Sahifa yuklanmoqda . . .
Bu qiz bilan har kuni
O'ynardik bekinmachoq.
Darrov topardim uni
Devorga bekingan choq.
Qo'l ushlashib adirga
Chopar edik hakkalab.
Qaytardik keyin birga,
Qo'ymas edim yakkalab.
Ishonmasdan, ko'zimni
Kafti bilan yopardi.
Bekinardi. Men uni
Osongina topardim.
Kapalakday beqaror,
Ohuday edi qochoq.
Keyin bilsam, aslida
Bu dunyo - bekinmachoq.
Bir kun ogoh qilmasdan
Bir burchakka chekindi.
O'zi bilib-bilmasdan
Chimildiqqa bekindi.
Ovoz berdim: «Bo'ldi, chiq,
Qanisan?..» - tinglar edi.
Lekin negadir piq-piq
Chiqmasdan yig'lar edi.
Kiray desam yoniga,
To'siq bo'ldi yangalar.
Igna sanchib jonimga,
Dil dardimni yangilar.
Tashqaridan so'z qotdim:
«Hammasi o'yin edi,
Ko'z yumdim-u - yo'qotdim,
Bu yog'i to'ying endi...»
Shundan beri har kuni
Yaramga teginaman.
Uzoqdan ko'rib uni,
Shu zahot bekinaman.
Ergasholmas izimdan,
Ortimdan chopolmaydi.
Ko'rib turar-u zimdan,
Hech qachon topolmaydi...
2002