorning g'amlari - dunyo g'ami. Ammo yor uning dunyosini tark etsa-chi? Bunda oshiq hayot ma'nosini yo'qotmaslik uchun yor suratini devorga iladi. Qalbidagi so'nggi umid bilan yor yo'lini poylaydi. Bu yo'llar - yor ketgan yo'llar. Bu yo'llar - yor qaytmas yo'llardir. Hozir uni oppoq qor bosgan...
Oshiqlar uchun bu hayot butkul o'zgacha ma'no kasb etadi. Ular goho otashin hislar qanotida samolar qo'ynida parvoz etsa, gohida tuproqqa aylanib, ma'shuqa oyoqlari ostiga to'kiladi. Ba'zan bahor bo'lib, qalbida yangi-yangi orzu-umidlar gullasa, ba'zida kuzga aylanib, hislari ming bir xazonlarga do'nib, taqdir shamollarida sarsari kezadi. Oshiqlar ko'ziga dunyo boshqacha ko'rinadi. Ular uchun yorning o'zi butun bir olamdir. Ular o'z dunyosini yordan ayri holda tasavvur eta olmaydilar. Ushbu she'r ham chin oshiqning ko'ngil nolalaridir.
Chinakam ayriliq sevganingdan olisda yashamoq emas. Chunki ko'ngillar bir ekan, bir kun topishmoqqa umid bor ekan, masofalar olisligi ayriliq sanalmaydi. Chinakam ayriliq sevganing bilan yo'llaring ayro bo'lishi. Har bir daqiqa, har bir soniya uni bag'ringdan yulib ketayotganini his etib turishdir. U seni, sen esa uni hech qachon yodingdan chiqara olmasang-u, uni sendan atigi bir necha qadamli yo'l ajratib tursa-yu, yoniga borolmasang, unga eltuvchi yo'llaring hijron dashtida g'oyib bo'lgan bo'lsa, bu haqiqiy hijrondir.
Shoirning yuragi ulkan bo'ladi. Busiz iloj yo'q. Sababi u shu yuragiga butun olam haqiqatlarini, quvonch-u tashvishlarini, dardlarini joylay olishi lozim. Dunyo bozorida har kim o'zida bori bilan savdo qiladi. Kimdir riyokorlik bilan, kimdir fosiqlik bilan... Shoir esa odamlarga o'z yuragini taqdim etmoq niyatida. Doim dunyo tashvishlariga ko'milib, nimadandir norozi yuradigan odamlar hayotiga ozgina bo'lsa ham nur baxsh eta olsa bo'lgani. Ammo bu yurak shunchalar ulkanki, uni hech kim butunlay o'ziga ololmaydi va ular qo'llariga xanjar olib, uni burdalay boshlaydilar...
"Bog‘ qo‘ynida ikki daraxt — Bir-biriga intizor. Sen — bir daraxt, Men — bir daraxt, Kuyib-kuyib o‘tdik, yor..." Ha, bu hayotdan kimlar bir-biriga intizor bo'lib, kuyib o'tmagan. Tarixlarda hijron, qo'shiqlarda hijron, dostonlarda hijron, ertaklarda hijron. Balki, muhabbatning chinligini, oshiqlar o'rtasidagi ko'zga ko'rinmas rishtaning mustahkamligini ko'rsatuvchi kuch ham aynan ayriliqdir. Ushbu "Hayot qo'shig'i"da ham ayriliq dilga yaqin holda kuylangan.
Sevgi inson uchun eng ardoqli tuyg'u bo'lsa, andisha ham g'oyat qadrli tuyg'udir. Mazkur she'rning lirik qahramoni ham kimgadir ko'ngil bergan, ammo buni oshkor eta olmagan. U hayotda hamisha nimanidir, kimnidir kutib yashagan. Undagi oq sochlar, ajinlar bundan guvohlik bermoqda. Biroq... U chinakam oshiqlarga xos ravishda ishqini ta'na qilmaydi. Toki ma'shuqqa ozor yetmasin. Axir o'rtada bor: yillar, andisha va oshkor etilmagan muhabbat...
Muhabbat dardiga davo bormi? Oshiq o'z ma'shuqasini unutmoqqa har qancha urinmasin, besamar. Kunduzlar o'zini hayot tashvishlariga alahsitsa-da, kechalar yana uning yodi yurakka qaytadi va shu zahoti oshiq jism-u jonini zabt etadi. Shunda u munavvar tunga boqib, yig'lagan ko'yi yor ismini takrorlaydi. O'rtada masofa olis. Mahbuba o'z oshig'ining ovozini eshitmas. Biroq shunda ham oshiq ming andisha bilan yoridan mabodo uning ovozini eshitib qolsa, ishonmasligini, yig'lamaslini so'rar ekan, bir o'tinchdan o'zini tuya olmaydi: "Unutma faqat..."
Hijron og'ir. Visol rohatbaxsh. Ammo bir necha soniyadan so'ng hijron kelishi kutilayotgan damlardagi visol-chi? Bu baxtmi yo dard? Azobmi yo rohat? Tun. Yomg'ir mayda-maydalab yog'moqda. Oshiq yuragi ham tilka-pora. So'nggi tun. Visolning so'nggi damlari. Tong ularni ajratishi muqarrar. Ammo ular hozircha birga... Tong otgach ularni qanday taqdir kutib turibdi? She'r ana shu dardli o'ylarning otashin ifodasi yanglig' dunyoga kelgan.
Muhabbat va rashk. Ikkisi egiz tushunchalar. Sababi biri ikkinchisisiz mavjud bo'la olmaydi. Inson o'z sevganini dunyoda hamma-hammadan - hatto oy-u yulduzlardan, gul-u giyohlardan, bahor-u yozlardan qizg'onadi. Oshiq ma'shuqasini o'z qalbi qadar yaqin ko'radi. Qalbsiz yashab bo'lmagani kabi mahbubasidan ham yiroq hayot kechirishni tasavvur eta olmaydi. U butun borlig'i bilan sevgilisiga qarata: "Sen faqat menikisan! Men seni hech kimga bermayman!" deydi...
Ushbu she'rda insonning yurak qatlarida bo'ladigan, hatto eng yaqin do'stga ham aytish, tushuntirish imkonsiz bo'lgan hislar juda ta'sirchan va sof holda ifoda etilgan. Alloh qaysidir bandasiga ulkan dard - shoirlik qismatini berar ekan, unga shu dardni ko'tara oluvchi ulkan yurak ham beradi. Binobarin, bunday ulkan yurak bilan inson kichikkina qishloqqa sig'maydi. U bu yerdan ketishga majbur. Ammo qayerga bormasin, dasht - vatani unga hamisha hamrohlik qiladi...