Sahifa yuklanmoqda . . .
Qilmag‘il zinhor izhor ehtiyoj, -
Kim aziz elni qilur xor ehtiyoj.
Hech kim olamda forig‘bol emas,
Har kim o‘z miqdoricha bor ehtiyoj.
Ganji husningni(ng) zakotin ber menga,
Sen g‘aniysan, menda bisyor ehtiyoj.
Ko‘zlarim aylar yuzingni orzu, -
Kim erur ko‘zguya diydor ehtiyoj.
Mustamand etti meni muhtojlik,
Qildi hojatmanding, ey yor, ehtiyoj.
Qil ravo, albatta, oshiq hojatin,
Boqmag‘il, arz etsa ag‘yor ehtiyoj.
Bir tarahhum zohir etsang, netgusi,
Qildi husningga meni zor ehtiyoj.
Yor vaslini tilarman, Nodira,
Ayladi ko‘nglimni afgor ehtiyoj.
Gar tilarsen obro‘ ahbob aro,
Aylama zinhor izhor ehtiyoj.
(1792-1842) O‘zbek mumtoz adabiyotining yorqin yulduzlaridan biri Nodira XVIII asrning oxirgi choragida Andijon hokimi Rahmonqulibiy oilasida dunyoga kelgan. Asl ismi Mohlaroyimdir. Nodira, Maknuna va Komila taxalluslari bilan ijod qilgan. Nodira she’riyati qizg’in va hayajonli, boy va mazmundor, ayni paytda fojialar bilan to’la hayotining o’ziga xos sharhlaridan iborat. Bu she’riyatning bosh mavzusi ishqdir. Uning har bir satridan ishq hidi anqiydi.