Sahifa yuklanmoqda . . .
Sen chiroyli qiz eding,
Sen chiroyli kularding.
Sal xunukroq bo‘lsayding
O‘zimniki bo‘larding.
Men ketaman, gulg‘uncha,
Qarab qolmagin, dedim.
Men murodga yetguncha
Qarib qolmagin, dedim.
Visol nima, dedim men,
Hijron kerak she’r uchun,
Qiynoq kerak she’r uchun,
Armon kerak she’r uchun.
Qattiq boqding so‘nggi payt,
Labing titradi lekin:
«Yaxshi ko‘rasanmi, ayt,
Yaxshi ko‘raman, degin!»
O‘yin qildim, ko‘nglingni
Kapalakdek haydadim.
Sendan topgan so‘zimni
Chaynab yutdim, aytmadim.
Xayr, qishloq, men ketdim
Orzuli ko‘nglim bilan,
Sevgim ko‘zin berkitdim
Qalamli qo‘lim bilan.
Atay qildim hammasin,
Atay seni kuydirdim.
Ochildi she’r sahnasi –
Bari yolg‘on, uydirma.
Bilib turib kechdim men
Eng chiroyli olamdan.
Arosatga tushdim men –
Na shoir, na odamman.
Qalbqozon qaynay-qaynay,
Quyuldi, cho‘kdi sekin:
«Yaxshi ko‘rasanmi, ayt,
Yaxshi ko‘raman, degin!»
Umr ketgani sari
Yo‘qliging seziladi.
Seni o‘ylab tunlari
Yuragim eziladi.
Uyimga keldi boylik,
Yetakladi omadim.
Ammo sendan chiroyli
Va g‘amgin she’r topmadim.
Men kim edim, ne uchun
Shuncha yo‘lim qarading?
Xazon bo‘lding men uchun,
Meni kutib qariding?
Salom, qishloq, men keldim
Alamli ko‘nglim bilan.
Yonimda xushnud kelin,
Erkatoy o‘g‘lim bilan.
Oqshom payti ko‘chadan
Bir tovushni ilg‘adim,
Turib oyoq uchida
Yurak yutib, tingladim.
Kimdir mening o‘g‘limni
Erkalardi, suyardi.
Mittigina qo‘lini
O‘pib-o‘pib qo‘yardi.
Bir gap so‘rardi tinmay,
Javob kutmasdi lekin:
«Yaxshi ko‘rasanmi, ayt,
Yaxshi ko‘raman, degin!»
1995
Iqbol Mirzo (Iqboljon Mirzaaliev) 1967 yil, 1 mayda Farg'ona viloyati, Bag'dod tumaniga qarashli Qo'shtegirmon qishlog'ida tug'ilgan. O'zbekiston halq shoiri (2005). «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1999).