Sahifa yuklanmoqda . . .


Endi u ko‘chaga sira bormayman...

Endi u ko‘chaga sira bormayman.

Borsam — daraxtlari gullar telbahol,
Go'yo sen-u mening bahorim kabi.

Endi u ko‘chaga sira bormayman.

Borsam — sim-sim yog‘ar mayin yomg‘irlar,
Ko'ngilchan yomg‘irlar jim-jim yog‘adi —
Go'yo sen-u mening yomg‘irim kabi.

Endi u ko‘chaga sira bormayman.

Borsam — falagida qolmas halovat —
Turnalar alamli qichqiriqlarda
Tushunuksiz dardlarni aytib yig‘lashar,
Go‘yo sen-u mening qushlarim kabi.

Endi u ko‘chaga sira bormayman.

Borsam — g‘ussali bir derazasida
Ko‘chaga termulib, holsiz turasan —
Dunyoning eng g‘amgin darpardasiday.

Endi u ko‘chaga sira bormayman.

Unda ne qilaman shamol bo‘lmasam —
Parda etagingga shamol yuzimni
Bosib yig‘lolmasman — nima qilaman?


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 15-Aprelda yuklangan

569 marta ko'rildi

3 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
ko'cha daraxt gul telba bahor yomg'ir ko'ngil falak halovat turna alam qichqiriq dard yig'i g'ussa deraza hol dunyo g'am darparda parda shamol etak yuz
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari