Sahifa yuklanmoqda . . .


Tanobchilar

Bo‘ldi taajjub qiziq hangomalar,

Arz etayin emdi yozib nomalar,

                                                 

Adl qulog’ila eshit holimi

Zulm qilur, baski, menga zolimi,

 

O‘n ikki oyda keladur bir tanob,

O‘zgalara rohat-u menga azob.

 

Sulton Ali Xo‘ja, Hakimjon ikav,

Biri xotun, birisi bo‘ldi kuyav.

 

Ikkalasi bo‘ldi chunon ittifoq,

Go‘yo xayol aylaki, (qilmay nifoq),

 

Osh yesalar o‘rtada sarson ilik,

Xo‘ja chirog’ yog’i, Hakimjon pilik.

 

Bir-birisiga solishurlar o’run,

Erta-yu kech o’pushib og’iz-burun.

 

Sallalari boshlarida oq savat,

Ko‘rpacha tagda hama vaqt uch qavat.

 

Birlari mo‘ltoninamo, hiylagar,

Birlaridur kunda pix-u gavda xar.

 

Og’izlari maqtanib o‘n besh qarish,

Mayda suxan, ezma (churuk), zanchalish.

 

Qaysiki qishloqqa tushar otidin,

Elni yig’ib, voqif etar zotidin.

 

Derki: «Ko‘zungga hali kal jojaman,

Maxdumi a’zamlik o‘zim Xo‘jaman.

 

Bizga bobo hazrati Shohlig’ mazor,

Muxlisimiz mardumi ahli diyor.

 

Ham yana Erxubbi bo‘lodur tag’o,

Ammamizning erlaridur Nurato.

 

Bibi Ubayda bo‘ladur xolamiz,

Goh kelur erdi kichik bolamiz.

 

Xizr otamlarga burodar erur,

Chimlig‘ azizlar menga dodar erur.

 

Garchiki men olim-u shayxi zamon,

Qirqingiza emdi beray bir qozon.

 

Manki tanobingg‘a chiqibman kelib,

Xizmatimi yaxshi qilinglar bilib.

 

O‘t qo‘yubon kuyduradurg’on o‘zim,

Hokiming-u o‘lduradurg’on o‘zim.

 

Xoh tanobingni du chandon qilay,

Xoh karam birla boshingni silay».

 

Xo‘ja so‘zini munga bermay qaror,

Mardumi sahroyi bo‘lur beqaror.

 

Derki Hakimjon: «Ayo oqsoqol,

Bizni topibsan magaramkim o’sol?»

 

«Hozir etib to‘rt nafar mardikor,

To’g’ri qil oldimga qilibon qator.

 

Arqonimi yeringa sudrab chiqay,

Bachchataloq qishloqilarni (uray),

 

Bir burayin mo’ylabimni chiqib,

Tort tanobini jazosi siqib!

 

Yaxshiligingni fuqaro bilmag‘ay,

Hali bular ko‘zga bizi ilmag‘ay.

 

Ikki tanobini qilay o‘n tanob,

Yurtingizi kuydurub aylay xarob.

 

Xoh o‘ling, xoh qoling, bachchag‘ar»,

Debki, uzanguga ayog’in tirar.

 

Bir-biriga qishloq eli boqishib,

Goh u yon, goh bu yon chopishib.

 

Jam bo‘lishib aylayubon maslahat.

–«Do’g‘mag‘a, –der, bir nima berib jo‘nat».

 

Aqcha qo‘lida iki-uch mo’ysafid

Derki: «Bu nazringiz-u, bizlar murid».

 

Zulm bilan ellig-u yuzni olur,

Boz tanobini duchandon solur.

 

Tag’i bular yaxshi-yu bizlar yomon,

El tamizidin hazar et, al’amon.

 

O‘zga yana g‘ussa budurkim, deyin,

Shunchaki bir qissa bulardin keyin;

 

Qo’shti Jalolxon degan o‘g‘lin manga,

Dedi: «Ruqum o’rgatadursiz siz anga».

 

Yukladi o‘g‘lini manga muxtasar,

Bu dag’i ortiqcha (menga dardisar)...

 

So‘zni, Muqimiy, kerak etmak tamom,

Mazzasi qolmas uzun o‘lsa kalom.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 11-Yanvarda yuklangan

4050 marta ko'rildi

4 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
hangoma arz noma adl quloq hol zulm zolim oy tanob azob rohat sulton ali xo'ja hakimjon xotun kuyav osh ilik yog' pilik salla savat ko'rpacha qavat shohlig' mozor erxubbi nurato bibi ubayda xizr taom
Muallif
Muhammad Aminxo'ja Muqimiy

Muhammad Aminxo'ja Muqimiy

(1850-1903) O‘zbek adabiyotining mashhur vakillaridan bo‘lgan Muqimiy o‘z ijodi bilan Chiqish adabiyotining eng yaxshi an’analarini davom ettirdi, ayni paytda, axborotlar oqimining kuchayishi hamda ijtimoiy hayotda kechayotgan o‘zgarishlarni adabiyotga olib kirib, uning yangilanishiga munosib hissa qo‘shdi. Muqimiy o‘z ijodiy maktabiga ega shoirdir.

Batafsil


Yangi Masnaviylar Muhammad Aminxo'ja Muqimiy Masnaviylari Muhammad Aminxo'ja Muqimiy asarlari