Sahifa yuklanmoqda . . .

Iqbol Mirzo She'rlari

Iqbol Mirzo She'rlari - Aziz foydalanuvchi! Agar siz hayotning past-u baland yo'llari aro kezib, dunyoning sho'rishlaridan toliqqan bo'lsangiz, bizga qo'shiling va ko'ngingizni ezgu hislarga oshno eting! Ushbu to'plamdan o'zbek va jahon she'riyatining eng sara namunalari o'rin olgan bo'lib, ular sizni dunyo tashvishlarini bir on bo'lsa-da unutib, tafakkurning cheksiz osmonida parvoz qilmoqqa chorlaydi.

Salom bering va lekin Yaqiniga bormanglar. Assalomu alaykum, G‘iybatchilar, xormanglar! Erkaksifat xotinlar, Xotinsifat erkaklar. Xabari yo‘q o‘zidan, Ko‘ringanni ermaklar. To‘qiyvering gap-to‘rlar, O‘zingizdan ortmanglar. Assalomu alaykum, G‘iybatchilar, xormanglar! Pismiqlar, muloyimlar, Ay, siz irkit jo‘jalar, Ay, bekorchioyimlar, Ay, bekorchixo‘jalar! Menga qolsa barini Birma-bir bosar edim. Kattaroq bir asbobga Tilidan osar edim. Zamon ko‘tarmas lekin Mayli, yaqin bormanglar. Assalomu alaykum, G‘iybatchilar, xormanglar! 2005

1140
She'r
Iqbol Mirzo

Muhabbatsiz kechdi bu visol, Men murodsiz maqsadga yetdim. Tuni bilan yalindi ayol, Kelaman deb aldadim – ketdim. Yo‘lko‘rsatkich bo‘ldi xazonlar, Daydibadar yelga aylandim. O‘tdi oylar, o‘tdi zamonlar, Yana o‘sha menga aylandim. Yana bordim tilanib visol, Hasratimni aytdim- aytmadim. Meni itdek haydadi ayol, Men vafodor itdek... ketmadim.

586
She'r
Iqbol Mirzo

Sen chiroyli qiz eding, Sen chiroyli kularding. Sal xunukroq bo‘lsayding O‘zimniki bo‘larding. Men ketaman, gulg‘uncha, Qarab qolmagin, dedim. Men murodga yetguncha Qarib qolmagin, dedim. Visol nima, dedim men, Hijron kerak she’r uchun, Qiynoq kerak she’r uchun, Armon kerak she’r uchun.

1214
She'r
Iqbol Mirzo

Eski doridek quvvati ketgan – qadr... Ammo hayot hamon yangi – go‘zal, o‘g‘lim. Barmoqlaring ignadan ham ingichkadir, Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim. Derazadan nafasingni sezib turdim, Gunohlarim o‘ylab, ko‘nglim ezib turdim. Oq libosdan sendan battar bezib turdim, Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim. Tovonimdan sochimgacha uzun og‘riq, Og‘riq bormi chorasizlikdan ham ortiq. Senga qanday dard tegdiykin mendan ortib, Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim. G‘aribgina sochilmishdir o‘yinchoqlar, Beshik bo‘ynin siqayotir ko‘zmunchoqlar. Mittigina tuflichalar ham paypoqlar... Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim. Asli, o‘zim xastaholman, o‘zim dardmand, Faqatgina dilimda bu kasal, o‘g‘lim. Sen sog‘aysang, men ham balki tuzalarman, Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim. 1999

326
She'r
Iqbol Mirzo

Daralarga qamab qo‘yib bo‘ronlarni, Tinchlantirsam yurakdagi suronlarni. Bir erkalab, bo‘yin to‘ksam rayhonlarning, Huzuringga men o‘zimni keltursaydim, Ko‘zlaringga termulsaydim, termulsaydim. Umr tushdek izsiz, shitob o‘tayotir, Umidimni yanchib, mutab o‘tayotir. Oy iqida shoshqin oftob o‘tayotir, Shul hajrni men vaslga yetkursaydim, Ko‘zlaringga termulsaydim, termulsaydim. Ehromlar ham bir kun turob bo‘lar ekan, Koinot ham to‘zg‘ib, xarob bo‘lar ekan. Faqat sevgi mangu va sof bo‘lar ekan, Bilganimni endi senga bildirsaydim, Ko‘zlaringga termulsaydim, termulsaydim. Ko‘z yoshlarim, shoshilmangiz, ketmang toshib, Qon yurakka malham bo‘lar sho‘r ko‘z yoshi. Quvonchlardan kechib, qayg‘ulardan qochib, She’rlar aytib, yig‘latsaydim, kuldirsaydim, Ko‘zlaringga termulsaydim, termulsaydim. Aytgil, hamon bormi shirin arazlaring? Salomatmi orzularing, havaslaring. Qulog‘imdan ketgani yo‘q nafaslaring... Seni yana bir ko‘rishga ulgursaydim, Ko‘zlaringga termulsaydim, termulsaydim. 1997

1095
She'r
Iqbol Mirzo

Hilviroq kitobni zarb bilan yopdim, Ko‘hna bo‘y urilib buzdi ko‘nglimni. Xazon to‘shagidan bir gavhar topdim: Visol – muhabbatning go‘zal o‘limi. Bulutlar uchrashdi chaqmoqlar otib, Chaqmoq – sog‘inchlarning oydin gulimi? Yomg‘ir shivirladi to‘kilayotib: Visol – muhabbatning go‘zal o‘limi. Daryo quchog‘ida tosh qotgan toshlar, Eshitib zerikkan sevgi o‘lanin. Daryo to‘rt tomonga o‘zini tashlar: Visol – muhabbatning go‘zal o‘limi. Yolg‘izim, bizlarni siyladi taqdir, Ming usulda to‘sdi borar yo‘limni. Sevgimiz bezavol yashaydi, axir – Visol – muhabbatning go‘zal o‘limi. 1997

327
She'r
Iqbol Mirzo

Yo‘g‘-u borimga bois borliqsan, sevgi, Yagona yordan yolg‘iz yorliqsan, sevgi. Yuragimni tars yorgan lazzatsan, lazzat, Ongimdagi abadiy og‘riqsan, sevgi. Kapalak chang chalganda sochilgan changsan, Chumoli torta kelgan tortiqsan, sevgi. Momo Havo to‘ymagan havosan, harir, Odam Ato so‘ymagan jonliqsan, sevgi. Cho‘kayotib tutganim xassan, men uchun – Sevgilimdan ming karra ortiqsan, sevgi. 1995

437
She'r
Iqbol Mirzo

Metroda sayr qilib yurmaydi hech kim, Birov ishdan qaytar, birov sayrdan. Kimdir hamrohlarin kuzatadi jim, Kimdir ro‘znomani ikki ayirgan. Men ham qaytayotgan edim uyimga, Yumushlardan tolib, xayolga tolib. Bekatdan sen chiqding oppoq quyunday, Ko‘nglimga chirpirak g‘alayon solib. Go‘yo tanimading. Tutqichni tutib, Ma’yus jilmaygancha tolding xayolga. Turgim, borgim keldi. Elni unutib, Seni ko‘mgim keldi ming bir savolga.

377
She'r
Iqbol Mirzo

Men na qilay, harna qilsa, qildi taqdir, Ikki nuqta aro jismim muallaqdir. Ikki yoqqa boqar bo‘ldim lol-u hayron: Birisining ismi – zamin, biri – osmon. Qay bir kecha hilolga may quyib ichdim, Ko‘zim yumib, ikki qizdan birin quchdim. Endi, kimni tanladim, deb jonim halak: Birisining ismi – shayton, biri – malak.

685
She'r
Iqbol Mirzo

Bu yerdan oh urib o‘tgan Go‘ro‘g‘li, Bu yerdan ot surib o‘tgandir Namoz, Bu yerga qismatning uchta zo‘r o‘g‘li Piyoz ekyapmiz, piyoz! «Qarg‘ish tekkan yer bu!» – degan Xudoyor. Faqat oy tunlari chodirin tikkan, Faqat biz – uch og‘a-ini har bahor Piyoz ekkanimiz ekkan. Tirik-chilik... O‘zingizga ma’lum buyog‘i. Rizqi ro‘z degani – titilgan to‘rva. Do‘konda falon pul paxta yog‘i... Piyoz bo‘lsa, qozonda sho‘rva.

239
She'r
Iqbol Mirzo

O‘shanda (oq osmon, qo‘ng‘ir yer guvoh...) Ismimni bilardi qayrag‘och bargi. Yuragim tomida yotgan qizg‘aldoq Kapalak haqida qo‘shiq aytardi. O‘shanda o‘zim ham olov edim-da, Tushovini uzgan toyga o‘xshardim, Akamning choponin ilib egnimga Qirda quyun bilan kurash tushardim. O‘shanda jilg‘alar chuchuk til bilan – Erkalab, toshlarning boshin silardi. Chig‘anoqlar esa suyuq dil bilan Toshning kovagida achchiq yig‘lardi.

334
She'r
Iqbol Mirzo

Uch bora aylandi ajal qamchisi, Uchta yulduzimni falakdan uzib, Bugun jigarimda uchta tig‘ izi, Shavkat Rahmon, Oxun, Muhammad Yusuf. Birovi shamshirday to‘g‘ri zot edi, Biri erkatoyi she’riyat bog‘in. Birisiga mayda gaplar yot edi, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf, Oxun. Nazar yomon ekan, suq yomon ekan, Bir ariqdan suv ichib, birga o‘sib, Ko‘p ekan-da joningga ko‘zin tikkan... Shavkat Rahmon, Oxun, Muhammad Yusuf.

284
She'r
Iqbol Mirzo

Fuzuliy lutf etib ketgan bir zamon, Go‘zallar vafosiz, aldoqchi dedim. Yoningda qolishga yo‘q edi imkon,  Men sening yodingda qolmoqchi edim. Negadir istardim qiynalishingni, Yuragingga kamand solmoqchi edim. Onangga aytolmay qolsang tushingni... Men sening yodingda qolmoqchi edim.

767
She'r
Iqbol Mirzo

Uzun bo‘lib yotar charchagan ko‘cha, Ko‘ngilni g‘ash qilar kunduzgi chiroq. Epkinda ming turli qog‘ozlar ko‘char Va yerga yopishar yana erinchoq. Ahyonda jimlikni buzar tramvay, Horg‘in sudrab o‘tar bo‘m-bo‘sh qutini. Karaxt ko‘cha bo‘ylab aylanar tinmay Kechagi shodlikning oppoq tutuni.

218
She'r
Iqbol Mirzo

Qor zarrasin tutib qololmas nigoh, Goh zarra nigohdan bag‘rim tilindi. Qor yog‘sin – yopilsin izlaring, gunoh. Yangi yil, yaxshi yil bo‘lib kel endi. Qormi – kul ostida miltiraydi cho‘g‘, Ketganlar jon uzib ketmaganlar, yo‘q!  Senga yetganlar bor, yetmaganlar yo‘q, Yangi yil, yaxshi yil bo‘lib kel endi.

316
She'r
Iqbol Mirzo

Ey qaldirg‘och qoshligim, Kel, ahdimiz bir bo‘lsin. Uchta odam bilgan gap Qanday qilib sir bo‘lsin? Tilla uzukka tilla Ko‘z bo‘lmaydi hech qachon. Qiz bolaga qiz bola Do‘st bo‘lmaydi hech qachon.

893
She'r
Iqbol Mirzo

«Zulfiyaga qarama, Naq enangni ko‘rasan! Meni yaxshi ko‘radi, So‘ra, kimdan so‘rasang!» Kaltak yerdi Abdulla, Kaltak yeb ham qaytmasdi. – Ol-e, o‘sha Zulpini, Kerakmas! – deb aytmasdi.

697
She'r
Iqbol Mirzo

Nima qildim koyib, taqdirdan nolib, Bu savdolar qondan o‘tgan, afsuski. Do‘stlar ohang to‘la yuragim qolib Eshigimga quloq tutgan, afsuski. Afsuski, halvoga do‘nmas g‘o‘ralar, Toychoqqa yo‘l bermas qari yo‘rg‘alar. Bedilning ko‘zlarin ko‘rgan qarg‘alar Chorbog‘imda tuproq titgan, afsuski.

382
She'r
Iqbol Mirzo

Boshing egib, ta’zim ayla, shukrona ayt, Seni guldek erkalagan chaman uchun. Osmonlarda yurgan bo‘lsang, tuproqqa qayt, Aytgil, do‘stim, nima qildik Vatan uchun? Ko‘zi qora, yuragi oq shu el uchun, Tuproq uchun, shu yurt uchun, chaman uchun, Ulug‘ inson boshlab bergan shu yo‘l uchun, Aytgil, do‘stim, nima qildik Vatan uchun?

12323
She'r
Iqbol Mirzo

Egasiz va oyoqosti yo‘lmas o‘zbek, Xohlagan suv oladigan ko‘lmas o‘zbek. Dong taratgan va o‘ziga qaratgan el, Hech qachon hech kimga qaram bo‘lmas o‘zbek. Vatangado, yurtfurushlar anglamaslar, Oltinday sof hikmatlar hech zanglamaslar. Ona hamda Vatanni-ku tanlamaslar, Hech qachon hech kimga qaram bo‘lmas o‘zbek.

902
She'r
Iqbol Mirzo

Avliyolar, daholarning beshigisan, Naqshbandlar topgan jannat eshigisan. Tiriklikning navosi ham qo‘shig‘isan – Sen azizsan, muqaddassan, ey sajdagoh, O‘zbekiston, ota makon, ona tuproq!

2436
She'r
Iqbol Mirzo

Olisdagi  mahmadana,  eski olchoq, Menga qadam tashlamoqni o‘rgatmagin! O‘zingga boq,  keyin  mayli nog‘ora qoq, Menga qanday yashamoqni o‘rgatmagin! Tinchlikni deb yurak bag‘ri kuyik el bu, Yaratganning qoshida eng suyuk el bu! O‘tmishi  ham,  ertasi  ham  buyuk el  bu, Menga qanday yashamoqni o‘rgatmagin!

1072
She'r
Iqbol Mirzo

Muhabbat, bu – yalt etgan nigoh Va halovat abas, degani. Muhabbat, bu – o‘zingni sevmoq Va o‘zgaga havas, degani. Hayot isi kelar ismidan, Hayotingni kessa-da zimdan, Muhabbat, bu – kuy to‘la zindon, Atirguldan qafas, degani.

543
She'r
Iqbol Mirzo

Goho sizning borligingiz unutdim, Yo‘llarimda zorligingiz unutdim. Umidlari kesilgan bu dunyoda Yolg‘iz umidvorligingiz unutdim.       G‘animatim, omonatim – onajon.

3515
She'r
Iqbol Mirzo