Sahifa yuklanmoqda . . .
Muhabbatsiz kechdi bu visol,
Men murodsiz maqsadga yetdim.
Tuni bilan yalindi ayol,
Kelaman deb aldadim – ketdim.
Yo‘lko‘rsatkich bo‘ldi xazonlar,
Daydibadar yelga aylandim.
O‘tdi oylar, o‘tdi zamonlar,
Yana o‘sha menga aylandim.
Yana bordim tilanib visol,
Hasratimni aytdim- aytmadim.
Meni itdek haydadi ayol,
Men vafodor itdek... ketmadim.
Tashna edim, ichim yonardi,
Loyqa bo‘lsin, suv kerak edi.
Shu kech faqat uni xohlardim,
Menga faqat u kerak edi.
U baribir qilmadi shafqat,
Qulflab oldi darbozasini.
Yulduzlarni quchguncha shafaq
Poylab yotdim ostonasini.
Tongda so‘kdim, bo‘ralab rosa,
Qasam ichib, qaytdim ortimga.
Bugun kimdir, farishta, desa,
O‘sha ayol kelar yodimga.
1994
Iqbol Mirzo (Iqboljon Mirzaaliev) 1967 yil, 1 mayda Farg'ona viloyati, Bag'dod tumaniga qarashli Qo'shtegirmon qishlog'ida tug'ilgan. O'zbekiston halq shoiri (2005). «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1999).