Sahifa yuklanmoqda . . .
Ha - Asarlar - ha so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Derlar: “Shaharda gap qo’zg’alur oson, Aziz yorim fe’l-atvori yomon”, Yaxshi manbadan hech chiqmas rasvolik, Oxir yaxshi bo’lur, yashayver, nodon.
Ishq majoziy esa, oftobi bo’lmas, Kul bosgan olovning hech tobi bo’lmas, Chin oshiqning esa kecha-yu kunduz Oy-u yillar ko’zda dam-xobi bo’lmas.
Bu qabrdagilar bo’lmishlar tuproq, Zarra-zarra bo’lib yotishar tarqoq, Oh, bu qanday sharob ekan, uni ichganlar Qiyomatga qadar es-hushdan avloq?
Bir burchakda qotgan nonga qanoat, Istamadim undan ortiq hashamat, Jon-u dildan xarid etdim faqirlik, Faqirlikdan ortiq ko’rmadim davlat.
Umring yuz yil bo’lsin-besh yuzmi – xazor, Bu ko’hna saroydan ketasen nochor, Oxiri qiymating bitta bo’ladi – Bozorda gado bo’l, taxtda shahriyor.
Tiriklikdan nima g’aming bor, ey yor? Behuda fikrdan dil-jonda ozor, Quvnoq yashagil-u umring shod o’tkaz, Taqdir qo’lingdamas, nima chorang bor?
Olam gardishidan o’z bahrangni ol, Shodlik taxtiga min – qo’lda may halol, Boysunsang-sunmasang xudo zor emas, Olamda baxtingni o’rinlatib qol.
Jahon haqiqati majozdir, ey dil, Behudaga ranj-u anduh chekmagil, Qazoga taslim bo’l, ko’p-oziga ko’n, Qazo qalambarin o’zgarmas deb bil.
Deding: “Haqiqat ne? Nimadir odam?” So’zlasam, cho’zilib ketadir qissam, Haq uni undirib daryo qa’ridan, Qa’riga otadi yashatmay bir dam.
Yo Alloh, ul go’zal oyni yaratib, Sochi-sunbulidan anbar taratib, Unga qaramagil deya buyursang, Zulm-ku, dil shavqin o’zing qo’zg’otib.
Pok-u ahil, oqil kishiga o’rtoq Bo’l-u, noahildan qochaver yiroq, Dono senga zahar tutsa ham ichgil, Qo’l cho’zmagil sharbat tutsa ham ahmoq.
Kecha sharob izlab bosar edim yo’l, Yo’lda yotar o’tda qovjiragan gul, Dedim: “Gunohing ne – kuydiribdurlar?” “Bir nafas chamanda kuldim”, dedi ul.
Afving bor – gunohdan qo’rquv bilmayman, Rizq berding- yo’l ranjin ko’zga ilmayman, Rahmingdan oq yuz-la tursam Mahsharda, Nomim qora deya tashvish qilmayman.
Olam tuzog’idan ozod emasmiz, Bir nafas olmoqdan hech shod emasmiz, Hayotga ko’p shogird bo’ldig-u hanuz Dunyoning ishiga ustod emasmiz.
Ey charx, gardishingdan emasman xursand, Ozod et, yarashmas menga hech bul bad, Nodon, noahilga gar karam qilsang, Men ham emasman-ku ahli donishmand?
Yaxshi nom-la mashhur bo’lmoq yaxshidur, Dema, charxdan ranjur bo’lmoq yaxshidur, Tok suvidan maxmur bo’lmoq yaxshidur, Dema, zuhddan mag’rur bo’lmoq yaxshidur.
Kechagi kuningni aylamagil yod, Ertang kelmay turib etma ko’p faryod, O’tgan, kelmaganga qayg’urmoqni qo’y, Quvnoq bo’l - umringni qilmagil barbod.
Dardga chalinmish bu dili vayronam, Ishqdan uyg’onmadi sarmast jononam, Oshiqlik sharobin berganlari kun, Jigarim qoni-la to’ldi paymonam.
So’zimga quloq os, ey do’sti a’lo, Dunyo ishlarini o’ylama aslo, Qanoat go’shasin aylabon makon, Olam ishlarini qilgil tomosho.
Bir ko’za keltirgil, bo’lsin bezarar, O’zing ich, menga ham uzat barobar, Davron o’z izidan aylanib, oxir Tuprog’imiz ko’za qilur ko’zagar.
Shuhrat topsang, kishilar hasadi yomon, Yolg’iz qolsang, sendan qilishar gumon, Hizr bo’lsang hamki, hech kimni bilma, Seni ham bilmasain, mayli, biror jon.
Bir kosa sharob-la ko’nglimni shod et, Na o’tmish, na kelmish kuningni yod et, Zindoniy qilingan omonat jonni Aqlning bandidan lahza ozod et.
Ey bodayi xushbo’y, o’xshaysan gulga, Ammo dil gavharin berasan qo’lga. Kim ichsa, omonlik topmaydi sendan, Aql ko’zin bog’lab, solasan yo’lga.
Qo'ygan tuzog'ingga to'liq bu olam, Ilinamiz qayga tashlasak qadam, Sening hukmingsiz-ku siljimas zarra, Nechun men osiy-u, joyim Jahannam?..