Sahifa yuklanmoqda . . .
Audio bu yerda yuklanmadi, iltimos ushbu aloqani bosing
Ey yuzing shavqi tanimdin oldi jon, bir bo`sa ber,
Vay labing zavqi ichimni qildi qon, bir bo`sa ber.
Tobakay qahring bila nokom o`ylakim goh-gohi,
Til uchidin lutf etib ochib dahon, bir bo`sa ber.
Xastalarg`a no`shi la’lingdur ravo baxsh abad,
To topoy man ham hayoti jovidon bir bo`sa ber.
Gar tani bemorima bermak tilarsan noza jon,
Jon kibi ko`ksim aro aylab makon, bir bo`sa ber.
Bo`sai la’ling nabotig`a gar istarsan baho,
Mandin olib hosil-u, jon-u jahon, bir bo`sa ber.
Yo`qsa izhor aylabon mehru-muruvvat rasmini,
Man g`aribi bedilingga royig`on bir bo`sa ber.
Lahza-lahza to`tiyi ta’bimni go`yo istasa,
Shakkaristoni labingdin har zamon bir bo`sa ber.
Oshkoro bo`sa bermakdin agar sharm aylasang,
Xilvat ichra kelib, eldin nihon bir bo`sa ber.
Ogahiy piru zaif o`lmish chekib ishqing yukin,
Istasang oni qari-yu, navjuvon, bir bo`sa ber.
(1809-1874) Alisher Navoiydan keyin o’zbek adabiyoti tarixida ijodining ko’lamdorligi jihatidan birorta adib Ogahiy bilan bellasholmaydi. U yigirma ming misradan ortiqroq she’rlar, olti tarixiy asar, o’n to’qqiz tarjima asari qoldirgan. Uning «Ta’viz ul-oshiqin» («Oshiqlar tumori») devoni mashhurdir. Devonga o‘zbekcha she’rlar bilan birga fors-tojik tilida yaratilgan asarlari ham kiritilgan.