Sahifa yuklanmoqda . . .


Firoqnoma

Ohkim, behad menga javr-u jafo aylar falak,

Furqat ichra qismatim dard-u balo aylar falak,

Yordin ayru menga ko‘p mojaro aylar falak,

G‘am bila guldek yuzumni kahrabo aylar falak,

Bevafodur, oqibat kimga vafo aylar falak,

Hasrat-u dard-u alamga mubtalo aylar falak,

Yorni, albatta, yoridin judo aylar falak,

Gul bila bulbulni bebarg-u navo aylar falak,

Hech kim, yo Rab, jahonda yoridin ayrilmasun,

Jondin ortuq, mehribon dildoridin ayrilmasun.

 

Sabr qilsam ishq dardi beqaror aylar meni,

Kasbi hush etsam junun beixtiyor aylar meni,

Dam-badam faryodim eldin sharmisor aylar meni,

Hajr dog‘i dardmand-u dilfigor aylar meni,

O‘ylakim javri falak zor-u nizor aylar meni,

Yorsiz hijron balosig‘a duchor aylar meni,

Charxi dun tokay firoq ilgida zor aylar meni,

Oqibat bu dard-u g‘am Majnunshior aylar meni,

Hech kim, yo Rab, jahonda yoridin ayrilmasun,

Jondin ortuq, mehribon dildoridin ayrilmasun.

 

Yordin ayru ko‘nguldur tiyra-vu oshufta hol,

Oftobim necha kun bo‘ldiki, ko‘rguzmas jamol,

Furqat ichra badri tobon za’fidin bo‘ldi hilol,

G‘am yuki oxir alifdek qomatimni qildi dol,

Ey xush, ul soatki erdim mahrami bazmi visol,

Dardi hijron ibtilosin aylamas erdim xayol,

Ul zamon erdi bu nuqsonlar menga ayni kamol,

Boqdi ul sarvi ravon, men qolmisham behush-u lol,

Hech kim, yo Rab, jahonda yoridin ayrilmasun,

Jondin ortuq, mehribon dildoridin ayrilmasun.

 

Qaydasen, yorim, so‘rog‘ingda ko‘ngul ovoradur,

Kechalar to subh ashkim kavkabi sayyoradur,

Sarvi qaddingga ko‘zum mushtoqi bir nazzoradur,

Pirazoli charxkim, oshiqkush-u makkoradur,

Javru zulmidin yurakda benihoyat yoradur,

Emdikim sabr aylamakdin jaybi toqat poradur,

Yig‘lamay naylayki, g‘am jonimni o‘rtab boradur,

Chora topmay dardig‘a bu notavon bechoradur,

Hech kim, yo Rab, jahonda yoridin ayrilmasun,

Jondin ortuq, mehribon dildoridin ayrilmasun.

 

Bir kelib holimni sultonim tamosho qilmadi,

Bedavo dardimga rahm aylab, mudovo qilmadi,

Ayrilib andin ko‘ngul tarki tamanno qilmadi,

Toshbag‘irlik yor faryodimg‘a parvo qilmadi,

Yusuf ishqida bu ishlarni Zulayxo qilmadi,

O‘tti Vomiq dahrdin yodini Uzro qilmadi,

Motami Farhodni Shirin taqozo qilmadi,

Layli hijronida Majnun men kabi yoqilmadi,

Hech kim, yo Rab, jahonda yoridin ayrilmasun,

Jondin ortuq, mehribon dildoridin ayrilmasun.

 

Benavomen, qaydasen, ey shahriyori muhtaram?

Sharbati vaslingni topmay qon yutarman dam-badam,

Sarv yanglig‘ qomatimni bori mehnat qildi xam,

Menga sensiz dard uza dard-u alam uzra alam,

Sendin ayrilg‘och g‘izoli hush mendin qildi ram,

Dard — yor-u g‘ussa - hamdam, g‘am - farovon, aysh - kam

Bilmagan bo‘lsam visoling davlatini mug‘tanam,

Hajr etak ushlab, giribonimni mahkam tutti g‘am,

Hech kim, yo Rab, jahonda yoridin ayrilmasun,

Jondin ortuq, mehribon dildoridin ayrilmasun.

 

Nola qildim, yorning vasli muyassar bo‘lmadi,

Toleim rahbarlig‘ aylab, baxt yovar bo‘lmadi,

Vasl sori davlat-u iqbol rahbar bo‘lmadi,

Ko‘zlarim mehri jamolidin munavvar bo‘lmadi,

Menga hamdam bir kun ul xurshid manzar bo‘lmadi,

Bir nafas diydoridin jon bahraparvar bo‘lmadi,

Kimdur ul kim keldi dunyoga mukaddar bo‘lmadi,

Hajr dardidin parishonhol-u abtar bo‘lmadi,

Hech kim, yo Rab, jahonda yoridin ayrilmasun,

Jondin ortuq, mehribon dildoridin ayrilmasun.

 

Menga ul kunkim vafog‘a ahd-u paymon ayladi,

No‘shdoruyi labi dardimg‘a darmon ayladi,

So‘ngra qilg‘on va’dalarni barcha yolg‘on ayladi,

Yo magar ul ahd-u paymondin pushaymon ayladi,

Vasl xonidin nasibim dog‘i hijron ayladi,

Loladek bag‘rimni dog‘i furqati qon ayladi,

Xotiri jam’imni bu hasrat parishon ayladi,

Men qolib g‘urbatda, shohim azmi javlon ayladi,

Hech kim, yo Rab, jahonda yoridin ayrilmasun,

Jondin ortuq, mehribon dildoridin ayrilmasun.

 

Sen qilib azmi safar, men dard ila mahjurman,

Yod aylab lablaring sahbosini, maxmurman,

Vasling istab, ofiyat sarmanzilidin durman,

El gumon aylarki, bu davlat bilan masrurman,

Aylamasman saltanatni yorsiz manzur man,

Mug‘tanam bilmay visolingni agar mag‘rurman,

Emdi ko‘zgu aksidek hayratda nomaqdurman,

Qilmangiz man’i fig‘onim, yordin mahjurman,

Hech kim, yo Rab, jahonda yoridin ayrilmasun,

Jondin ortuq, mehribon dildoridin ayrilmasun.

 

Ey mug‘anniy, nag‘masoz et Komila guftoridin, -

Kim kelur bo‘yi vafo ushshoq aro ash’oridin,

Rishtayi jonimg‘a payvand ayla sozing toridin,

Qilmasunmu nola, ayrildi vafolig‘ yoridin,

Toshni suv qildi ta’siri fig‘on-u zoridin,

Nogahon bir oh agar cheksa dili afgoridin,

Charx bunyodini xokistar qilur osoridin,

Bo‘lmasun mahrum oshiq yorning diydoridin,

Hech kim, yo Rab, jahonda yoridin ayrilmasun,

Jondin ortuq, mehribon dildoridin ayrilmasun.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 09-Yanvarda yuklangan

320 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
firoq javr jafo falak furqat qismat dard balo yor mojaro g'am gul yuz vafo hasrat alam bulbul barg navo rab jahon jon mehr dildor sabr ishq ko'ngul junun faryod hajr o'y hijron fig'on majnun jamol xayol ashk sarv nodira komila
Muallif
Nodirabegim

Nodirabegim

(1792-1842) O‘zbek mumtoz adabiyotining yorqin yulduzlaridan biri Nodira XVIII asrning oxirgi choragida Andijon hokimi Rahmonqulibiy oilasida dunyoga kelgan. Asl ismi Mohlaroyimdir. Nodira, Maknuna va Komila taxalluslari bilan ijod qilgan. Nodira she’riyati qizg’in va hayajonli, boy va mazmundor, ayni paytda fojialar bilan to’la hayotining o’ziga xos sharhlaridan iborat. Bu she’riyatning bosh mavzusi ishqdir. Uning har bir satridan ishq hidi anqiydi.

Batafsil


Yangi Muashsharlar Nodirabegim Muashsharlari Nodirabegim asarlari