Sahifa yuklanmoqda . . .
Go‘zalim, bevafo gulistonim,
Bog‘i umrimda toza rayhonim,
G‘am-u qayg‘ularim hujumindan
Sen eding mehribon nigahbonim.
Meni behuda tashlading-ketding,
Nega o‘ldirmading-da, tark etding.
Kel, gulim, kel, ayoqingg‘a yiqilay,
Bir zamon qo‘y: to‘lib-toshib yig‘lay.
Qo‘y, biroz qo‘yki, xoki poyingni
Surmadek yoshli ko‘zuma suray.
Ketma, tur, tingla arzi holimni,
Arz etay holi purmalolimni.
Qani ul damki, sen eding yorim,
Munisim, hamdamim, madadkorim.
Sening og‘ushi iltifotingda
Rohat etmishdi jismi bemorim.
Meni behuda tashlading-ketding,
Nega o‘ldirmading-da, tark etding.
Kel, ayoqingg‘a qon bo‘lub to‘kulay,
Bir nafas dardi hajrdan qutulay.
Kel, go‘zal dilbarim, kel, sochingni
Bir taray, bir o‘pay-da, so‘ngra...
Meni behuda tashlading-ketding,
Nega o‘ldirmading-da, tark etding.
(1886-1938) Abdurauf Fitrat o‘zbek xalqi hayotida XX asr tongida boshlangan Yangi Milliy Uyg‘onish davri va uyg‘onish adabiyotining buyuk vakilidir. Fitrat o‘zbek adabiyotini istiqlol ruhidagi ajoyib she’rlar, publitsistik maqolalar, nasriy asarlar, dramalar hamda tilshunoslik va adabiyotshunoslikning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan teran tadqiqotlar bilan boyitdi.