Sahifa yuklanmoqda . . .
Kuz chog’i... tuproqlar gezarib qoldilar,
Gezarib qoldilar kuz chog’i tuproqlar.
So’ng damda yaproqlar qizorib yondilar,
Qizorib yondilar so’ng damda yaproqlar.
Qarg’alar bog’larda qag’lashib qoldilar,
Bilmadim, kimlarning qismati uzulur?
Yong’oqqa yopishib, bir changal soldilar,
Bilmadim, kimlarning umidi yo’q bo’lur?
Ey, sovuq ellardan muz kiyib kelg’onlar,
U qo’pol tushingiz qorlarda yo’q bo’lsin!
Ey, menim bog’imdan mevamni terg’onlar,
U qora boshingiz yerlarga ko’mulsin!
Bilmadim, kimlarning umidi yo’q bo’lur,
So’ng damda yaproqlar qizorib yondilar?
Bilmadim, kimlarning qismati uzulur,
Kuz chog’i... tuproqlar gezarib qoldilar?
1923
(1898-1938) XX asr tongining porloq yulduzi Cho’lpon she’riyat, nasr, dramaturgiya, tarjimachilik va maqolanavislikda samarali ijod etdi. Vatan ozodligi va millat mavqeini yuksaltirish g’oyalarini mardona, jasorat bilan tarannum etuvchi ijodi istiqlol davri hayotimizning manfaatlariga xizmat qilmoqda.