Sahifa yuklanmoqda . . .


Xating ishtiyoqin savod ayladim...

Xating ishtiyoqin savod ayladim,

Ko‘zumning qorasin midod ayladim.

Meni baski devona qildi g‘aming,

Junun ahlig‘a ittihod ayladim.

Ko‘rub tushda yuzingni beixtiyor,

Fig‘on chektim andog’ki, dod ayladim.

Rafiqim jigar xasta afgorlar,

Alar birla ahdi vidod ayladim.

Seni jud-u ehsona targ‘ib etib,

Xitobingni xayruljavod ayladim.

Murodimni sendin toparmanmu deb,

Xaloyiqqa sa’yi murod ayladim.

Visolingdin, ey jon, topolmay so‘rog ,

Nelar tushti boshimga sendin yirog’.

 

Xush ul kun, seni birla damsoz edim,

Niyoz ichra sarmoyayi noz edim.

Falakdin buyukroq edi rif’atim,

Ki vasling harimida mumtoz edim.

Muhayyo edi barcha saydi murod,

Ki sultonim ilgida shahboz edim.

Shab-u ro‘z yodingda erdi ko‘ngul,

Xayoling ila mahrami roz edim.

Ayog'ingg‘a boshim qo‘yib subh-u shom,

Sarafrozlarga sarafroz edim.

Visolingni bazmida shodob o‘lub,

Navo ahli birla navosoz edim.

Gul erdi yuzing, men ani shavqida,

Sahar andaliba hamovoz edim.

Visolingdin, ey jon, topolmay so‘rog’,

Nelar tushti boshimg‘a sendin yirog’.

 

Rizojo’man, ey dilsitonim, senga,

Na bo‘ldiki, yetmas fig‘onim senga.

Boshim poymolingdur, ey sarvi noz,

Fidodur bu oshufta jonim senga.

Firoqingda ashkim ravondur mudom,

Qachon vosil o‘lg‘ay ravonim senga.

Na darkor sensiz jahon birla jon,

Tasadduq bu jon-u jahonim senga?

Agar o‘lsam bu vodiyda, ey humoy,

G’izo bo‘lg’usi ustuxonim senga.

Qiron etti g‘am lashkari jonima,

Qilay arz sohibqironim senga.

Xayol ichra har yon nazar aylasam,

Boqar diydayi xunfishonim senga.

Visolingdin, ey jon, topolmay so‘rog’,

Nelar tushti boshimg‘a sendin yirog’.

 

Qayon bording, ey sarvi nozim mening,

Senga yetmas arzi niyozim mening.

Visolingga mag’rur edim necha kun,

Niyoz o‘ldi ul barcha nozim mening.

Fig‘onkim, topilganda saydi murod,

Havo ayladi shohbozim mening.

Firoq ilgida topmadim choraye,

Ki vasling edi chorasozim mening.

Jamolingdin ayru tushub kechalar,

Xayoling erur dilnavozim mening.

Senga e’tiqodim ko‘p-u sabrim oz,

Fidodur senga ko‘p-u ozim mening.

Kuyub, o‘rtanub sham suv bo‘ldi pok,

Asar qildi so‘z-u gudozim mening.

Visolingdin, ey jon, topolmay so‘rog’,

Nelar tushti boshimg‘a sendin yirog’.

 

Senga qaysi g‘amni bayon aylayin,

Necha oh tortib fig‘on aylayin.

Makoning sening qaysi manzildadur,

Ko‘zum yoshidin xat ravon aylayin.

Xayolingni ko‘ngulda hozir qilib,

G‘amimni senga doston aylayin.

O‘shal ahdi yolg‘on jafopeshasen,

Seni tobakay imtihon aylayin.

Judolik rumuzini izhoriga,

Qalamni tilin tarjimon aylayin.

Ko‘ngulni sururi jigar go‘shalar,

Bular shukrini hifzi jon aylayin.

Ko‘zum nurini ravshan et, ey xudo,

Tamoshoyi amn-u amon aylayin.

Visolingdin, ey jon, topolmay so‘rog’,

Nelar tushti boshimg‘a sendin yirog’.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 09-Yanvarda yuklangan

136 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
xat ishtiyoq savod ko'z qora devona g'am junun tush yuz ixtiyor fig'on dod rafiq jigar ahd ehson xitob xayr murod kun falak vasl mumtoz sulton yod ko'ngul xayol gul andalib bosh sarv fido ashk jon jahon diyda visol
Muallif
Nodirabegim

Nodirabegim

(1792-1842) O‘zbek mumtoz adabiyotining yorqin yulduzlaridan biri Nodira XVIII asrning oxirgi choragida Andijon hokimi Rahmonqulibiy oilasida dunyoga kelgan. Asl ismi Mohlaroyimdir. Nodira, Maknuna va Komila taxalluslari bilan ijod qilgan. Nodira she’riyati qizg’in va hayajonli, boy va mazmundor, ayni paytda fojialar bilan to’la hayotining o’ziga xos sharhlaridan iborat. Bu she’riyatning bosh mavzusi ishqdir. Uning har bir satridan ishq hidi anqiydi.

Batafsil


Yangi Tarje'bandlar Nodirabegim Tarje'bandlari Nodirabegim asarlari