Sahifa yuklanmoqda . . .
Qutblar cho‘zilar olis-olisga,
Tayanch nuqtasida aylanar hayot.
Ulkan minoralar, qoyalar, hatto
Tayanch nuqtasiga ega koinot.
Milliard sayyoralar, milliard zarralar,
Milliardta ko‘ngillar, yuzlar turfa xil.
Barchasi aylanar, adashar, lekin
Tayanch nuqtasiga sodiq muttasil.
Sokin oqshomlarning sovuq nafasi
Ko‘ksimda huvillab esgan daf'ada.
Shovqin ko‘chalarning bazm shu'lasi
Qarshimda sharpadek uchgan pallada.
Men kimga suyanay, kimga tayanay?
Kimni muqaddas dey, samo tuhfasi?!
Men seni topmadim, izlayman hamon,
Umrimning eng so‘nggi tayanch nuqtasi.
Kechmish yillarimning sahifasida
Umr yulduzim deb bildim kimlarni.
Kunlarning oraliq daqiqasida
Taqdirim deb kezdim yanglish yo‘llarni.
Mayli, so‘nggi bora muhringni chek,
Yorug‘ peshonamga, ey hukmi olam!
Bizni uchrashtirgin, o‘zgarmasin hech,
Taqdir chiziqlari tutashsin bir dam.
Taqdir chiziqlari tutashsin bir dam,
Ko‘ngil rishtalari bog‘langan fursat.
Bir inson umricha vaqtga bo‘lsa ham,
Bizni baxtli qilgin, ey oliy qudrat!
Bizni baxtli qilgin, ey oliy qudrat!
O’zbekiston Milliy universiteti falsafa fakulteti bakalavr va magistratura bosqichlarida tahsil olgan. “Ostona” va “Shoir xayollari” she’riy to’plamlari muallifi. Somerset Moem, S.A.Tolstaya, O.Genri, R.Agutagava ijodidan qilgan tarjimalari e’lon qilingan.