Sahifa yuklanmoqda . . .
Men na qilay, harna qilsa, qildi taqdir,
Ikki nuqta aro jismim muallaqdir.
Ikki yoqqa boqar bo‘ldim lol-u hayron:
Birisining ismi – zamin, biri – osmon.
Qay bir kecha hilolga may quyib ichdim,
Ko‘zim yumib, ikki qizdan birin quchdim.
Endi, kimni tanladim, deb jonim halak:
Birisining ismi – shayton, biri – malak.
Qaldirg‘ochdek ikki joyda manzilim bor,
Yo‘l qaragan otam, onam va singlim bor.
Bu kuzdayam qaytolmadim, qandoq qushman?..
Birisining ismi – Bag‘dod, biri – Toshkan.
Garchi umrim chizgilari oddiy emas,
Lekin do‘st-u dushmanlarim jiddiy emas.
Bir do‘st-u bir dushmanim bor – o‘zim tengi:
Birisining ismi she’rdir, biri – sevgi.
Ne qilaylik, harna qilsa qilar taqdir,
Bu dayr aro sayrimiz ham muvaqqatdir.
Ikki qayiq boshin tutgan bo‘lar nobud:
Birisining ismi – beshik, biri – tobut.
1994
Iqbol Mirzo (Iqboljon Mirzaaliev) 1967 yil, 1 mayda Farg'ona viloyati, Bag'dod tumaniga qarashli Qo'shtegirmon qishlog'ida tug'ilgan. O'zbekiston halq shoiri (2005). «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1999).