Sahifa yuklanmoqda . . .


Onaginam...

Tovonimga chaqir tikanakday botguvchi

g’ashlik.

Bedavo sizloviqday sizlatguvchi

g’ashlik.

Jigarimni qiymalab ahyon-ahyon,

Chuchvaraga chekkuvchi

g’ashlik.

Meni o’ylab notavon va nimjon,

G’ashimga tekkuvchi

g’ashlik.

Suyaklarimni sirqiratib,

och tevatday g’ajiguchi,

Ko’zimga yosh tirqiratib,

Jig’ildonimda achchiq bo’zaday achiguchi g’ashlik.

Dunyoga qayta kelishimga ko’zim yetsaydi,

Yigit yoshim to’lmay turib,

Ayriliq zaylida qoq yog’ochday qurib

Jon bergan onamni ko’rishimga ko’zim yetsaydi,

Tizzasiga bir nafas bosh qo’yishimga ko’zim yetsaydi,

Onalik mehriga o’bdon to’yishimga ko’zim yetsaydi,

Oq sutingni oqlay, deyishimga ko’zim yetsaydi,

Menda g’ashlik netardi?

Yantoq o’tinidek,

Tamaki tutunidek,

Tong paytida taralgan badbaxtlik tunidek

Cheksiz fazolarga tarqab ketardi!

Onaginam!

Odam bo’ldimmi menam?

Yigit yoshimgacha bir chelak suv keltirib

bermagan bo’lsam,

Yo tashnaligingda bir kosa sharbat to’ldirib

bermagan bo’lsam,

Yo non yopishing uchun,

Hatto bir yo’la, bir kun

Sahrodan o’tin orqalab kelmagan bolangman...

Og’zingdan so’z chiqmay, yelmagan bolangman...

Sening arzimas bir yumushingni ado lolmaganim,

Sening bir ishorangga yuz o’mbaloq

oshib

 ketolmaganim,

Seni jindak xushvaqt qilgani,

Seni jindak xushbaxt qilgani

Tagsiz jarlardan o’tolmaganim,

Seni so’nggi yo’lga o’zim uzatolmaganim

Tog’day zil.

Abadiyatday cheksiz armon bo’lib qoldi

dilimda,

onaginam!

Odam bo’ldimmi menam?

Ha, odam sanashar meni elimda.

Senga qilolmagan xizmatim,

Sen deb chekolmagan zahmatim

Jindak zehnim, jindak she’rim,

jindak g’azalxonligim,

Onalik mehriga to’ymagan mehrim,

jindak yaxshilik va yomonligim

Meni odam sanagan elimga baxshida,

jafodiyda onaginam!

Elga xizmatim senga xizmatim emasmi axir,

El meni farzandim demasmi axir!

Rozi bo’l, odam sanalay menam...

Dunyoga qaytib kelurman,

Lekin boshqa o’g’il bo’lib...

1960


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 15-Fevralda yuklangan

1435 marta ko'rildi

3 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
ona tovon g'ashlik jigar qiyma chuchvara suyak ko'z jig'ildon bo'za dunyo yigit yosh ayriliq yog'och jon tizza nafas mehr sut yantoq o'tin tutun tamaki tong payt tun fazo odam chelak suv kosa sharbat
Muallif
Mirtemir

Mirtemir

Millat turmush tarzi, dunyoqarashi va orzu-intilishlarining betakror qirralarini o’zga ijodlardan farqli xalqona bir yo’sinda o’zbek badiiyatiga olib kirgan hassos, donishmand shoir. She’riyatida so’zning inja ma’no nozikliklari, qadim va turkiyona mavqelari qad rostlab, shoirning fusunkor, zakiy hikmatlariga xizmat qiladi.

Batafsil


Yangi She'rlar Mirtemir She'rlari Mirtemir asarlari