Sahifa yuklanmoqda . . .


"Sallamno" radifli g'azal

Olur har lahza yuz jon chashmi fattoningg‘a sallamno,

To’kar har damda ming qon tiyg’i mujgoningg‘a sallamno.

 

Jahon bozorida sindurdi yoqut-u guhar qadrin,

Durafshon nukta birla la’li xandoningg‘a sallamno.

 

Asir aylab kamandig‘a parishon ko‘nglum etdi jam,

Musalsal halqayi zulfi parishoningg‘a sallamno.

 

Yuzingdin zarracha partav yetishkach tiyra kulbamg‘a,

Yoritdi hajr shomin mehri raxshoningg‘a sallamno.

 

Sihi qadlarni qumri yanglig’ etdi ishqida nolon,

Nazokat bog’ida sarvi xiromoningg‘a sallamno.

 

Agar Ko‘rsa erdi Yusuf malohatlig’ jamolingni,

Der erdi sidq ila: «Ruxsori toboningg‘a sallamno».

 

Labing shirin takallumdin o‘lukni turgizib aylar,

Suxanvar to‘tioso shakkaristoningg‘a sallamno.

 

Chu ehson naqdini sochding jahong‘a ganji lutfingdin,

Bori xalq o‘ldi bandang naqdi ehsoningg‘a sallamno.

 

Riyo-u ujb birla bir suruk johilni, ey zohid,

Mute-yu muxlis etding, makr-u dastoningg‘a sallamno.

 

Urib dam g‘ayb sirridin ham etkung da’voyi imon,

Bu yanglig’ kufr birla turgan imoningg‘a sallamno.

 

Chekarsan, Ogahiy, tun-kun ul oy javr-u jafosini,

Bu qottig’ mehnat ichra chiqmag‘an joningg‘a sallamno.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 11-Yanvarda yuklangan

1624 marta ko'rildi

3 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
lahza jon chashm dam qon mujgon jahon bozor yoqut guhar la'li parishon ko'ngul zulf yuz zarra kulba hajr shom mehr qumri nazokat bog' sarv yusuf malohat jamol sidq lab ehson ganj lutf xalq banda johil zohid makr da'vo imon kufr tun kun oy javr jafo
Muallif
Muhammad Rizo Ogahiy

Muhammad Rizo Ogahiy

(1809-1874) Alisher Navoiydan keyin o’zbek adabiyoti tarixida ijodining ko’lamdorligi jihatidan birorta adib Ogahiy bilan bellasholmaydi. U yigirma ming misradan ortiqroq she’rlar, olti tarixiy asar, o’n to’qqiz tarjima asari qoldirgan. Uning «Ta’viz ul-oshiqin» («Oshiqlar tumori») devoni mashhurdir. Devonga o‘zbekcha she’rlar bilan birga fors-tojik tilida yaratilgan asarlari ham kiritilgan.

Batafsil


Yangi Yakpora g'azallar Muhammad Rizo Ogahiy Yakpora g'azallari Muhammad Rizo Ogahiy asarlari