Sahifa yuklanmoqda . . .
Derazadan boqar sohibjamol oy,
Nigohlari to‘la karashma, chiroy.
Kechirgin, bo‘libman oyga mahliyo.
Ishon, endi unga qilmayman parvo.
Oyning sochlarini mayli, o‘rmayman,
Men seni oylarga bermayman.
Suluv kelinchakdek bezanmish bahor,
Dalalar ham gulzor, bog‘lar ham gulzor.
Gullarga boqqandim, kulib, ochilib,
Yoshlaring ketdilar nurday sochilib.
Bahor gullarini mayli, termayman,
Men seni gullarga bermayman.
She'r chorlar, bir lahza asir bo‘laman.
Yonaman, kuyaman, toshib-to‘laman.
Sen-chi, unut bo‘lib g‘arib burchakda
Turibsan...G‘am toshi cho‘kar yurakka...
Ilhom bilan, mayli, suhbat qurmayman,
Men seni hech kimga bermayman...
Qancha shirin damdan kechmog‘im mumkin,
Faqat sen o‘ynagin, quvongin, kulgin.
Sen mening taqdirim, oxir azalim,
Sen mening bahorim, oyim, g‘azalim.
Qalbimsan! Men qalbsiz sira yurmayman,
Qalbimni hech kimga bermayman...
Men seni hech kimga bermayman...
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).