Sahifa yuklanmoqda . . .
May tugadi. Qishloqda
Boshlandi g'alla o'rim.
Ukamlar ishlamoqda,
Men bormayman, men - po'rim.
Shahardaman. o'zimga
O'zim xonman, o'zim bek.
Go'yo hamma ko'zimga
Boqar ta'na qilgandek.
«Arpangni xom o'rdimmi?!
Toshingni ter...» - kuyaman.
Yumshoqqina o'rnimni
Panaroqqa qo'yaman.
Yozish mumkin endi she'r,
Dehqonga she'r bitish shart:
«Uka, javlon uraver,
Topilmaydi senday mard.
Ko'zingga ter quyilsin,
Nafasing - issiq bug'day.
Xirmon-xirmon uyilsin -
Vatanga kerak bug'doy.
Xalq och qolmas sen bo'lsang,
Soya topar o'tda ham.
Tamom bo'lar sen so'lsang,
Menday qancha muttaham.
Demak, olov faslida
Qo'ldan tushmasin o'roq.
U o'roqmas aslida -
Menga yo'nalgan so'roq - ?
«Qaytmaysanmi?» - «Bilmayman,
Shahar qildi dabdala.
Tunda Oyga yig'layman,
Yuragim - yaydoq dala.
Nafrat mo'l-u mehr oz,
Qarashlar bir qolipda.
Go'zal hislarim - tannoz,
Fikrlarim - olifta.
Suyanchiq yo'q, ustun yo'q -
har odimda bitta jar.
Xudo bor-ku! Ko'nglim to'q...
Ne deyapti odamlar?
Kim aytdi?! Yiqilyapman!?
Yolg'on. Orzu-o'yim - oq.
Faqat... shu... siqilyapman...
Jonga tegdi bo'yinbog'!»
1999