Sahifa yuklanmoqda . . .
Mehnat-u alamlarga mubtalo Uvaysiyman,
Qayda dard eli bo‘lsa, oshno Uvaysiyman.
Istadim bu olamni, topmadim vafo ahlin,
Barchadin yumub ko‘zni muddao Uvaysiyman,
Uz diling taalluqdin, band qil xudo sori,
To degil kecha-kunduz: «Mosivo Uvaysiyman!»
Kechalar fig‘onimdin tinmadi kavokiblar,
Arz to samo uzra mojaro Uvaysiyman.
To ko‘rib xarobotin ta’na etma, ey zohid,
Bir nafas emas xoli iqtido Uvaysiyman.
Faqr borgohiga qo‘ysa gar qadam har kim,
Bosh agar kerak bo‘lsa, jon fido Uvaysiyman.
Vaysiy beriyozat deb sahl tutma, ey orif,
Ishq aro nihon dardi bedavo Uvaysiyman.
(1789/90-1850) Uvaysiy Qo'qon adabiy muhitining iste'dodli namoyandasi bo'lib, u Marg‘ilonning Childuxtaron mahallasida dunyoga kelgan. Uni Hojixon degan kishiga turmushga berishadi, biroq u Quyoshxon ismli qizi va Muhammadxon ismli o‘g‘li bilan juda yosh beva qoladi. Qadrdon bo‘lganligi uchun Nodira uni Qo‘qonga ko‘chirib olib keladi. Uvaysiy taxminan 65 yoshlarida Marg‘ilonda vafot etadi. Uvaysiy g‘azal, muxammas, musaddas, musamman, masnaviy, ruboiy, tuyuq, chiston, qit’a, mustazod kabi janrlarda ijod qilgan.