Sahifa yuklanmoqda . . .
Dam - Asarlar - dam so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Bu hikoyada ajoyib bir voqea tasvirlanadi. U ov qilish uchun yo'lga chiqqan odam tilidan yozilgan. Bir kuni u yomg'irda qolib ketadi va yo'lovchilar birrov qo'nib o'tishiga mo'ljallangan kamarchaga kirib jon saqlaydi. Kamarchada yana bir kishi bor edi. Sirtdan qaraganda oddiygina bo'lib ko'ringan bu odam hikoya so'ngida ovchi yigitni hayratda qoldiradi...
Ushbu hikoyada odamning butun boshli taqdiri hikoya qilinadi. Unda Rahima ismli ayolning hayoti, kechmish-kechinmalari qalamga olinishi misolida o'quvchi umr va uning mazmuni haqida chuqur falsafiy mushohada yuritish imkoniga ega bo'ladi.
Bu she'rda so'zlangan hikoyat sizni chuqur o'yga tolishga majbur etadi. Hikoyat bir sodda va kamtarin inson hamda uning badfe'l xotini haqida. Bu inson bir umr xotini tomonidan yetgan jabrga sabr etib yashaydi va dunyodan o'tadi. Bir kun tunda xotini uning qabriga sham ko'tarib boradi, ammo ne ko'z bilan ko'rsinki...
Mazkur she'r falsafiy ruhda bitilgan bo'lib, unda shoir insonning hayotiga aslida nima xavf solishi haqida teran mulohaza yuritadi. Uning fikriga ko'ra, "Inson o'lmas biri birining o'lishiga bermasa yordam". Nega shunday? She'rni o'qigach, buni o'zingiz bilib olishingiz mumkin.
Qadim-qadimdan urushlar tufayli qanchadan qancha odamlar qurbon bo‘lgan, ayollar tul, bolalar yetim qolgan, gullab-yashnab yotgan shahar-u qishloqlar kultepaga aylangan. Shuning uchun ham yuragida odamzodga mehr-muhabbat bo‘lgan har qanday inson hamisha janglarga qarshi chiqqan. "Nido" dostonida ham insoniyat boshiga katta kulfatlar keltiruvchi balo - urush qattiq qoralanadi. Asar avtobiografik xarakterga ega...
Turmushdagi oddiygina holatdan - choy suzilayotganda choynakning piyolaga «egilishi», choy ichayotganda inson piyolaning peshonasidan «o‘pishi» lavhasidan dunyoga kelgan ushbu she'rda eng go'zal insoniy tuyg'ulardan bo'lmish kamtarlik madh etilar ekan, unda shoirning donishmandligi va zakovatini tuyish mumkin.
Ushbu she’rda shoirning diliga qiynoq beruvchi, qalbini azoblovchi tuyg’u g’oyat samimiy aks ettirilgan. Shoir boshiga qora kunlar tushgan mahal oilasidan uzoqda tuhmat jabrini tortar ekan, to‘satdan onasining vafoti haqidagi sovuq xabar uning dilini teshib o‘tadi. Onasini hatto so‘nggi yo‘lga ham o‘zi kuzata olmagan farzandning qonli bag’ridan ushbu satrlar to‘kiladi…
Mazkur she'r ishqiy lirikaning yorqin namunasi bo'lib, unda muallifning armon-u alamlar to'la muhabbati, qalb hasratlari ifoda etilgan. She'rda lirik qahramon bevafo yorga murojaat etib: "meni yana o'zingga rom etib, ko'nglimni xohlagan ko'yingga solaman deb o'ylama, sening asl qiyofangdan ogohman. Yaxshisi, mendan uzoq bo'laqol", deydi.
Ushbu she’rda shoir to’rg’ay qushini tongni ardoqlaguvchi, hayotni maqtaguvchi ezgulik darakchisi sifatida ko’rsatadi.Bu shunchaki qushni maqtash, uning bir xislatini namoyish etish emas. Balki to‘rg‘ay misolida shoirning o‘ziga va o‘z hamkasblariga «haqiqiy shoir o‘z xalqining ovozi bo‘lishi, uni ezgu ishlarga chorlashi, yorug‘ tuyg‘ularni kuylashi kerak» degan murojaatidek tuyuladi...
G'.G'ulom bu she'rda «o‘zbek otasi»ning bo‘rtma, umumiy, hamma uchun tanish, yaxlit siymosini aks ettirgan. Unda otalarimizga xos bo‘lgan jamiki fazilatlar o‘zining yorqin ifodasini topgan. Ularning samimiyligi, jonsarakligi, har doim ham oshkor qilinavermaydigan farzandga mehr-u muhabbati, kuzatuvchanligi, tantiligi, andishasi... barcha-barchasi shu she’rda namoyon bo‘ladi.
Lahza nima? Ko‘z ochib yumguncha o‘tadigan fursat. Go‘yo e’tiborga, diqqatga arzimaydi. O‘z umrini poyonsiz deb o‘ylaydigan aksariyat odamlar uchun lahzaning sariq chaqalik qimmati bo‘lmasligi ham mumkin. Biroq... Biroq shoir bu she'ri orqali butun insoniyat hayoti - uning quvonch-u tashvishlari, hatto qismati ham mana shu lahzalarga jo ekanini favqulodda misollar bilan isbotlab beradi.
Inson bolasi yaralibdiki, qullikka, erksizlikka, mutelikka qarshi kurashib keladi. Tabiatan erk farzandi bo‘lgan shoir uchun o‘zidan minglab yillar ilgari o‘tgan insonlar qismati ham begona emas. U erksizlikning har bir qurbonini o‘z tug‘ishganiday ko‘radi, zolimlardan ularning xunini so‘raydi. Mazkur she'r go‘yo Usmon Nosirning o‘zini kutayotgan og‘ir erksizlik, surgun zulmatlariga oldindan ko‘targan isyonidek yangraydi!
Xalqimiz «Til bilgan el biladi», deb bejizga aytmaydi. Ushbu she'r ham chet tillarini o‘rganishga da’vat qilishi bilan muhimdir. Shoir tilni insonlar, turli millatga mansub kishilarni birlashtiradigan, do‘stlashtiradigan «robitai olamiyon» - kishilarning aloqa vositasi deb ataydi. Shuning uchun ham o‘zgalar tilini ona tilidek bilish «foydai kondir» deydi.
Ushbu she'r chin do'stlik haqidagi qiziq bir hikoya bo'lib, unda safarga chiqqan ikki do'stning bir-birlariga qanchalik vafodor ekanliklari ko'rsatiladi.
Shoir hayotida chuqur iz qoldirgan iztirobli sevgi tarixi bu she’rning yozilishiga turtki bergan. Unda ko‘nglining suygan yoridan ayrilgan lirik qahramon iztiroblari quyuq badiiy bo‘yoqlarda ta’sirli ifodalangan.
Mazkur she'rda o‘zbek kuzining go‘zal manzarasi chizilgan bo'lib, unda Cho‘lpon takrir san’atidan mohirona foydalanadiki, har bir so‘zning ma’no va tovush sig‘imlari favqulodda kengayib ketgandek bo‘ladi. Bor-yo‘g‘i ikki obraz-"gezargan tuproq" bilan "qizorgan yaproq" obrazlari kuzning o‘zbek diyoriga o‘ziga xos xislatlari bilan kirib kelayotganini yaqqol ko‘rsatadi. Bu satrlardan oqib turgan musiqadan kuzning sokin va mungli kuylari eshitilgandek bo‘ladi.
Ushbu she'rda Cho'lponning otashin ruhi aks etgan. U ko'ngilga qarata murojaat qilib, o'zini qiynayotgan barcha og'riqli savollarni beradi, dil dardlarini bayon etadi hamda uni hamisha ozod va hur bo'lib qolishga chorlaydi.
"Qozi Muhammad Rajab Avjning o‘zi to’g’risidagi g‘azali" deya nomlangan ushbu g'azal hajviy yo'sinda bitilgan bo'lib, unda shoir qozini yomon amallari uchun shunchaki qoralamaydi, balki qozining o'zi go'yo o'z qilmishlarini bayon etib, o'z-o'zini fosh qiladi.
Ma’shuqaning e’tiborsizligi, noz-u adolari sabab hijron azobidan aftoda holga kelgan oshiqning chegara bilmas iztiroblari, nolalari o‘ta ta’sirchan aks ettirilgan bu she’rning oltinchi baytida nafaqat shu g‘azalning, balki shoir ijodining mohiyati aks etadigan fikr aytiladi…
Mazkur tarji’band tasavvufiy mazmunga yo‘g‘rilgan ijtimoiy-falsafiy ruhdagi asardir. Tarji’bandda dunyo omonat binoga, bo‘yi, vafosi yo‘q gulshanga, jafokor tuban ayyoraga o‘xshatiladi va insonni unga ko‘ngil berib, aldanib qolmaslikka chaqiriladi.
Ogahiy ijodida uning «Ogohnoma» qasidasi salmoqli o’rin tutadi. Bu asar Muhammad Rahimxon Soniy, ya’ni Feruz Xiva taxtiga chiqishi munosabati bilan bitilgan. Qasida shohga tabrik va otasining o’limi uchun unga hamdardlik bilan boshlanadi. Ogahiy boshqa qasidago’ylar singari yosh hukmdorni maqtab, xushomad tulporini maydonga surmaydi, balki yurt boshqarish yuzasidan aniq va foydali o’gitlar beradi.
Ushbu g’azalni o’qir ekansiz, unda ifodalangan oshiqning samimiy so’zlari sizni beixtiyor o’ziga maftun etadi. Yor o’z jafolari bilan oshiqqa qancha zulm qilmasin, oshiq uchun bu azoblar ham rohat bo’lib tuyuladi va buning uchun yorga “Sallamno - tasanno” deydi.
Ushbu g'azal Ogahiy she'riyatining badiyati darajasini yaqqol ko'rsatib beruvchi asarlar sirasiga kiradi. Bir qaraganda, bu she'r sof ishqiy lirikadek taassurot uyg'otsa-da, uning qatiga chuqurroq kirib borar ekanmiz, ko'ramizki, unda falsafa ham, axloq ham, ijtimoiyot ham, hatto siyosat ham bor. Biroq yetakchi ohang baribir ishqdir.
Mazkur g'azal hasbi hol ruhida bo'lib, unda Uvaysiy o'z qalbining eng inja sirlarini qalamga olgan. Uni o'qish orqali siz shoiraning ko'ngil olamiga sayr etasiz.