Sahifa yuklanmoqda . . .
Qor zarrasin tutib qololmas nigoh,
Goh zarra nigohdan bag‘rim tilindi.
Qor yog‘sin – yopilsin izlaring, gunoh.
Yangi yil, yaxshi yil bo‘lib kel endi.
Qormi – kul ostida miltiraydi cho‘g‘,
Ketganlar jon uzib ketmaganlar, yo‘q!
Senga yetganlar bor, yetmaganlar yo‘q,
Yangi yil, yaxshi yil bo‘lib kel endi.
Dehqonning uyini to‘ldir bug‘doyga,
Sabr ber miskinga, insof ber boyga.
Tinchlik, ko‘nglito‘qlik shoh-u gadoyga,
Yangi yil, yaxshi yil bo‘lib kel endi.
Qirq yilda bir yigit kelar olamga,
Yigit yuragimni ko‘mma alamga.
Yana qirq yil xizmat qilay onamga
Yangi yil, yaxshi yil bo‘lib kel endi.
Archajon, yumshatgil ignalaringni,
Kel, tashla, araz-u ginalaringni.
Ko‘kka chiqay bosib zinalaringni,
Yangi yil, yaxshi yil bo‘lib kel endi.
Ko‘k toqiga hilolchiroq ilindi,
Yorug‘ g‘ussalarga oshno dil endi.
Kipriklar ham oppoq atirgul endi,
Yangi yil, yaxshi yil bo‘lib kel endi.
2006
Iqbol Mirzo (Iqboljon Mirzaaliev) 1967 yil, 1 mayda Farg'ona viloyati, Bag'dod tumaniga qarashli Qo'shtegirmon qishlog'ida tug'ilgan. O'zbekiston halq shoiri (2005). «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1999).